Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishning milliy standartlari Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari birinchi navbatda O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o'z aksini topgan. Konstitutsiyaning 50, 54, 55 va 100-moddalarida fuqarolaring ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari, atrof-muhitga munosabat va boshqaruv tizimi bo'g'inlarining faoliyati belgilangan. Jumladan, 50-moddada "Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdir", deyiladi.
100-moddada atrof-muhitni muhofaza qilish mahalliy hokimlik organlari vazifasiga kirishi ta'kidlangan.
Shuningdek, 1996 yil 27 dekabrda O'zbekiston Respublikasining "Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan. Qonun 30 ta moddadan iborat bo'lib, unda atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risidagi qonun hujjatlari, fuqarolarining huquq va majburiyatlari, standartlar va me'yoriy hujjatlar, havo muhitiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kabi moddalar mavjud.
1994 yil 23 sentyabrda O'zbekiston Respublikasining "Yer osti boyliklari to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan. Qonun 10 ta bo'lim va 51 ta moddadan iborat.
1993 yil 6 mayda O'zbekiston Respublikasining "Suv va suvlardan foydalanish to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan.
1999 yil 14 aprelda O'zbekiston Respublikasining "O'rmon to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan.
2000 yilda O'zbekiston Respublikasining "Ekologik ekspertiza to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan.
2001 yil 6 dekabrda O'zbekiston Respublikasining "Chiqindilar to'g'risida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonunda respublika hududida chiqindilardan foydalanish, ularni qayta ishlash, eksport qilish tartibi, bu borada korxona va tashkilotlarning huquq va majburiyatlari o'z ifodasini topgan. Shuningdek, ikkinchi chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 7- sessiyasida O'zbekiston hududida Biologik rang-baranglikni saqlash konventsiyasi ham qabul qilingan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo'lgan davrda o'zbekiston respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilingan. Farmon doirasida Kontseptsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko'rsatkichlar va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha tegishli davrga mo'ljallangan asosiy yo'nalishlardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga alohida-alohida tasdiqlanadigan «yo'l xaritalari» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kontseptsiya ko'rsatib o'tilgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilaydi. Ularning amalga oshirilishi esa kelajak avlodlarning manfaatlari yo'lida davlatni barqaror rivojlantirishni ta'minlash imkonini beradi.
Kontseptsiyaning maqsad va vazifalari:
O'zbekiston Respublikasi aholisining hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zarur sharti sifatida atrof-muhitning qulay holatini ta'minlash;
atrof muhitga va aholining salomatligiga salbiy ta'sirni pasaytiruvchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga barqaror iqtisodiy rivojlanish;
atrof muhit ob'ektlaridan oqilona foydalanishni va biologik resurslar qayta tiklanishini ta'minlash.
Quyidagilar Kontseptsiyaning vazifalari hisoblanadi:
atrof muhit ob'ektlarini (yer, suv, atmosfera havosi, yer qa'ri, o'simlik va hayvonot dunyosi) saqlash va qo'riqlanishini ta'minlash;
qo'riqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida davlat nazoratini, shuningdek, atrof muhitning ekologik monitoringi tizimini takomillashtirish;
atrof muhitni muhofaza qilishni ilmiy jihatdan ta'minlash;
aholining ekologik madaniyatini oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining oshkoralik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish;
atrof muhitga minimal og'irlik tushiradigan barqaror rivojlanishni ta'minlovchi jamiyatni shakllantirish;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
Hozirgi vaqtda O'zbekistonda BMTning atrof-muhit muammolari bilan shug'ullanuvchi 7 ta missiyasi faoliyat ko'rsatmoqda. Ayniqsa, Orol va Orol bo'yidagi ekologik muammolar Xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida bo'lib ushbu yo'nalishda turli tadbirlar o'tkazilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi 1993 yil 18 mayda Ozon qatlamini muhofaza qilish to'g'risidagi Vena konventsiyasiga va Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo'yicha Monreal protokoliga qo'shildi.
2030 yilda gidroxlorftoruglerodlar ishlatishni batamom to'xtatish O'zbekiston uchun Monreal protokolining xalqaro majburiyatlarini bajarishga rioya etishning strategik yo'nalishi hisoblanadi.
O'zbekiston 1993 yildan buyon BMTning Iqlim o'zgarishi to'g'risidagi hadli konventsiyasining (Nyu-York, 1992 yil may) a'zosi hisoblanadi. Ushbu Konventsiyaga Kioto protokoli 1998 yilda imzolangan va 1999 yilda ratifikatsiya qilingan, Parij bitimi esa 2017 yilda imzolangan va 2018 yilda ratifikatsiya qilingan.
O'zbekiston 1992 yilda imzolangan MDH Davlatlararo Ekologiya Kengashining teng huquqli a'zosi hisoblanadi.
Bugungi kunda, O'zbekiston Xitoy, Gruziya, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Malayziya, Koreya Respublikasi, Slovakiya, Shveytsariya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Turkmaniston va Ukraina bilan atrof-muhitga tegishli komponentlar kiritilgan bir qator ikki tomonlama bitimlar imzolagan.
Ushbu bitimlarda O'zbekiston quyidagi sohalarda hamkorlik qilishi ko'zda tutilgan:
Suv va havoning ifloslanishi monitoringi texnologiyalari.
Tabiatni muhofaza qilish ilmi va texnologiyalari tadqiqotlari.
Ekologik ta'lim, mutaxassislarni tayyorlash va targ'ibot.
Tabiatni muhofaza qilish jarayonlarini boshqarish va biologik turlarni himoya qilish.
Ekologik toza ishlab chiqarish texnologiyasi.
Tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunlar, qonun-qoidalar, siyosat va standartlar, shu jumladan sanoat ishlab chiqarishi va mahsulotlari uchun ekologik standartlar.
Tomonlar kelishib olgan atrof-muhitni muhofaza qilish va yaxshilashga taalluqli hamkorlikning boshqa sohalari.