Eskicha an’anaviy oila kiyinishda, eb - ichishda kasbu korda zamonaviy oiladan farq qilmaydi. U ham halol, hamma qatori zamonaviy sharoitda yashaydi. Faqat u o‘zining «o‘zbekchiligi, ajdodlarining an’anaviy ma’naviy qadriyatlarini «unutmagani» bilan faxrlanadi. Hamma gap shundaki, bunday oila uchun asosiy kuchi va imkoniyatlarida ana shu faxrlanish hissiga erishish uchun foydalanadi: an’anaviy o‘zbekona to‘y kechasida nikoh bazmida artistlarga «gaplashilgan» va «qistirilgan» millionlar hisobiga bemalol bitta bolalar bog‘chasi qursa bo‘ladi. Ayniqsa og‘zini qimirlatib turish bilan (fonogramma orqali) harom pul topayotgan «artist»larning qudag‘aylarni (ayol qudalarni) raqsga tushishiga da’vat qilishini borib turgan odobsizlik: ortiqcha pul yig‘ib berish uchun bechora qaynonalar yangi kelin va kuyov oldida o‘yinga tushadilar. An’anaviy to‘ylar isrofgarchilik na’munasi, muayyan ma’noda axloqsizning bir ko‘riniga aylanib ketganini tan olish kerak.
Yangicha zamonaviy oiladagi muhit esa buning aksi: to‘y - ma’rakalarda eng yomon illat bo‘lmish isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga ketadigan ortiqcha sarf-xarajatlar imkoni boricha qisqartirilib, asosiy mablag‘ oilaning faravonligini, intelektual va maishiy darajasini yuksaltirishga yo‘naltiriladi. Bunday oilada totuvlik, xotirjamlik qaror topadi, dasturxon ustidaga suxbatlar yangi kitoblar, filmlar, ijtimoiy-siyosiy yangiliklar, internet xabarlari ustida boradi, dam olish maskanlariga borish rejalari tuziladi; asosiy xatti – harakat farzandlarning oliy ma’lumotli bo‘lishiga, zamonaviy kasbiy mahoratni egallashiga, ularni halq va Vatan fahrlanadigan shaxslar bo‘lib etishishlariga qaratiladi. Agar eskicha-an’anaviy oilaviy muhit o‘zbekistonda erkin demokratik fuqarolik jamiyati qurilishiga to‘sqinlik qilsa, yangi zamonaviy oila muhiti uning tezroq ro‘yobga chiqishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Oilaning yana bir jihati - uning o‘z mulkiga egaligi. Agar nikoh oilaning botiniy ko‘rinishi bo‘lsa, oilaviy mulkni uning tashqi ko‘rinishi deyish mumkin. Oilaning mavjud bo‘lishi uchun ishlab topiladigan mablag‘ ham zarur. Oila uchun topiladigan ana shu mablag‘, shubhasiz axloqiy tabiatga ega: oila boshlig‘i oila a’zolarini halol edirib-ichirishi, kiydirishi lozim. Oilani odatda erkak kishi boshqaradi. U nafaqat «topib keladi», balki oilaviy mulkka xo‘jayinchilik qilish, uni taqsimlash huquqiga ham ega.
Yuqorida aytganimizdek, nikoh ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan, axloq bilan chegaralangan qo‘shiluv, birlashuv; bu birlashuvdan maqsad - hayotda o‘zlaridan yaxshiroq, mukammalroq bo‘lgan, o‘zlari erisholmagan orzularni ro‘yobga chiqaradigan odam nusxalarini yaratish. Bunday odamlar farzandlardir. «Ba’zi so‘fiy-teosofik oqimlarning tarafdorlarida mahsulot beradigan har bir xatti-harakatni «nikoh» deb atashga moyillik bor. Ularning fikricha, po‘lat bilan chaqmoqtosh birlashsa, bu nikohdan yanada etukroq farzand, ya’ni olov dunyoga keladi. Erkaklik va ayollik unsurlarining birlashuvi hayotni yanada yuqoriroq pog‘onaga chiqaruvchi omildir».15 Shu bois oilada bolaning ahamiyati nihoyatda katta. Ota bolada o‘z jufti halolini, ona esa sevimli erini ko‘radi: bolada er-xotinning muhabbati predmetlashadi, jonlanadi. Bola - oilani tutib turuvchi jonli muhabbat. Bolalar oilada umumiy oilaviy mulk hisobiga eb-ichadilar, tarbiya oladilar.
Oilada bolalar intizomli bo‘lib o‘smoqlari, ota-onaga bo‘ysunishlari lozim. Lekin bu intizom erkin o‘sib kelayotgan go‘dakni qullikka o‘rgatish emas, balki bolalarga xos erka-tantiqlik, o‘zboshimchalik singari salbiy xususiyatlarni yo‘qotishga xizmat qilishi kerak. Ota-onaga bo‘ysunishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yish bolaning kelajakda qo‘pol, badxulq, nokamtarin bo‘lib etishuviga olib keladi. SHu bois oila ilk axloqiy tarbiya o‘chog‘i sifatida katta ahamiyatga ega.