Ijtimoiy-psixologik funksiyalar mehnat jamoasidagi ishlab chiqarish munosabatlarining vakil saylash va asoslash xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Texnologik funksiyalar menejer faoliyatining quyidagi: qarorlar qabul qilish va kommunikatsiyalar turlarini belgilab beradi.
Funksiyalarning hamma uchta guruhi o‘zaro bir-birini to‘ldirib, farmatsevtika menejmentining boshqaruv ta’siri uslublari va usullarini tabaqalashtirish, boshqaruv organlari va alohida menejerlarning mehnatini ixtisoslashtirish imkonini beruvchi yaxlit tizimini yaratadi.
Umumiy funksiyalarni faoliyatning ko‘lami va ahamiyati bo‘yicha nisbati menejmentning iyerarxik pog‘onasiga qarab jiddiy ravishda tabaqalanadi.
Menejment umumiy funksiyalaridan har birini amalga oshirish uchun tashkilotda ma’lum kommunikatsion bog‘lanishlar shakllantiriladi va boshqaruv qarorlari ishlab chiqiladi. Ular menejment umumiy funksiyalarining texnologik negizi bo‘lib hisoblanadi.
Menejment umumiy funksiyalarini amalga oshirishning axloqiy jihatlari uning ijtimoiy-psixologik: vakil saylash va asoslash funksiyalari bilan shakllantiriladi.
Boshqaruv subyektlarini, tashkilotning mavjud resurslaridan samarali foydalanilishi uchun obyektlarga ta’sir o‘tkazish usullari „boshqaruv uslublari“ tushunchasiga kiritiladi.
Boshqaruv uslublari — turli vazifalarni hal etish qoidalari va muolajalaridir.
Tashkilotlarda yuzaga keladigan vaziyatlarning turli-tumanligi boshqaruv uslublarining bir butun arsenali qo‘llanilishini taqozo etadi. Farmatsevtika menejmentida tarkibiga to‘rtta: tashkiliy, ma’muriy, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik uslublar guruhi kiruvchi boshqaruv uslublari tizimidan foydalaniladi (14.4- jadval).