KIRISH Neft va gaz – uglevodorod tarkibli yonuvchi foydali qazilmalar bo’lib, muvofiq ravishda suyuq va gazsimon uglevodorodlar deb ataladi yoki, I.M.Gubkin bo’yicha uglerod va vodoroddan tashkil topgan kaustobiolitlar deb yuritiladi. Ularning xarakterli xususiyatlari solishtirma og’irligi hisoblanadi: neft uchun – suvga nisbatan kichik (o’rtacha 0,8 dan 0,9 g/sm3 ), gaz uchun – havodan yengil (o’rtacha 0,65-0,75 /havo bo’yicha/). Ularning issiqlik chiqarish qobiliyati yoqilg’ilarning boshqa turlariga nisbatan ancha yuqori va neftda 12000 kkal, gazda 13000 kkal ga yetadi. Shunday qilib neft va gaz muhim energetik manbani o’zida namoyon qiladi. Yigirmanchi yuz yillik neft, gaz va kondensatdan haqiqatdan ham xalq xo’jaligida (texnologiyada) foydalanishning muhim davri hisoblandi. Gazlamalar, qurilish va lak-bo’yoq materiallari, metallarni o’rnini bosuvchi materiallar, moy va boshqalar uglevodorodlarni qayta ishlash mahsulotlari hisoblanadi. Neft va gaz insoniyat tomonidan qadimdan foydalanib kelinayotgan asosiy foydali qazilmalardan biri hisoblanadi. Neft qazib chiqarish samaradorligi uni yer qa’ridan qazib chiqarish uchun burg’i quduqlaridan foydanib boshlangandan keyin tez jadallashib bordi. Arxeologik qazilmalar ma’lumotlariga ko’ra eramizgacha 6-7 ming yillar avval paleolit davrida Xitoyda (Yunan, Sin-Szyan, Shansi provinsiyalari), Yaqin Sharqda (Tigr va Yevfrat daryolari havzasi), Qrim va boshqa ko’pchilik rayonlarda neftdan yoritish, isitish, davolash maqsadlarida, qurilish xomashyosi sifatida foydalanilgan; yonuvchi gaz ham maishiy xizmatda keng foydalanildi. XIX asrning ikkinchi yarmigacha neft chuqur bo’lmagan shaxta va quduqlardan oddiy usulda qazib chiqarilgan. XIX yuz yillikning ikkinchi yarmida neftni quduqlarni burg’ilash yo’li bilan zamonaviy qazib chiqarish usuliga o’tildi. Sanoat va transportni taraqqiy etishi tufayli yoqilg’iga bo’lgan talabning ortishi neft va gaz qazib chiqarish va ularni qayta ishlash texnologiyalarining rivojlanishini jadallashtirdi. Neft va gaz nisbatan tejamkor yoqilg’i turi sifatida jahonning sanoati rivojlangan davlatlarining yoqilg’i-energetika balansida yetakchi o’rinni egalladi.
Maqolada yuqori qovushqoqli neft konlarini, shuningdek, tabiiy bitum konlarining qazib chiqarish metodlari keltirilgan. Shuni qayd qilish keraki bitum konlarini qazib qicharish metodlari qovushqoq neft konlarini qazib chiqarishdan farq qiladi, lekin, ba’zi hollarda metodlarni bir nechta konlarda qo’llash mumkin. Metodlarni tanlashda eng avval neftgazli kollektorlarning geologik-fizik xususiyati va neftga to’yingan flyuidlarning fizik xususiyatlari ta’sir qiladi [1].
Tabiiy bitumlar va noananaviy uglevodorod xom oshyosini o’zlashtirish muammolari dolzarb muammolardan biri hisoblanib asosan yuqori sanoat potensialiga ega bo’lgan, infrastruktura rivojlangan va yuqori malakali kadrlarga ega bo’lgan davlatlar uchun eng dolzarb muammo hisoblanadi [1]. Tabiiy bitumlar–genetik jihatdan turli darajada gazsizlangan, yengil fraksiyalarini yo’qotgan, qovushqoq, yarim qattiq tabiiy neft hosilalarini (maltalar, asfaltlar, asfaltitlar) o’zida namoyon qiladi [2]. Bular, bitumli jinslar kabi – sanoatning ko’p tarmoqlari uchun qimmat baho ko’p maqsadli xomoshyo hisoblanadi. Yoqilg’i-energetika sanoati uchun uglevodorod xomashyosining qo’shimcha manbayi hisoblanadi. Qurilish sanoatida asfaltbetonli qorishma sifatida ishlatiladi. Metallurgiya tarmoqlarida – yo’ldosh metall komponenti sifatida foydalaniladi.