https://telegram.me/e_kutubxona 3
yarog‘ urush olovini yoqadi», degan fikr mudom ta’qib etardi meni. Dunyoda shu
qadar ko‘p qurol to‘planganki, oxir-oqibat, ular odamlardan ustun kelib, ularni
o‘zaro dushman qilgandi...
Anchadan keyin, Flandriyada yana shunaqa holatni kuzatganman: jang paytida
temir qurollardan foydalanish, o‘qqa tutish avjiga chiqsa, bu jarayonda insonning
qadr-qimmati qolmas ekan. Odamlar qurollar kuchlaridan jazavaga tushib, bir-
birini yo‘q qilishga telbalarcha tashlanishadi. Bunday paytda har qanday odam,
bordiyu, ikki yovlashgan tomondagi barcha tirik jon qirilib bitgan taqdirda ham,
qurol-yarog‘lar, to butun jahonni yo‘q qilmaguncha urushni to‘xtatmasa kerak,
deb o‘ylab qolishi aniq. Biroq bu yerda, fabrika hovlisida senu menga o‘xshagan
odamlarni uchratgandim. Va birinchi bor anglab yetdim: men odamlar bilan jang
qilayotgan ekanman! O‘zim singari jarangdor shiorlari qurol sehriga laqqa
tushgan, xotini va bolalari, ota-onasi va kasbkori bor odamlar bilan. Ular sabab
bo‘lib mening fikrim ravshanlashgan edi. Balki ularning ham men kabi ko‘zlari
ochilib, yon-atrofga alanglab, «Birodarlar, biz nima qilmoqdamiz?! Buning nima
zarurati bor?!» deya bir-birlariga savol berishayotgandir. - Bir necha haftadan
so‘ng biz yana frontga otlandik. Bu safar – biroz tinchroq joyga tushdik.
Fransuzlarning oldingi marrasi bizga xiyla yaqin, lekin pozitsiyalari pishiq-puxta
himoyalangan edi. Xullas, bu yerda dushman bilan qir-pichoq janglarga kirmadik.
Har kuni ertalab, roppa-rosa yettida ikki tomon artilleriyachilari salomlashgan
kabi bir-birlariga o‘q yog‘dirishardi. Keyin choshgohda tag‘in kichikroq salyut
tashkil qilinar, kechga yaqin oxirgi marta shu yo‘sin «xayr-ma’zur» qilishardi.
Biz istehkomlarimiz yonida quyosh nurlariga cho‘milarlik, kechalari esa hatto
etiklarimizni yechib, bafurja uxlardik.
Kunlarning birida betaraf maydonning narigi tomonida, brustver ustida
qo‘qqisdan «Attention!» (*«Diqqat!») deb yozilgan bir bo‘lak faner ko‘tarildi.
Hayratdan fanerga qanchalar chaqchayganimizni tasavvur qilaver. O‘ylay o‘ylay,
hozir zo‘r, odatdagidan vahimaliroq artilleriya hamlasi bo‘lsa kerak, degan fikrga
keldik, ko‘pchilik snaryadlarning dastlabki hushtaklari eshitilgani hamon handaq
qa’riga singib ketishga shaylana boshladi.
Biroq atrof tinch edi. Faner bo‘lagi g‘oyib bo‘ldi, bir necha soniyadan so‘ng esa
uchiga bir quti sigaret bog‘langan kurakchani ko‘rdik. Fransuzchani chala-chulpa
biladigan o‘rtoqlarimizdan biri topografiya xaritalari solinadigan katta planshetga
gutalin (*Etik moyi) bilan yozdi: «Compris» (*«Tushundim» (fr.)). Planshetni
dushmanga ko‘rinadigan qilib ko‘tardik. Shunda narigi tarafda sigaret bog‘langan
kurakchani u yoqdan bu yoqqa silkita boshlashdi. Biz ham planshetni silkitdik va
bir parcha oq matoni namoyish etdik — u shu pallada bitini terib o‘tirgan ober-
efreytor Byulerning ko‘ylagi edi.