Estetika nazariyasi. Reja



Yüklə 148,35 Kb.
səhifə18/20
tarix19.12.2023
ölçüsü148,35 Kb.
#186153
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Estetika nazariyasi.

Xalq amaliy san’ati.Amaliy san’at turlarining estetik xususiyati shundaki, ular bir vaqtning o‘zida ham badiiy, ham amaliy vazifani bajaradi. SHu bois, xalq madaniyati tarixini uning amaliy san’atisiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixida xalq amaliy san’ati turlari boy va rang-barang madaniy merosining eng ajoyib va ommaviy qismini tashkil etadi. O‘zbek xalq amaliy san’ati yodgorliklari o‘tmish ajdodlarimiz yaratgan barkamol, takrorlanmas va tarixan bebaho asarlarning namunalari bo‘lib, jahon madaniyatining durdonalaridan bo‘lgan badiiy va madaniy merosni tashkil etadi.
Xalq amaliy san’ati kishilarning ma’naviy olamini boyitadi, badiiy-estetik didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. SHuning uchun ham ham o‘zbek xalqi amaliy san’ati kishilarning badiiy, axloqiy, umuminsoni jihatdan tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda ham madaniy darajasini Yuksaltirishda eng zarur manbalardan hisoblanadi. Bu manbalardan bugungi kunda ham usta va hunarmandlar samarali foydalanib keladi.
Xalq amaliy san’atining milliy estetik mazmuni naqqoshlik san’atida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Naqqoshlik san’ati g‘oyat boy va mazmundor bo‘lib maishiy turmushimizda ishlatiladigan oddiy qoshiq, lagan, sandiq, cholg‘u asboblaridan tortib turar joy va jamoat binolarining devor hamda shiftlariga solingan naqshlar insonni hayratga soladi, zavqlantiradi. Bino yoki xonadon devoridagi naqshlar turli xil bo‘lib ulardan “girix” arabcha “tuguncha” degan ma’noni anglatgan xandasaviy naqshlar ya’ni to‘g‘ri to‘rtburchak, romb, kavadrat kabi yaxlit kompozitsiyani tashkil qilgan naqshlar va “islim” (arabcha) Yuguruvchi ma’nosini anglatib to‘g‘ri yo‘l ichiga ilon izi shaklida chizilgan o‘simliksimon naqshlardan iborat bo‘lgan. Ular faqat foydali-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib qolmay, balki xonadon egalarining orzu-umidlari, badiiy-estetik didi va estetik idealining ko‘rsatkichi sifatida ham namoyon bo‘lgan. Bugun ham zamonaviy turar joylar va binolarni bu naqshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Bugungi zamonaviy inshootlar kabi turar joylarda amaliy san’atning bir qancha turlarini ko‘rish mumkin. Turar-joy binolarining turli-tuman badiiy-texnologik usullarda namoyon etilgan badiiy bezak turlari O‘zbekiston me’morchiligida muhim o‘rin tutadi. CHunonchi, turar-joy dizayni bu milliy an’analarga tayangan noyob ijodiy faoliyat bo‘lib, ularning mahorati va badiiy bezatilishning ko‘pgina qirralarini ifodalaydi. Turar-joylar intererlaridagi umumiy devorlarning sathi an’anaviy kompozitsion bo‘linish usullari, intererlarni badiiy-bezakli pardozlashning asoslariga tayanadi va ko‘plab estetik xususiyat kasb etadi. Masalan, binoning tashqi ko‘rinishi - tarz (fasad)ga qaraganda uyning intereri ko‘p hollarda ko‘rkam bezakli bo‘ladi. Devorlarning tokchalarga bo‘linishi turg‘unlik va sokinlik taasurotini yaratsa, devorning barcha sathi naqshinkor bezatiladi, bezakni bajarishda simmetriya, ritm, mutanosiblik qonunlariga rioya qilinishi unga tartiblilik, uyg‘unlikni namoyon qiladi. O‘yma bezaklar bilan oro berilgan yog‘och eshiklar, ustunlar, shift bolorlari, gohida shift ustidan ko‘prangli naqshlar, shuningdek naqqoshlik bilan devor sathining barcha qismlari tokchalar, shiftlar karniz va bolorlar ham bezatilishi, deraza darchalari va eshik tabaqalari, ustunlari devor va intererga berilgan naqshu bezaklar imoratga badiiy tantanvorlik va estetik qiyofa baxsh etadi.
