Falsafa tarixida mazmun va shakl kategoriyasiga munosabat



Yüklə 90 Kb.
səhifə3/14
tarix12.05.2023
ölçüsü90 Kb.
#112239
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
4 FALSAFA TARIXIDA MAZMUN VA SHAKL KATEGORIYASIGA MUNOSABAT

Butun va qism. O‘zaro bog‘langan soddaroq narsalardan tashkil topadigan har qanday predmetning murakkab tuzilishini ifodalovchi falsafiy kategoriyalarning ayrim nisbatan ajralmas majmuasini tashkil etadi.
Predmetni (butunni) tashkil etuvchi narsalar uning qismlari hisoblanadi. Butunni tashkil etuvchi qismlarni birlashtiradigan bog‘lanish predmetga yaxlitlik baxsh etadi, ya'ni butunga xos bo‘lgan, lekin uni tashkil etuvchi qismlarga ularning tarqoqlik holatiga xos bo‘lmagan integrativ xossalar va qonuniyatlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Butun o‘zini tashkil etuvchi qismlarning birligidir. U o‘z qismlarining o‘zaro aloqasi tufayli mavjud bo‘lib, bu aloqaning barqarorligi mazkur butunning tuzilishida o‘z ifodasini topadi.
Butun va qism tushunchalari qadimgi yunon falsafasidayoq ma'lum bo‘lgan. Butunni o‘rganishga nisbatan yondashuvlarni belgilashda yuzaga kelgan ziddiyatlarni yechish qiyinchilik tug‘dirgan. Ma'lumki, Dekart o‘zining metod haqidagi mulohazalarida har qanday predmetni o‘rganishni bilish vazifasini yechish uchun bu predmetni necha qismga ajratish kerak bo‘lsa, shuncha qismga ajratishdan boshlashni tavsiya etadi. Demak, butun - qismlar yig‘indisi deyish ham mumkin. Ammo bu fikr faqat qisman to‘g‘ri, chunki butun o‘zini tashkil etuvchi qismlarning oddiy yig‘indisi bilan izohlanishi mumkin emas. Masalan, qurilish materiallari bir uyumga to‘kilsa, bino paydo bo‘lmaydi. Qarama-qarshi yondashuv butunning ustunligini tan olishni nazarda tutadi. Bu holda butunni bilish qismlarni bilishdan oldin keladi. Ammo butunning o‘ziga xosligi uni tashkil etuvchi qismlardan kelib chiqmaganidek, qismning xossalari ham butundan kelib chiqmaydi. Natijada qoniqarli yechimini topish mushkul bo‘lgan yaxlitlik antinomiyalari yuzaga keldi, chunki qarama-qarshi fikrlarning har birini amaliyotdan olingan misol bilan isbotlash va xuddi shuningdek, amaliyotdan olingan misol bilan rad etish mumkin. Masalan, butun qismlarning yig‘indisidir, degan qoidaga butun o‘zini tashkil etuvchi qismlar yig‘indisidan ko‘proqdir, degan qarshi qoida zid keladi. Qismlar butundan oldin paydo bo‘ladi, degan fikrga butun o‘zining qismlaridan oldinroq paydo bo‘ladi, chunki ularga yangi xossalar baxsh etadi, degan fikr zid keladi. Mazkur antinomiyalar bilish metodologiyasida ham bilishning qarama-qarshi mo‘ljallarida o‘z ifodasini topadi: butunni bilish uning qismlarini bilish orqali amalga oshiriladi, bunga qarshi qoida esa shunday yangraydi: qismlar butunni qismlarga ajratish mahsuli sifatida faqat butun haqidagi bilimga muvofiq anglanishi mumkin. Bu esa butun va qismning yaxlitlik orqali ifodasida namoyon bo‘ladi. Yaxlitlik jumboqlariga quyidagi hodisa misol bo‘ladi: har bir atom yadrosining og‘irligi uning tarkibiy qismlari og‘irligining yig‘indisidan kamroqdir. «Massa nuqsoni» deb ataladigan bu hodisa massa va energiyaning ekvivalentligi bilan izohlanadi. Bu hodisani yaxlitlik jumboqlari nuqtai nazaridan qanday tushuntirish mumkin? Mazkur ziddiyatlarni yechish butun va qismning aloqasi haqidagi qarama-qarshi tasavvurlar birligini tan olishni nazarda tutadi. Darhaqiqat, qism butunga bog‘liq bo‘ladi, u butundan yangi xossalar oladi. Butun ham qismlarga, biroq ko‘proq darajada – ular o‘rtasidagi aloqaning xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Butunning uch tipi ma'lum:
a) mexanik butun (qum, tosh uyumi, chunki ularning qismlari butunga kiradi va undan deyarli o‘zgarmasdan chiqadi);
b) uyushgan butun, agar qismlarning ko‘rinishi o‘zgarsa;
v) organik butun, agar qismlar o‘z-o‘zidan rivojlansa (tirik organizmlar).
Qismlar o‘rtasidagi aloqaning xususiyati butunning sifat jihatidan aniqligini, uning yaxlitligini belgilaydi. Yaxlitlik qismlarning shunday bir aloqasiki, unda butun qismlarining birligi ta'minlanadi, buning natijasida butun tizimlilik, uyushqoqlik xususiyatini kasb etadi. Qismlar aloqasining tipi yaxlitlik tipini belgilaydi. Aloqaning strukturaviy (tuzilishi), funksional (predmetning faoliyat usulini tavsiflovchi), genetik tiplari yaxlitlikning tegishli tiplarini tashkil etadi. Yaxlitlikning quyidagi turlari farqlanadi:
Mexanik yaxlitlikda qismning butunga kamroq bog‘liqligi va butunning qismga sezilarli darajada bog‘liqligi kuzatiladi. Masalan, avtomobil g‘ildiragi yoki ruli uning harakatlanishini ta'minlovchi qismlardir, lekin ular o‘z sifatida avtomobildan qat'iy nazar mavjud bo‘lishi mumkin.
Noorganik yaxlitlikda qismlarning butunga bog‘liqligi ortadi, butunning qismga bog‘liqligi esa kamayadi. Qismlarning barqaror aloqasi har bir elementga o‘z xossalarini saqlash va nisbatan o‘zgarmas bo‘lib qolish imkonini beradi. Masalan, elektron atom tarkibida ham, undan tashqarida ham (harakatlanayotgan elektronlarning izchil oqimi sifatida) deyarli o‘zgarishsiz qoladi.
Organik yaxlitlikda organik dunyoda nafaqat qismlarning o‘zaro mosligiga, balki ularning subordinatsiyasiga ham duch kelish mumkin. Organik tizimlarning qismlari butundan tashqarida mavjud bo‘lmaydi. Tanadan uzilgan qo‘l faqat nomigagina qo‘l sanalishini Aristotel qadim zamonlardayoq qayd etgan edi.
Yaxlitlik tiplari va turlarining tasnifi butunning tabiatini bilish nafaqat uni tashkil etuvchi qismlarni, balki qismlar o‘rtasidagi aloqalar xususiyatini ham bilish orqali amalga oshirilishini ko‘rsatadi.
Demak butun – narsa, hodisa va uni tashkil etgan qismlarning muayyan tartibda joylashuvi va o‘zaro bog‘langan yagonalikning ifodasi. Qism – butun tarkibiga kiradigan, uning tarkibidagina o‘z vazifasi (funksiyasi)ni bajara oladigan alohidalik. Masalan, yaxlit bir butun sifatidagi H2O molekulalarining qismlari – vodorodning ikki atomi va kislorodning bir atomi. Butun o‘z qismlarining oddiy yig‘indisidan iborat emas. Ma'lumki, vodorod yonadi, kislorod yonishni quvvatlaydi, lekin suv, albatta, yonishga to‘sqinlik qiladi.
Dialektika butun va qismga ularning dialektik birligi nuqtai nazaridan yondashadi. Butun hosil bo‘lganda qismlar xossalarining yig‘indisidan iborat bo‘lmagan yangi sifat vujudga keladi; shunga qaramay u qismlar – ularning miqdori va o‘zaro aloqaning muayyan tipi bilan belgilanadi. Shu sababli dialektika butunni bilish faqat xossalar, qismlar haqida bilim mavjud bo‘lgan taqdirda samarali bo‘lishi mumkin va aksincha, qismlarni o‘rganish butunga doir oldingi bilimga tayanishi lozim, deb hisoblaydi.

Yüklə 90 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin