Falsafaning predmeti Ko‘rib turibmizki, falsafa turli jihatlarga va ko‘p vazifalarni bajarishga qodir. Ma'naviy faoliyatning o‘ziga xos turi sifatida unga dunyoqarash, bilim, nazariyasiga doir, uslubiy, integrativ-sintetik, aksiologik, tanqidiy, bashoratlash, loyihalash, evristik va mafkuraviy vazifalar xosdir. Falsafaning turli tomon va vazifalarini aniqlash negizida uning predmeti sohasini ham belgilash mumkin.
Falsafaning mavzu sohasi «dunyo-inson» tizimi hisoblanadi: a) «dunyo» tizimi, b) «inson» tizimi va a) ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tizimi. Bu tizimlarning o‘zi turli darajada tasavvur etilgan. «Dunyo» tushunchasida bir butun dunyo, uning tarkibiy qismlari (megadunyo, makrodunyo, mikrodunyo; anorganik dunyo, organik dunyo, ijtimoiy dunyo va hokazolar), ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro munosabat tushuniladi. «Inson» tushunchasida alohida olingan shaxs, turli darajadagi ijtimoiy jamoalar, bir butun jamiyat tushuniladi.
Falsafani «dunyo» va «inson» tizimidagi hamma narsa va «inson»ni «dunyo»ga bo‘lgan har qanday munosabati qiziqtiravermaydi. Falsafa eng avvalo umumiylikka, «dunyo-inson» tizimidagi universal munosabatlarga yo‘nalgan. Bularga ontologik (borliq haqida), gnoseologik (bilish haqida), aksiologik (qadriyatlar haqida) va praksiologik munosabatlar kiradi. Bu munosabatlarning umumiyligi ularning zarur tarzdaligini bildiradi. Insonlar qaerda va qanday davrda yashamasinlar albatta mana shu munosabatlar orqali atrof muhit bilan bog‘liqdirlar: ular - shu dunyoning mahsuli, ular shu dunyoni o‘rganadilar, uni baholaydilar va o‘zgartiradilar.
Shunday qilib, falsafa - bu ijtimoiy ongning o‘ziga xos shakli, nazariy dunyoqarash turidir. Bunda insonning dunyoga bo‘lgan universal munosabatlari (ontologik, gnoseologik, aksiologik va praksiologik) kategoriyalarning muayyan tizimi orqali umumiylashgan shaklda aks etadi va inson madaniyati yutuqlari sintezlanadi. Shu bilan bir qatorda, falsafa umumnazariy, dunyoni yaxlitligi va biirbutunligicha o‘rganadigan fandir.