Intererlarning badiiy bezatilishda asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Devorda ketma-ket joylashgan naqshinkor va pardozlangan naqshlar yordamida juda ham rang-barang, jozibador kompozitsiyalar yaratiladi. Interer dizaynida devoriy naqqoshlikning bir necha kompozitsion echimlarini kuzatish mumkin. Bu tokchalarga bo‘lingan, yalpi naqqoshlik bilan bezatilgan devor sathi va naqshinkor va o‘ymali naqshlar ketma-ket joylashgan, rang-barang naqshinkor kompozitsiya. SHift naqqoshligi ham Toshkent intererlarida muhim o‘rin tutadi. Ular o‘zida konstruktiv va badiiy echimning sintezini namoyon etadi. Ular turar-joylari ayvon va dahlizlarda ham keng qo‘llaniladi. Bu amaliy san’at turining gullashi va rivojlanishi, hozirgi davrda shaharda shakllangan qulay iqtisodiy sharoit, innovatsion ta’sir va amaliy-bezak san’atining ko‘p asrlik an’analari bilan bog‘liqdir.
yog‘och o‘ymakorligi faqat intererning sirtida namoyon bo‘lib qolmay turli shakl va kompozitsiyalarda ham aks etadi. Bu interer uchun ishlangan stol, stullar, xontaxtaning nafaqat shaklining bejirimligi balki yog‘och fakturasining go‘zalligi va ularga berilgan ishlov hamda naqshlarning betakror va engilligi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Toshkent turar joy me’morchiligida O‘rta Osiyo me’morchiligi amaliyotida qo‘llanilgan badiiy bezaklarning deyarli barcha turlari mavjud: suvalgan devor ganch naqqoshligi avva o‘ymakorligi shular jumlasidandir.
Intererning badiiy bezalishida asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib, bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Ko‘pincha naqqoshlik ganch o‘ymakorligi bilan muvofiqlikda bajariladi. Ayniqsa Toshkentda keng tarqalgan o‘simlik naqshlari- majnuntol, anor, xrizantema butalarining yoyilgan shoxlarini ko‘plab uchratish mumkin. Bu lavhalar faqatgina bezak emas o‘z falsafiy ma’nosiga egadir. Masalan majnuntol - sevgi sog‘inchi, anor - serhosillik, lola - bahor, gulsafsar - osoyishtalik va uzoq umrni anglatgan.
O‘zbek xalq amaliy san’atining eng rivojlangan ganchkorlik, naqqoshlik, kandakorlik, zardo‘zlik, kigizchilik, kashtachilik kabi bir qancha turlarining o‘ziga xos bajarish texnologiyasi, haqiqiy milliy nomlari, ularga xos atamalar, bu san’atlarga xos maktablar yo‘qolib ketishi xavfi bor edi. Ammo mustaqillikka erishgach milliy san’atimizning bu sohalariga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Ular tiklanib yangi an’analar paydo bo‘la boshladi. Bu esa hozirgi kunda san’atkorlar, xalq ustalari, mualimlar amaliy bezak sirlarini shogirdlariga o‘rgatib qolmay bu san’at asarlarini keng targ‘ib etib jamoatchilikning estetik didini, madaniy darajasini yanada Yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Estetik tarbiyani shakllantiruvchi, yo‘naltiruvchi hamda tartibga soluvchi vositalar mavjud bo‘lib, ular yillar davomida xalqimiz tajribasidan o‘tgan, xalq turmush tarzining asosiy mezoniga aylangan. San’at, mehnat, sport, matbuot, muhit kabi an’anaviy vositalar shular jumlasidandir. Ular orasida san’at eng ta’sirchan estetik tarbiya vositasi hisoblanadi.
San’at mohiyatan shaxsning his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan muhim jarayon hisoblanadi. SHuning barobarida, u insonni doimo o‘ziga jalb etib kelgan. San’at insonning ehtiroslar va tuyg‘ular olamiga singib borib ularni yig‘latadi, kuldiradi, o‘ylashga majbur qiladi. SHuning uchun bo‘lsa kerak san’at barcha davrlarda insonga hamroh bo‘lib kelgan. San’atni “bir narsani yaxshi ishlab chiqarishdan iboratdir”, - deb bilgan taniqli jadid mutafakkiri Abdurauf Fitrat san’at va uning insonga ko‘rsatajak ta’siri to‘g‘risida mulohaza Yuritib, shunday degan edi; “BuYuk bir shodlik ko‘rgan kishi o‘zining shod tuyg‘ularini boshqalarga bildirib, shodligini orttiradir. Ulug‘ bir qayg‘uga uchragan esa, o‘z dardini boshqalarg‘a o‘tkarib, o‘zini ovuntirg‘an bo‘ladir. Miyasi Yuksalmagan bolalar, san’atdan xabarsiz kishilar shodli-qayg‘uli tuyg‘ularini sakrab, o‘ynab, kulib, yig‘lab, talpinib jonlantiradilar, ochiqqa chiqarib boshqalarg‘a anglatadilarda, shu yo‘l bilan ovuntirilgan bo‘ladilar, san’at egalari esa turli tovar (material)lar yordami bilan o‘zlarining tuyg‘ularini jonlantirib maydonga chiqaradir. SHu yo‘lda boshqalarni o‘z tuyg‘ulari bilan tuyg‘ulantirishga tirishadir”.
San’atning estetik tarbiya vositasi sifatidagi ahamiyati shu bilan belgilanadiki, estetik tarbiya faqat va faqat insonga xos bo‘lib, u inson orqali voqelikka aylanadi. San’at tasvir vositalari orqali insonning idellari va orzu-umidlarini ranglarda, ohanglarda, badiiy obrazlarda aks ettiradi, insoniyatning fazilat va illatlarini chiroyli qiyofalar bilan uning o‘ziga namoyish qiladi. Bu bilan san’at o‘ziga insonni jalb etadi, uning qiziqishini orttiradi. Natijada inson san’atning muxlisiga, tomoshabiniga aylanadi. Agar inson o‘zining estetik tuyg‘ularini maqsadli, ijobiy tomonga yo‘naltira olgan bo‘lsa, chinakam san’at uning kelajakdagi buYuk ishlariga rahnamolik qiladi. Aksincha, estetik tuyg‘usi va estetik didi tarbiyalanmagan kishi san’atning buYuk imkoniyatlaridan mosuvo bo‘lib qolaveradi. Biroq, san’at u yoki bu ko‘rinishda tobora insonga yaqinlashib boraveradi. Zero, haqiqiy san’at asarlari insonni doimo Yuksaklikka, bunyodkorlikka undab kelgan estetik tarbiya vositasidir.
SHaxsning estetik tarbiyasini san’at vositasida amalga oshirishning afzal tomonini ikki xususiyat ko‘ra ifodalash mumkin. Birinchidan, san’at ijtimoiy anglashning boshqa shakllariga qaraganda insonga birmuncha yaqinroq hamda tezroq ta’sir ko‘rsata olish imkoniga ega. Ikkinchidan, san’at insonni estetik jihatdan kamolotga etkazish jarayoniga muayyan mafko‘raviy mazmun bag‘ishlashi bilan birga inson ma’naviy qadriyatlarini ro‘yobga chiqarishda yaqindan yordam ko‘rsatadi.
