Plyuralizm (lot. – ko‘plik, ko‘p xillik, ko‘p sonlik)dunyoning negizida ikkita emas, balki undan ko‘proq mohiyat borligini tan oluvchi ta'limotdir. atamasini ham X.Volf 1712 yilda taklif qilgan. Bu Ayni shu ta'limotda borliqning ko‘p sonli mustaqil va o‘zaro bog‘lanmaydigan asoslari borligi haqidagi g‘oya ham ilgari surilgan.
Leybnitsning monadalar haqidagi ta'limoti (monadologiya) plyuralizmning klassik ko‘rinishi hisoblanadi. Ushbu ta'limotga ko‘ra, dunyo son-sanoqsiz ruhiy substansiyalardan tashkil topadi. Plyuralistik yondashuvning bundan oldinroq ilgari surilgan ko‘rinishlari ham mavjud. Masalan, Empedokl yaratgan dunyoning to‘rt asosi haqidagi ta'limot plyuralistik ontologiyaning turlaridan biri sifatida amal qiladi.
Ba'zan plyuralizmga mustaqil ta'limot sifatida emas, balki dualizmning o‘zgargan ko‘rinishi sifatida qaraladi. Lekin plyuralistlar o‘z nazariyasining asosiy vazifasini dualistik munozaralarda yechimini topmagan ruh va tabiat o‘rtasidagi qarama-qarshilik masalasidan farq qiladi, deb biladilar.
I.Kant Substansiyani barcha o‘zgarishlar va o‘z-o‘zining sababchisi -causa sui sifatida tushunish g‘oyasini, yuksak baholangan. U substansiyani «hodisalarning vaqtdagi barcha munosabatlarini aniqlashga yordam beruvchi o‘zgarmas asos», deb ta'riflagan. Uningcha, substansiya har qanday tajriba va har qanday idrok etishning asosiy shartidir. U barqaror holatda bo‘ladi, har qanday mavjudlik va vaqtdagi o‘zgarish uning modusi, ya'ni o‘zgarmas narsaning mavjudlik usuli.
Hozirgi zamon falsafasida substansiya kategoriyasining ontologik mazmuni o‘zaro ta'sir sifatida tushuniladi. Chunki aynan o‘zaro ta'sir dunyo yaralishining haqiqiy va pirovard sababchisi – narsalarning o‘z-o‘zini yakuni (causa finalis) hisoblanadi. Narsalarni substansiyalilik nuqtai nazaridan o‘rganish ularning mavjudligini ichki sabablar va o‘zaro ta'sirlar nuqtai nazaridan yoritish, demakdir. Shu ma'noda, substansiyani ichki birlik, uning cheksiz va rang-barang o‘zgarishlaridan qat'iy nazar, ob'ektiv borliq sifatida, harakatning barcha shakllari, mazkur harakat jarayonida yuzaga keluvchi va yo‘q bo‘luvchi tafovut va qarama-qarshiliklar nuqtai nazaridan yondashiladigan materiya sifatida ta'riflash mumkin.
Shunday qilib, substansiyaning xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
- o‘z-o‘zini belgilash (o‘z-o‘zining sababchisi hisoblanadi, uni yaratib va yo‘q qilib bo‘lmaydi);
- universallik (hyech narsaga bog‘liq bo‘lmagan, barqaror, o‘zgarmas va mutlaq birinchi negizni ifodalaydi);
- kauzallik (barcha hodisalarning umumiy sababiy bog‘liqligini o‘z ichiga oladi);
- yagonalik (birinchi negizning yagonaligini nazarda tutadi);
- yaxlitlik (mohiyat va mavjudlikning birligini ko‘rsatadi).
Xo‘sh, ana shu xususiyatlar nuqtai nazaridan hozirgi zamon falsafasida substansiya kategoriyasi o‘z o‘rniga egami?
Avvalo, ta'kidlash lozimki, substansiya kategoriyasi hozir ham ko‘p jihatdan diqqatga sazovor. Birinchidan, bu barcha hodisa va jarayonlarning sababiy belgilanganligi g‘oyasini namoyon qiladi. Substansiya bunda barcha mavjud narsalarning birinchi sababi sifatida amal qiladi. Ikkinchidan, u universiumning ontologik mazmunini muayyanlashtirish talabidir. U barcha o‘zgarishlarni belgilovchi o‘zaro ta'sirning yangi turlarini izlash va maydonning yagona fizik nazariyasini tuzishga yo‘naltiradi. Uchinchidan, substansiya o‘zining rang-barang ko‘rinishlari darajasida uning rivojlanishi nuqtai nazaridan olingan hamda o‘ziga xos bo‘lgan butun evolyusion imkoniyatlarni ishga solib, harakatlanayotgan materiya sifatida tushunilishi lozim. To‘rtinchidan, substansiya kategoriyasiga murojaat etish materiya va ongning mutlaqo qarama-qarshiligi to‘g‘risidagi masalani kun tartibidan chiqarish imkonini beradi.
Substansiya masalasi biron-bir faylasuf e'tiboridan chetda qolishi mumkin emas, chunki uning har qanday mulohazalari, ular qaysi mavzuga tegishli bo‘lmasin, go‘yoki «havoda muallaq osilib qoladi», zero har doim mulohaza qilinayotgan narsaning eng katta asoslari haqidagi masala yuzaga keladi. Masalan, bir qarashda dunyoning zamirida nima yotishini aniqlashdan uzoq bo‘lib tuyuladigan axloq mavzusini olaylik. Axloq individual ong bilan ham, ijtimoiy ong bilan ham bevosita bog‘liq bo‘lib, faqat ularga bog‘lab o‘rganilishi mumkin. Ammo ongning kelib chiqishi haqidagi masala falsafa tarixida har xil hal qilinadi. Xususan, diniy falsafa vakili uchun axloqning ham, ongning ham manbai va birinchi asosi Xudodir, ayni vaqtda ateist uchun bu masala butunlay boshqacha yechimga ega bo‘ladi.
Falsafa tarixida ob'ektiv dunyoning butun rang-barangligi qandaydir pirovard, eng katta asosga qanday bog‘langaniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tabiatan har xil bo‘lgan va bir-biriga mutlaqo bog‘lanmaydigan ikki shunday asos: materiya va ongga duch kelamiz.
Ko‘rsatilgan asoslar ham, ularning o‘zaro aloqasi masalasi ham doimo qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan, moddiy (tabiiy) va ideal (ma'naviy) narsalar va hodisalarning o‘zaro nisbati muammosi esa deyarli har bir ta'limotda bevosita yoki bilvosita ilgari suriladi.