Benedikt (Barux) Spinoza (gollandiyalik faylasuf 1632-1677) R.Dekartning substansiya haqidagi dualistik ta'limotiga zid o‘laroq, dunyo haqidagi monistik ta'limotni yaratdi. Uning monizmi panteizm ko‘rinishida namoyon bo‘ladi: o‘z ontologiyasida Spinoza Xudo va tabiatni ayniylashtiradi, bunda Xudo yaratuvchi tabiat va yaratilgan tabiat sifatida amal qiladi. Ayni vaqtda B.Spinoza birgina moddiy substansiya mavjud bo‘lib, uning asosiy atributlari ko‘lamlilik va fikrlashdir, degan fikrni ilgari suradi. Shunday qilib, butun tabiat u Xudo bo‘lgani uchungina emas, balki unga fikrlash xos bo‘lgani uchun ham jonli hisoblanadi. Spinoza butun tabiatni jonlantirib, shu tariqa gilozoist-faylasuf sifatida ham namoyon bo‘ladi.
U moddiy substansiya atributlari ham materiya kabi abadiy: ular hyech qachon vujudga kelmaydi va yo‘q bo‘lmaydi deb hisoblagan. Faylasuf substansiyaning konkret holatlari – moduslarga ko‘p e'tibor beradi. U moduslarni ikki guruhga ajratadi: abadiy, cheksiz moduslar va muvaqqat, chekli moduslar. Cheksiz moduslar substansiya atributlari – fikrlash va ko‘lamlilik bilan, chekli moduslar esa - qolgan barcha narsalar va hodisalar bilan belgilanadi.
Spinoza harakat hyech qanday ilohiy turtki mahsuli emasligini isbotlashga harakat qiladi. Uning fikricha, tabiat «o‘z-o‘zining sababi» bo‘lib, harakat uning mohiyati va manbai hisoblanadi. Ammo harakat Spinozada atribut emas, balki modusdir. Bunda harakat muayyan narsalarda kuzatiladi, substansiya esa harakatlanish va o‘zgarish qobiliyatidan mahrum va vaqtga mutlaqo bog‘liq emas.
Ayni zamonda Spinoza – izchil determinist. U hodisalarning yuz berishi, mavjudligi va yo‘q bo‘lishi zamirida ob'ektiv sabablar yotadi, deb hisoblagan. Uning fikricha, sababiyat ikki xil: ichki (immanent) va tashqi (mexanik) bo‘ladi. Ichki sababiyat substansiyaga, tashqi sababiyat – moduslarga xos. Spinoza sababiy bog‘lanishlarnigina emas, balki tasodif, zaruriyat va erkinlik munosabatlarini ham determinizm nuqtai nazaridan o‘rganadi. O‘zining «Etika» asarida u tasodifni zaruriyat bilan bir qatorda mavjud bo‘lgan ob'ektiv hodisa sifatida e'tirof etadi.
B.Spinoza bilishning uch turini farqlaydi: faqat mujmal va haqiqiy bo‘lmagan tasavvurlar beruvchi hissiy bilish; moduslar haqida bilim olish uchun imkoniyat yaratuvchi aql yordamida bilish; bilishning eng oliy shakli – haqiqatga yo‘l ochuvchi intuitsiya. Intuitiv yo‘l bilan aniqlangan haqiqatlar (aksiomalar)dan deduktiv yo‘l bilan – matematika metodlari yordamida qolgan barcha xulosalar chiqariladi.
Spinoza ilgari surgan g‘oyalar o‘sha davrda fanda hukm surgan teleologizm (tabiatda Xudo ato etgan maqsadga muvofiqlik)ga qarshi qaratilgan.