Falsafani siyosiylashtirish va sxemalashtirishning oqibatlari. Falsafani o‘ta siyosiylashtirish ma’lum ma’noda zararlidir. Chunki sobiq sovet tuzumi davrida ayni falsafiy bilimni mutlaqlashtirish, uni siyosiy bilim doirasi bilan chegaralash oqibatida falsafa siyqalashdi, uning asl mazmuniga putur yetkazildi. Shuningdek, falsafaning barcha vaqtlarda va har qanday sharoitda o‘z ahamiyatini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan, qolgan barcha masalalarni istisno etadigan birdan-bir to‘g‘ri asosiy masalasi bormi? Bizningcha, mazkur uzil-kesil ta’rif kontekstida bunday masala mavjud emas. Birinchidan, ayni holda tarixiy davrni ham, falsafiy bilimning plyuralistik tabiatini ham hisobga olish talab etiladi. Ikkinchidan, qandaydir bitta muammoni faqat u yoki bu muayyan vazifani yechish maqsadida murakkab masalalarni sxemalashtirish, ataylab soddalashtirish to‘g‘risida so‘z yuritilayotganini tushungan holda, ma’lum darajada shartlilik bilan mutlaqlashtirish mumkin.
Masalan, falsafaning «borliq» va «substansiya» kabi ayniqsa keng tarqalgan asosiy kategoriyalari haqida so‘z yuritar va muayyan faylasuflarning ularga bo‘lgan munosabatini aniqlashga harakat qilar ekanmiz, «falsafaning asosiy masalasi»ni uzil-kesil yechish tarafdorlari ilgari surgan mantiqqa muvofiq, barcha faylasuflarni ma’lum darajada shartlilik bilan materialistlar, idealistlar va dualistlarga ajratishimiz mumkin. Umuman olganda, agar, falsafada ayniqsa ko‘p muhokama qilinadigan muammolar doirasini aniqlashga harakat qilinayotgan yoki falsafa tarixini, u yoki bu falsafiy g‘oyalar, yo‘nalishlar, oqimlarning vorisiyligini yaxshiroq tushunish vazifasi qo‘yilayotgan bo‘lsa, bunday ajratish mutlaqo o‘rinlidir.
Shuningdek, muammoga nisbatan yangicha yondashuvni yoki masalaning yangicha talqinini taklif qilishi mumkin bo‘lgan boshqacha yondashuvlar paydo bo‘lishi va mavjudligiga yo‘lni berkitmaslik uchun har qanday sxemalashtirish cheklangan xususiyatga ega bo‘lishini unutmaslik kerak.
Ayni bir masalaga boshqacha nuqtai nazardan, g‘ayritabiiy yoki mutlaqo kutilmagan tomondan yondashish taklif qilingan, pirovardda esa avvalgi qarashlar nuqtai nazaridan erishish mumkin bo‘lmagan kashfiyotlar olingan hollarga tarixda misollar bisyor. Masalan, geotsentrik qarashlar o‘rnini geliotsentrik qarashlar egallashi, nisbiylik nazariyasining paydo bo‘lishi, Rim klubiga taqdim etilgan «O‘sish chegaralari» ma’ruzasi va hokazolar ko‘pchilik uchun tabiiy, o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lib tuyulgan narsalarga nisbatan noan’anaviy, g‘ayritabiiy yondashuv mahsulidir. Mazkur misollar falsafada «qat’iy», uzil-kesil ta’riflarga nisbatan ancha ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim, zero bu ba’zan yanglishishlarning mustahkamlanishiga, oxir-oqibatda esa – turg‘unlik va dogmatizmga olib keladi, degan fikrni faqat tasdiqlaydi.
Dunyoni bilish mumkinmi, degan savolga faylasuflar tomonidan berilgan javoblar orasida ham ikki qarama-qarshi yondashuv ajralib turadi. Bu yondashuvlardan biri gnoseologik optimizm deb ataladi. Unga muvofiq insonning bilish imkoniyatlari umuman olganda cheklanmagan va u o‘zini qiziqtirayotgan tabiat va jamiyat qonunlarini kashf etish, narsalar mohiyatini aniqlash va dunyoning haqiqiy manzarasini yaratishga ertami, kechmi albatta muvaffaq bo‘ladi, deb hisoblanadi. Bunda G.Gegelni, va u yaratgan ta’limotning ko‘p sonli tarafdorlarini tilga olib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ikkinchi yondashuv agnostitsizm (yunon. a – inkor va gnosis – bilim) deb ataladi. Bu yondashuv namoyondalari dunyoni, narsalar va hodisalar mohiyatini to‘la (yoki hatto qisman) bilish amalda mumkin emas, deb hisoblaydi. Bunday qarashlar ayniqsa D.Yumga xosdir. Odatda, agnostitsizm namoyandalari qatoriga I.Kant ham kiritiladi, ammo bu yondashuv ancha bahsli bo‘lib, faylasuflar orasida munozaralarga sabab bo‘lib keladi.