Dalolatnoma ham kundalik hayotimizda ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar sirasiga kiradi. Dalolatnoma, odatda, ma’lum muassasa, korxona, tashkilot yoki ayrim shaxslar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan biror-bir voqea-hodisa, xatti-harakat yoki mavjud holatni tasdiqlash maqsadida kamida uch kishi tomonidan tuzilib imzolanadigan hujjatdir.
Dalolatnoma ikki yoki uch nusxada tuzilishi mumkin. Dalolatnomada tekshirilgan voqea, hodisa, xatti-harakat tafsiloti, jihozlar, asbob-uskuna, ashyolar, texnika, binolarning yaroqli-yaroqsiz holati o‘z aksini topishi lozim. Chunki dalolatnomada qayd etilgan holat, dalillar ma’lum korxona, bo‘lim yoki shaxs, uning yashash sharoiti, iqtisodiy imkoniyati, faoliyati haqida tegishli xulosa chiqarish uchun imkoniyat beradi. Bu hujjat tegishli joylarda taftish o‘tkazilganda, rahbarlar yoki moddiy javobgar shaxslar almashayotganda, moddiy boyliklar bir javobgar shaxsdan ikkinchisiga yoki bir joydan boshqa biriga o‘tkazilayotganda, yangi qurilgan binolarni qabul qilib olishda, korxonaga tegishli asbob-uskuna, jihoz va buyumlarni hisobdan o‘tkazish, hisobdan chiqarish, ish jarayonida yoki ishdan tashqari vaqtda yuz bergan baxtsiz hodisalar, tabiiy ofatlarning oqibatlari tekshirilganda, tibbiyot sohasida, sud-tergov ishlarida, ishchi va xizmatchilarning iqtisodiy hamda yashash sharoitlari o‘rganib chiqilgandan so‘ng tuziladi.