3.Bo’g’imoyoqlilarning sistematikasi. T.I.: Bo’g’imoyoqlilarning asosiy taksonlari: kenja tip, sinf va kenja sinflar. Bo’g’imoyoqlilar (Arthropoda) –birlamchi og’izli, ikki tomonlama simmetriyali hayvonlardir. So’nggi vaqtlargacha bo’g’imoyoqlilarning halqali chuvalchanglarga yaqinligi hyech kimga shubha uyg’otmagan. Lekin, yangi molekulyar-biologik ma’lumotlar bu ikki takson o’rtasida sezirlarli uzoqlik borligini ko’rsatmoqda. Aslida, bo’g’imoyoqlilar nematodalarga va sikloneyraliyalarga yaqinroqdir. Hozirgi davrda yashayotgan Arthropoda lar ikkita yirik taksonni o’z ichiga oladi: Chelicerata va Mandibulata. Uchinchi takson Trilobitomorpha esa qirilib ketgan turlarni birlashtiradi. Mandibulata tarkibiga 2 ta opa-uka taksonlar- Crustacea va Tracheata kiradi. Bu taksonlarning barchasini birlashtirib turadigan umumiy belgilarga tananing bo’g’imlarga bo’linganligi, xitindan iborat ekzoskelet, tullashi, har bir sigmentida bo’g’imlarga bo’lingan juft oyoqlarning borligi, lokomotor kiprikchalarning yo’qligi kiradi. Bo’g’imoyoqlilarning evolyusiyasi haqidagi tasavvurlar anchagina noaniq, chunki an’anaviy morfologik ma’lumotlar va zamonaviy molekulyar ma’lumotlar o’rtasida qarama-qarshiliklar juda ko’p. Arthropoda (bo’g’imoyoqlilar),Onychophora (onixoforalar) va Targidrada (imillab yuruvchilar) larning filogenetik yaqinligini molekulyar ma’lumotlar ham, morfologik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Shu sababli bu uchala guruh Panarthropoda monofiletik taksonini hosil qilishi barcha olimlar tomonidan tan olinadi. Lekin, Panarthropoda taksoni ichidagi munosabatlar anchagina munozaralidir. Ayrim fikrlar bo’yicha Onychophora lar Arthropoda va Targidrada ga niasbatan opa-uka takson hisoblansa, boshqa fikrlar bo’yicha Targidrada taksoni Onychophora va Arthropoda ga nisbatan opa-uka takson hisoblanadi. Ayrim zoologlar esa imillab yuruvchilarni Panarthropoda tarkibidan chiqarishni taklif qilishadi. Arthropoda(bo’g’imoyoqlilar), Onychophora (onixoforalar) va Targidrada (imillab yuruvchilar) qator o’xshashlik belgilarga ega. Ularda qalin kutikula mavjud bo’lib, o’sish va cho’zilish xususiyatiga ega emas, shu sababli ular tullash yo’li bilan o’sadi. Ularning tanasi bo’g’imlarga bo’lingan va o’sish tananing orqa tomonida joylashgan teloblastlar to’pidan yangi sigmentlarning hosil bo’lishi orqali amalga oshadi. Kutikulasi o’ziga xos tarkibga ega, unda α-xitin aniqlangan, lekin kollagen oqsillar yo’q. Sigmentlari juft oyoqlarga ega, lokomotor kiprikchalar yo’qolgan, ayrim ixtisoslashgan kiprikchalar sensillar tarkibida va spermatozoidlarda saqlangan. Kiprikli lichinka (trixofora) uchramaydi, maydalanish sirtqi. Kiprikli apparatga ega protonefridiylar uchramaydi, boshlang’ich ayirish organlari xaltasimon nefridiylardan iborat va ular kelib chiqishi jihatidan metanefridiylar bilan bog’liq (lekin ko’pgina zoologlar fikricha nevridiylarning kelib chiqishi selomoduktlar bilan bog’liq). Tana bo’shlig’i gomoseldan iborat bo’lib, uning kelib chiqishida blastosel selom qoldig’i ishtirok etadi. Yurak dorsal (orqa) tomonda joylashgan naydan iborat va har bir sigmentida juft teshikchalar (ostiylar) ga ega. Arthropoda (haqiqiy bo’g’imoyoqlilar yoki Euarthropoda) o’zida yirik taksonlar- Chelicerata, Mandibulata va qirilib ketgan Trilobitomorpha guruhlarini birlashtiradi. Bularning tanasi bir-biri bilan harakatchan birikkan, skeletlashgan plastinkalar sistemasidan iborat ekzoskelet bilan qoplangan. Boshi tarkibiga bir juft pereoral (og’iz oldi) va bir necha juft postoral sigmentlar kiradi. Ko’zlari protoserebrum tomonidan innervasiya qilinadi. Hozirgi davrda bo’g’imoyoqlilarning boshqa birlamchi og’izlilar, birinchi navbatda, halqali chuvalchanglar va sikloneyrallar bilan, evolyusion aloqalari juda keskin bahslarga sabab bo’lmoqda. Umuman, hozircha bu sohada yagona umumbashariy farazni ko’rsatish qiyin. Odatda, morfologik ma’lumotlarga asosida halqali chuvalchanglar va bo’g’imoyoqlilar birlamchi og’izlilarning bitta taksoniga-Articulata ga birlashtiriladi.