Oila va nikohning paydo bo’lishiga sababchi omillardan biri, ayniqsa, bizning sharoitimizda, farzand tug’ilishidir. Farzandsiz er-xotin aloqalarini, umuman oilaviy munosabatlarini tasavvur qilish mushkul. Ilmiy manbalar tarixan insoniyat ota-ona va farzandlar munosabatlari o’ziga xos bosqichlar va rivojlanish qonuniyatlarini boshidan kechirganligidan guvohlik beradi. Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, zamonlar osha ota-onaning bolaga nisbatan xususiy mulkday qarab, uning ustidan hukmronlik qilishi borgan sari farzand ehtiyojlari bilan hisoblashish, uning barcha istaklarini bajo keltirib, unga cheksiz g’amxo’rlik ko’rsatishgacha bo’lgan munosabatlarga aylangan. Ota-ona – bola munosabatlarini agar tarixiy davrlarga bo’ladigan bo’lsak, ota-onaning bolaga yondoshuv usullari bo’yicha qator bosqichlarni boshdan kechirganligini ko’rish mumkin.
Olimlarning tavsiflashicha, antik davrlarda erkak va ayol aloqalari oqibatida farzand tug’ilsa, unga deyarli befarq qarash, ya’ni, infantisid munosabat kuzatilgan, bunday munosabat mohiyatan shafqatsizlikka asoslangan bo’lib, bolani dunyoga keltirganlar uchun uning nasl-nasabi, taqdiri unchalik ahamiyatli bo’lmagan. Yangi asrga kelib, bu munosabatlar tubdan o’zgargan, odam zotida egoizm, o’ziga tegishli narsaga nisbatan egalik hissining takomillashib borishi o’zidan bo’lgan zurriyodga nisbatan munosabatlarda ham o’z aksini topgan.
Mulkchilik shakllarining o’zgarishi, turmush tarzi qadriyatlariga monand kattalarning bolaga nisbatan his-kechinmalari ham o’zgarib borgan. Masalan, XIX asrning boshlari XX asrlarning o’rtalariga kelib, ota-onalar farzandlarining jamiyatda tutajak o’rinlari, ularning ijtimoiylashuviga alohida e’tibor bera boshlaganlar. Keyingi davrlar esa kattalarning kichiklar taqdiriga befarq emasligi, ularni qo’llab-quvvatlash, rivojlanishiga ko’maklashishning ahamiyatini anglash davri bo’lgan. Bu an’ana deyarli bizning davrimizda ham davom etib kelmoqdaki, endilikda tug’ilgan bolaga e’tibor oilaning barcha qadriyatlaridan ustun ham keladi. Lekin bunday g’amxo’rlik psixologiyasi ham madaniy-tarixiy o’ziga xoslikka ega. Masalan, ayrim xalqlar (aksariyat Evropa xalqlari) bolaga u kichikligida juda katta mehr va g’amxo’rlik ko’rsatadi, taxminan o’smirlik davridan boshlab, uning erkinligi tan olinadi va ota-ona tomonidan beriladigan tarbiya uslublari o’zgartirilib, unga kattalarcha munosabatlar barqarorlashadi. Boshqa bir madaniy-etnik hududlarda, aksincha, farzand balog’atga etgani sari ota-onaning unga e’tibori kuchayadi. Masalan, Osiyo xalqlari, xususan, o’zbeklarda ham oila kattaligi va serfarzandligi bois, bolalarning kichik yoshdagi rivojlanish xususiyatlariga tabiiy holatday qarab, juda katta qayg’urish bilan uning ma’naviy, ruhiy rivojlanishiga e’tibor qaratilmaydi. Lekin qiz bola balog’atga etib, ko’rkamlashib borgani sari, o’g’il bolaning qo’lidan ish kelib, qatorga qo’shilgani sari, ota-onada ulardan g’ururlanish, taqdiriga kuyunish, g’amxo’rlik ko’rsatish ham ortib boradi. Bunday g’amxo’rlik shu qadarki, uylangan o’g’ilning qadam bosishlarini ham hamon ota-ona nazorat qilaveradi, bu ba’zan, qaynona-kelin munosabatlarida, yoki ota-o’g’il munosabatlarida tarangliklarni, nizolarni keltirib chiqaradi.