San’at o‘zining estetik bisotini to‘laligicha namoyon qilishi uchun ham tarbiya jarayoni bilan chambarchas bog‘lanadi. Ma’naviy jarayonlarni inson tomonidan anglanishi shaxs estetik didining qay tariqa shakllanganligi bilan belgilanadi. CHunki, inson estetik didi uning go‘zallikdan xunuklikni, ulug‘vorlikdan tubanlikni, fojeaviylikdan kulgulilikni ajrata olish qobiliyatlariga qarab baholanadi. Did yordamida odamlar hayotiy faoliyatlarini shakllantirishga harakat qiladilar. SHunga ko‘ra, insonning didsizligini fojea deb bilish yaramaydi; didsizlik bu tariqa fojeaga aylanmaydi. Didsizlik fojeaga aylanishi mumkin qachonki, biror-bir shaxsning past darajadagi didi boshqa bir Yuksak didli shaxsning didiga hukmronlik qilsa va uni o‘z izmiga bo‘ysundirishga harakat qilsagina did fojea tusini oladi. Bunday holat o‘z navbatida hayot go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga monelik ko‘rsatadi. San’at ana shunday fojealarning oldini olishda insonga ko‘mak beradi.
Estetik tarbiyaning barcha vositalari shaxsning voqelikka estetik munosabatini ravnaq toptirishga xizmat qiladigan tarbiyaviy faoliyat bo‘lib, u o‘ziga xos ta’sirchanlik, tug‘yoniylik kuchiga ega. Busiz inson bilish ko‘lamining vujudga kelishi mumkin emas. SHuningdek, inson badiiy tafakkur qilish qobiliyatini o‘stirish ayni paytda estetik tarbiya vositalarining muhim vazifasi sanaladi. SHunga ko‘ra, estetik tarbiya vositalari ikki xil xususiyati bilan ajralib turadi. Birinchidan, ular voqelikda sodir bo‘layotgan hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni insonga tushunarli tarzda etkazib beradi. Ikkinchidan, zamonaviy fanlarning estetik hususiyatlarni hissiy idrok qilishning faol, tajribalar asosida etkazib berishi bilan diqqatga sazovordir.
Insonni estetik jihatdan tarbiyalash favqulodda murakkab va serqirra jarayon bo‘lib, amalga oshiriladigan islohotlar ham mazkur jarayonni takomillashtirishni nazarda tutadi. Estetik tarbiyani takomillashtirish va uni zamon talablariga moslashtirish estetik madaniyat shaxs – jamiyat – shaxs tizimida mavjud bo‘lib, bunda shaxs madaniyati ustuvor ahamiyatga ega. ya’ni, estetiklashgan shaxs jamiyatni estetiklashtiradi, estetiklashgan jamiyat esa, o‘z navbatida yangi darajadagi estetiklashgan shaxsni yaratadi va shu tartibdagi o‘zaro ta’sir millatning qadam-baqadam komillik darajasiga ko‘tarilishi uchun xizmat qiladi.
Hozirgi paytda milliy ma’naviyatga ta’sir o‘tkazuvchi tashqi tahdidlar ayni paytda estetik tarbiya jarayoniga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa ijtimoiy-ma’naviy munosabatlar tizimida estetik tarbiyani maqsadli yo‘naltirishni taqazo etadi.
Shaxsni estetik tarbiyalashda fan ta’lim va madaniyatning o’zaro bog’liqligi
Inson qalbiga yo‘l avvalo ta’lim va tarbiyadan boshlanadi. Ilmning hikmati va fazilatiga doir alloma vatandoshimiz Muhammad Imomzoda al-CHo‘g‘iy (vafoti 1177)ning qarashlari ham diqqatga sazovor. Uning “SHir’at al-islom – Islom yo‘li” nomli kitobida ilm olish odoblari va fazilatlariga doir ko‘plab ma’lumotlarni muayyan axloqiy tizimga solgan. Qizig‘i shundaki, u shar’iy bo‘lmagan ilmlarni ikki qismga - maqtalgan va yomonlangan turlarga bo‘ladi. Dunyoni obod qilish uchun zarur bo‘lgan bilimlar – tibbiyot, hisob-kitob, dehqonchilik, to‘quvchilik kabi hunarlar hatto qon olishni bilishni maqtalgan va o‘rganish kerak bo‘ladigan ilmlar sirasiga kiritadi, bu bilimlar sababli insoniyat boqiy qoladi, deydi. Ayni paytda, riyoziyotga chuqur kirishish, uning eng nozik jihatlarini ham tadqiq va tahlil etishga urinishni fazilat hisoblaydi. yomonlangan bilimlarga esa – sehr-jodu va har xil tilsimlar, folbinlik bilan shug‘ullanishni kiritadi. Muboh, ya’ni ihtiyoriy bilimlarga she’riyat va tarix kiradi. Biroq, falsafani ba’zi joylarda va ba’zi hollatlarda kerak bo‘ladigan fan, uni shunday zarurat holati uchun o‘rganish kerak. Aks holda, u yomonlangan fan sohasidir, deydi.
Allomaning ilm haqidagi fikrlari ijtimoiy-ma’naviy jihatdan Yuksak ahamiyat kasb etadi. U ilmga hiyonat qilishni o‘zgalarning moliga hiyonat qilishdan og‘irroq deb biladi. SHuni alohida ta’kidlash zarurki, al-CHo‘g‘iy ilm oluvchining zimmasiga ham bir qator axloqiy mas’uliyatni Yuklaydi. CHunonchi, chala eshitgan narsasini oshkor qilmasligi, aniq ishonch qilmagan bilimini odamlar orasida gapirmasligi va atrofga yoymasligi zarurligini uqtiradi.
Tarbiyada estetik ta’lim va bilimning zarur ijtimoiy talab hisoblanadi. BMTning ming yillik sammitida keltirilgan quyidagi ma’lumotlari mushohada va mulohaza uchun asos bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2001-2002 o‘quv yilida dunyo bo‘yicha 115 million bola yoki boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalarning 18 foizi maktabga bormagan. Bularning 61,3 millioni qizlar (53 foizi), 45 millioni (39%) Afrika Saxarasidagilar va 42 millioni (36%) Janubiy Osiyodagi bolalardan iboratdir. Maktabni qoldirish ehtimoli katta bo‘lgan bolalar G‘arbiy va Markaziy Afrikadagi (45,3%), SHarqiy va Janubiy Afrikadagi (38,5%) Janubiy Osiyodagi (26%) hamda YAqin SHarq va SHimoliy Afrikadagi (18,7%) bolalar bo‘ldi. Mazkur mintaqalarning barchasida o‘g‘il bolalardan ko‘ra qiz bolalar ko‘proq maktabga bormasligi kuzatilgan. O‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi eng katta farq YAqin SHarq va SHimoliy Afrikada kuzatilgan. Mazkur mintaqada o‘g‘il bolalarning 15,4 foizi, maktabni qoldirgan bo‘lsa, bu holat qizlarning 22,1 foizida kuzatilgan.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish axloqiy, estetik va mantiqiy tafakkurni yangilash va boyitishni taqozo etadi. Xususan, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini axloqiy va estetik madaniyatdan, mantiqiy tafakkur va mushohadadan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu maqsadga erishish uchun bo‘lajak mutaxassis yoki davlat xizmatchisi avvalo axloqiy ko‘nikma, estetik bilim va mantiqiy mushohadaga ega bo‘lishi zarur. Qolaversa, estetika fani doirasida o‘zlashtiriladigan bilimlar umuman sharqliklarga, xususan xalqimizga begona emas. Zero, bu ilmsiz o‘zbek xalqi tafakkuri, dunyoqarashi, qadriyati, madaniyati, bir so‘z bilan aytganda, uning buYukligini anglash mumkin emas.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning “3.3.1. Uzluksiz ta’limni tashkil etish hamda rivojlantirish prinsiplari”da ta’limning ijtimoiylashuvi – ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish”ga bog‘liq ekanligi bundan buyon odamlar tafakkurini o‘zgartirish estetik tarbiyadan ayri holda amalga oshmaydigan jarayon ekanligidan dalolat beradi. Bugungi kunga kelib g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurash aynan estetik bilimni taqazo etmoqda. SHu bois avlodni estetik tarbiya asosida voyaga etkazish doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Hozirda estetik bilimlar doirasi shu qadar kengayib bormoqdaki, u deyarli barcha sohalarda masalan, sog‘liqni saqlash tizimida – tibbiyot estetikasi, ekologiya sohasida – ekologik estetika, texnikaviy taraqqiyot sohasida – texnika estetikasi (dizayn)ning Yuzaga kelgani shular jumlasidandir. SHu bilan bir qatorda, jamiyat ma’naviy hayotini Yuksaltirish ham estetika fani oldiga qator vazifalarni qo‘ymoqda.
