Gidroelektr energetikasi O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi tizimidagi bir nechta unchalik katta bo‘lmagan quvvatli GES kaskadlari bilan belgilanadi. Bulardan O‘rta-Chirchiq GESlar kaskadi tarkibiga kirib, suv omborlariga ega bo‘lgan 600 ming kVt quvvatli Chorvoq va 165 ming kVt quvvatli Hojikent GESlari asosan quvvat balansini rostlovchi stansiyalar sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Qolgan GESlarning ish holatlari esa havzadan oqib o‘tuvchi suv miqdori bilan belgilanadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida mavjud GESlarning umumiy o‘rnatilgan quvvati 1419 kVtni tashkil etadi.
O‘zbekistonning energetika tizimi Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Janubiy Qozog‘iston energetika tizimilari bilan tutashgan bo‘lib, Markaziy Osiyo Xalqaro Birlashgan energetika tizimining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ko‘p miqdorda ishlab chiqariluvchi elektr energiyani masofaga samarali uzatish va iste’molchilarga taqsimlash turli kuchlanishdagi elektr uzatish liniyalaridan foydalanishni taqozo etadi. Hozirgi davrda O‘zbekiston Respublikasidagi barcha nominal kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining umumiy uzunligi taxminan 240 ming km bo‘lib, jumladan, 500 kV kuchlanishli liniyalar 2,1 ming km, 220 kV kuchlanishli liniyalar 4,6 ming km va 0,4-10 kV kuchlanishli liniyalar 170 ming km ni tashkil etadi.
Kelajakda xalq xo‘jaligining taraqqiy etib borishi bilan hamohang tarzda Respublikamiz energetikasi ham yanada yuqori jadallikda rivojlanib boradi. 1.3- jadvalda O‘zRda 2020-yilgacha elektr energiyani ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansi dinamikasining ssenariysi tasvirlangan.