Yuqorida qayd etilgan davrlarda tabiiy, ota-ona farzandlarini tug’ish, tarbiya qilish va jamiyatga tayyorlashda o’ziga xos metodlarni qo’llagan. Boshida o’zidan ajratishni, hayotga tayyorlashni ham bilmagan ota-ona bora-bora bolani jamiyatda ijtimoiylashuviga ahamiyat beradigan, shu jarayonga yordam beradigan bo’lib borgan, ota-onadagi egoizm bolalardagiga aylanib borganki, hozirgi davrda ko’pgina ota-onalar farzandlarining faqat o’zini o’ylashi, ota-onani tushunmasligidan noliydigan ham bo’lib qolgan. Lekin aslida tarixiy rivojlanish tendensiyalariga e’tibor berilsa, bunga faqat ota-onalarning o’zlari aybdordirlar.
Oilada farzand tug’ilishi, uning soni va tarbiya berish imkoniyatlari masalasi har doim ham dolzarb bo’lgan. Lekin ayrim G’arb davlatlarida, jumladan, Rossiyada oilada bola sonining keskin kamayib ketishi munosabati bilan er-xotinning reproduktiv huquqi, madaniyati va xulqi masalasi ayni davrda o’ta dolzarb masaladir. Rus olimi S.P.Kapisaning (1999) pessimistik bashoratiga ko’ra, Rossiyada 1995–2025 yillar oralig’ida tug’ilishning kamayishi 2 mln.dan (optimistik bashorat) 32 mln.gacha tushib (pessimistik bashorat) ketadi, bu raqamga 1995 yilgi 147,9 mln. aholi soni asos qilib olingan. Shuning uchun jahon olimlari, Xalqaro aholishunoslik jamg’armalari (jumladan, YuNFPA, YuNISEF) oilada sog’lom bola tug’ilishi siyosati orqali Er yuzining turli mintaqalarida reproduktiv xulqni muvofiqlashtirish masalasiga alohida e’tibor berib, konkret tadqiqotlar o’tkazmoqda. Bundagi asosiy muammo – onaning reproduktiv xulqini boshqarish va muvofiqlashtirish, uning salomatligini muhofaza qilish, sog’lom zurriyod tug’ilishini kafolatlashdir.
Reproduktiv xulq – bu oilada farzand tug’ilishi bilan bog’liq xulqdir. U oila a’zolarini o’z davrining fuqarosi sifatida ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, salomatligi darajasi, madaniyatiga bevosita bog’liq bo’lgan xatti-harakatidir. Bu harakatlarning asl motivi avvalo insondagi o’zidan nasl qoldirish, oilada er-xotinlik burchini ado etishga bo’lgan ishtiyoq va layoqatga borib taqaladi. Rossiyalik ayollar o’rtasida o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, ular xohlagan bola soni (2,8) real bolalar sonidan ancha ortiq. Shundan A.Antonov, ayni davrda odamlar o’z reproduktiv vazifalarini ado etmayaptilar, deb xulosa qiladi. Ko’pincha, reproduktiv xulqning motivlari odamning boshqa turdagi faoliyat motivlari ta’sirida so’nib bormoqda, avvalo bu harakat oilada sodir bo’lsa-da, u ayol kishining shaxsiy ishiday tasavvur etiladi va ayolning bola tug’ib berish orqali o’zini namoyon etishi, erining munosabatlarini keskin o’zgartirish, unga ta’sir (tazyiq) ko’rsatish, ustidan hukmron bo’lish, kimnidir sevish va unga g’amxo’rlik qilish ehtiyojini qondirishga borib taqaladi. Quyidagi 1.2.1-jadvalda A.Antonov o’tkazgan tadqiqotlar asosida reproduktiv ota-onalik ko’rsatkichlari keltirilgan.
1.2.1-jadval