Estetika fani insonning kundalik hayotiga g‘oyatda yaqin. CHunki, erkin, demokratik jamiyatimizning har bir a’zosi go‘zallikni chuqur his etadigan, uni asraydigan nafis did egalari bo‘lishlari, haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlashlari, «ommaviy madaniyat»ning g‘ayriestetik xususiyatlarini rad qila olishlari lozim. Buning uchun esa ta’lim tizimida estetika faniga bo‘lgan hozirgi munosabatni tubdan o‘zgartirish zarur. CHunki, jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida estetika fanini o‘qitish masalasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Birgina Garvard Universitetida (AQSH) estetika bo‘yicha 3 ta markaz, 18 ta yo‘nalishda (bu yo‘nalishda estetika sohasiga doir 46 ta fan o‘qitiladi) ilmiy tadqiqot hamda ta’limiy ishlar olib borilayotganligi, Oksford Universitetida (Angliya) esa “Estetika” fakulteti mavjudligi va unda shu sohaga doir 66 ta fan o‘qitilishi estetik bilimlarga bo‘lgan e’tibor katta ekanligidan dalolat beradi. SHu ma’noda, faylasuf olim Abdurahim Erkaevning “yoshlarni kitob o‘qishga o‘rgatmoq mumtoz va zamonaviyYuksak san’at asarlariga qiziqtirmoq, estetik va axloqiy tarbiya saviyasini ko‘tarmok kerak. Ma’naviy tarbiyaning asosini tashkil qiluvchi etika va estetika fanlarini o‘qitishni oliy o‘quv Yurtlarida qayta tiklash maqsadga muvofiq. Aks holda ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimida tarbiya jarayoni qashshoqlashib, biryoqlamalik avj oladi. Bo‘lajak mutaxassis texnokrat, o‘qituvchi va tarbiyachi nasihatguy safsataboz bo‘lib etishadi”, degan fikri g‘oyatda ahamiyatlidir.
Bugungi kunda odamlarga, ayniqsa yoshlarga “huzur-halovat va lazzat manbai” sifatida taqdim etilayotgan ma’lumotlarning aksariyati horijiy ommaviy-axborot vositalari hamda Internet tarmoqlaridagi turli xil saytlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi paytlarda fetishestetika (engil-elpi, yaltiroq estetika), “ommaviy madaniyat”ning inson maishiy turmushi bilan bog‘liq saytlari shunchalik ko‘payib ketdiki, ular yoshlarning estetik didini pasaytirishga va estetik dunyoqarashini to‘poslashtirishga olib kelayotganligi bugungi kunda ochiq-oydin namoyon bo‘lib qolmoqda. yoshlar tarbiyasiga bunday g‘ayriestetik g‘oyalarning tahdid va uning salbiy oqibatlarini tushuntirib beradigan ilmiy nazariy asos aynan estetik bilimni Yuksaltirish orqali amalga oshadi.
