Tabiiy toshlar fakturasi. Tog‘ jinslari qazib olingach, ularga texnologik ishlov beriladi va ulardan turli tosh buyumlari tayyorlanadi. Tabiiy pardozbop toshlar ikki bosqichda olinadi:
tosh bloklaridan yarimfabrikatlar tayyorlash;
tabiiy toshlar yuzasini talab darajasida sayqallash.
Birinchi bosqichda — tog‘ jinslaridan (qayta ishlash natijasida) turli shakldagi, o‘lchamdagi va profilli pardozbop buyumlar tayyorlanadi.
Ikkinchi bosqichda — mashina va mexanizmlar yordamida nuqtali, g‘adir-budir, chiziq-chiziq va boshqa ko‘rinishdagi fakturalar beriladi, silliqlanadi (3.3-jadval).
3.3-jadval Tosh plita va buyumlarning yuza qismidagi fakturalar Hozirgi kunda toshlarga ishlov berishning yangi usullari — ultratovush va issiqlik ta’sirida kesish keng qo‘llanilmoqda. Shuningdek, asosan turli abrazivlar bilan tosh kesuvchi stanok-lardan foydalanilmoqda.
Silliqlangan va yaltiratilgan fakturali pardozbop toshlar katta zichlikka va mustahkamlikka, kristall tuzilishga ega bo‘lgan otqindi tog‘ jinslaridan olinadi.
Pardozbop toshlar disk shaklidagi arrali stanoklarda 6 mm gacha qalinlikda olinadi. Shu usul bilan turli shakldagi me’moriy buyumlarning ustun qismlari, vaza, karniz, zinapoya elementlari va shu kabilar olinishi mumkin.
Bunda toshlarga kesilgandan keyin maxsus silliqlovchi mashinalar yordamida qayta ishlov beriladi. Agar qayta ishlash jarayonida mayda o‘lchamli abrazivlar ishlatilsa, silliqlanayotgan yuzaning tabiiy rangi yaxshi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bunday holat, asosan, granit, labradorit va rangli marmarlarni qayta ishlanganda ko‘zga yaqqol ko‘rinadi. Umuman, silliqlangan buyumlarda tabiiy tosh teksturasi aniq ko‘rinishi lozim.
Bino va inshootlarni pardozlashda turli fakturali toshlar ishlatiladi (3.9-rasm). Masalan, binoning sokol qis- mini qoya ko‘rinishidagi fakturali toshlar bilan pardozlansa, devor qismi to‘q rangdagi fakturaga ega bo‘lgan toshlar bilan pardozlanadi.
Qattiq jinslardan tayyorlangan donali buyumlarni arralash, yo‘nish, silliqlash yoki ularning sirtini yaltira- tish mumkin. Notekis sirt — «qoya» yoki «po‘stin» ko‘rinishida, yo‘nilgan sirt esa taralgan bir tekis parallel ariqchalar o‘yig‘i ko‘rinishida bo‘ladi.
Tabiiy tosh ashyolari bir necha xil usullar yordamida qayta ishlanadi (3.10-rasm). Jumladan, tosh yuzasini xomaki ishlash (xarsang tosh, tosh bo‘laklari, chaqilgan tosh, shag‘al va qum); tabiiy tosh taxtani taram-taram qilib yo‘nish; to‘g‘ri shakldagi tosh buyumlari va bloklari (devorbop) va toshtaxtalarni har xil tasvirda tarashlash va silliqlash (qoplama va polbop toshtaxtalar); uzun toshtaxtalar (zinapoya, tokchabop, tutqich, ustun osti va h.k.), yo‘l qurilishibop tosh buyumlarini (yo‘l chekkasibop buyum, chor qirrali yo‘lbop tosh, yo‘lkabop har xil shakldagi tosh) ishlash. Tabiiy tosh ashyolari va buyumlarni arralash (devorbop toshlar va bloklar, qoplama va polbop toshtaxta) va yo‘nish (yo‘l chekkasibop toshlar va h.k.) usuli bilan ham ishlanadi. Bir xil rangdagi toshtaxta yuzasiga gul yoki bezaklar berishda tosh yo‘nuvchi asboblar yordamida zarb urish usuli ishlatiladi va har xil tasvirdagi toshtaxtalar ishlab chiqariladi. Tasviri g‘adir-budir yuzaning baland qismi 2 mm gacha, o‘zaro parallel yo‘nilgan yuza chuqurligi 0,5—1 mm, nuqtali notekis yuzadagi chuqurcha o‘lchami 0,5—2 mm bo‘lishi kerak. Silliqlash usuli bilan tabiiy xarsangtosh arralanadi, frezalanadi, silliqlanadi, undan keyin yaltirlatiladi. Marmar, ohaktosh va boshqa zich tabiiy toshlarni arralash uchun uskunaga o‘rnatilgan eng qattiq temirdan ishlangan arralardan foydalaniladi.
Olmos keskichli arra ishlatilganda, uning tezligi karborundligi nisbatan 5—10 marta oshadi, elektr energiya xarajati 2—2,5 marta kamayadi, tayyor mahsulotning sifati yaxshilanadi. Bunda, xomashyo xarajati 12—18 mm ga kamayadi, toshtaxta qalinligini esa 5—10 mm gacha kamaytirish mumkin bo‘ladi.
Toshtaxtalarni silliqlash va yaltiratish ishlari aylanadigan lappak bilan uning yuzasi bo‘ylab yuradi. Buning uchun zarrachali korund yoki olmos changi bilan toshtaxta yuzasi ishqalanadi. Keyin tosh yuzasi silliq va qo‘ng‘ir rangli bo‘ladi. Yaltiratish uchun lappak maxsus temir oksidli (xrom, qalay, temir va h.k.) quyqa yoki kukun surtilgan kigiz yoki namatga o‘raladi, keyin toshtaxta yuzasi katta aylanma tezlikda oynadek yaltiraguncha artiladi.
Devorlar sirtini qoplashda tabiiy muhitga chidamli pardozbop otqindi tog‘ jinslaridan granit, siyenit, gabbro va zich ohaktoshlar ishlatiladi. Devor sirtini qoplashda uning pardozini va ishlash sharoitini hisobga olib tabiiy tosh turlarini to‘g‘ri tanlash zarur. Masalan, bino poydevorini qoplashda ob-havo va sovuqqa chidamliligi yuqori bo‘lgan pardozbop tabiiy tosh ishlatiladi. Devor sirtini qoplashda esa, ob-havo va sovuqqa chidamliligi nisbatan past bo‘lgan pardozbop toshlarni ishlatsa ham bo‘ladi. Bino ichini qoplashda pardozbop marmar, ohaktosh va shu kabilardan tayyorlangan g‘ovak toshtaxta ishlatiladi. Akustik xususiyatlari yaxshi bo‘lgan serg‘ovak tog‘ jinslari teatrlar, konsert zallari va shunga o‘xshash inshootlarning devorlarini qoplash uchun ishlatiladi.
Polbop qurilish ashyolari sifatida qattiq va ishqalanishga chidamliligi yuqori bo‘lgan tog‘ jinslaridan tayyorlangan toshtaxta ishlatiladi. Devor sirtini qoplovchi marmar plitkalar qalinligi 10...20 mm, eni 400 mm va uzunligi 800 mm o‘lchamda tayyorlanadi.
Devorbop toshlarni tayyorlashda hozirgi vaqtda zamonaviy olmosli disk va olmosli arralar keng qo‘llanilmoqda (3.11-rasm).
Bunda, juda kichik qalinlikdagi yuzasi yaltiroq toshtaxtalar olish mumkin. Bunday toshtaxtalarning narxi odatdagi qalinrog‘idan ancha arzon bo‘ladi.