Estetik bilimning hozirgi kunda umumjahoniy global muammolarni hal qilishdek muhim vazifasi ham borki, ular orasida eng dolzarbi sayyoramizda nafosatga asoslangan estetosfera muhitini yaratish bilan bog‘liq. CHunki texnogensivilizatsiya davrida texnika, texnologiya, umuman noosfera insonning yashash muhitiga aylanib qolgan. Binobarin, insoniyatning tabiiy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatlari kengayib borayotgan bir davrda ularning estetik muhitga ehtiyojlari ortib bormoqda. SHuni ham ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda Internetdan foydalanuvchilar soni kam bo‘lsada, global tarmoqda ishlash yoshlar tomonidan juda qisqa fursatlarda o‘zlashtirilib olinmoqda. Biroq, yoshlarning qaysi veb saytlardan foydalanishi g‘oyaviy tarbiya masalasida katta ahamiyatga ega. Bu borada belgiyalik professor Frenk Tevisson tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Evropa mamlakatlarida 90 foiz talabalar Internetdan foydalanishar ekan. Ammo, ularning qaysi saytdan foydalanishlarini o‘rganilganda, atigi 10 foiz talaba bevosita o‘quv jarayoniga taalluqli saytlarga, 90 foizi esa, asosan pornografik mazmundagi saytlarga kirishni xush ko‘rishi ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’limni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida “oliy ta’limning ma’naviy-axloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik g‘oyalariga, Yuksak ma’naviyat va insoniylikning milliy an’analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish” muhim vazifalar etib belgilab berildi. Mazkur vazifalarni ta’lim muassasalarida to‘laqonli va oqilona bajarilishi avvvalo, estetika fanining ilmiy va ta’limiy asoslarini yanada mustahkamlashni nazarda tutadi. Bunda estetika fanini o‘qitishni takomillashtirish, fanning mazmunini dolzarb mavzular bilan boyitish, ta’lim bilan tarbiyaning uzviyligini ta’minlash hamda estetika ta’limi sifatini Yuksaltirish dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, estetika fanining tarbiya jarayonidagi o‘rni ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida estetik tarbiyaning to‘g‘ri yo‘naltirilishi “talaba + mutaxassis = ziyoli” ko‘rinishning tarbiyaviy maqsadi va asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu turli tahdidlarning doirasi kengayib borayotgan, “ommaviy madaniyat”ning g‘ayriestetik ko‘rinishi tez o‘zgarib inson tafakkuriga salbiy ta’siri kuchayib borayotgan hozirgi globallashuv davrida estetika faniga bo‘lgan ta’limiy, tarbiyaviy ehtiyojni yanada kuchaytiradi.
YUrtimizda har bir yil qay nomda nomlanmasin, unda davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, kengqamrovli maqsadlarni amalga oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutadigan reja va vazifalar hisobga olinadi. O‘tgan 2017 yilda ham mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xomxayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy qayta ko‘rib chiqildi. Amaliy natijadorlik, inson manfaati va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.Joriy 2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da ham barcha amalga oshiriladigan ishlarning markazida bilim, ma’rifat ustuvor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu haqda mamlakatimiz Prezidenti SH.M.Mirziyoev “Biz diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligi haqida ko‘p gapiramiz. Bu to‘g‘ri, albatta. Lekin ma’rifat, ma’rifiy bilimlar qaerda – avvalo ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday mo‘‘tabar kitoblarda emasmi? Bizning ushbu yo‘nalishdagi barcha amaliy harakatlarimiz aynan mana shunday ezgu maqsadga qaratilgan bo‘lib, nafaqat mamlakatimiz va musulmon dunyosida, balki jahon miqyosida ham katta qiziqish va e’tibor uyg‘otmoqda. Ana shunday bebaho boylikka, minglab bilimdon ulamolar, faol ziyolilarga ega bo‘lgan, bu sohada katta tashabbuslar bilan chiqayotgan xalq va davlat sifatida Yurtimizdan qandaydir aqidaparast, diniy oqimlarga berilgan kimsalarning chiqishi albatta bizga yarashmaydi” – degan to‘g‘ri talabni qo‘ydi.

Yüklə 148,35 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin