4 FALSAFA TARIXIDA MAZMUN VA SHAKL KATEGORIYASIGA MUNOSABAT
Sinergetika sababiyat haqida. Sababiyat haqidagi falsafiy qarashlar uzoq evolyusiya jarayonini boshdan kechirdi. Mexanistik yondashuv sababni sirtdan ko‘rsatilgan ta'sir sifatida talqin qiladi. Dunyo jismlarning tartibga solingan, oldindan aytish mumkin bo‘lgan aniq o‘zaro aloqasi sifatida tasavvur qilinadi. Tasodifning mavjudligi rad etiladi. Sababiyat zanjirlari chiziqli xususiyat kasb etadi, oqibat sabab ta'siriga proporsional bo‘ladi. Binobarin, sababiyat zanjirlariga qarab rivojlanish jarayonining o‘tmishini ham, kelajagini ham aniqlash mumkin. Ammo ilmiy bilimning rivojlanishi mexanistik determinizmning asossizligini namoyish etadi. Sinergetika yo‘nalishi asoschilaridan biri I.R.Prigojin mexanistik determinizmga shunday baho beradi: «Dinamika ratsionalistik modelining mahsuli sifatida tushunilgan determinizm endilikda ayrim hollardagina namoyon bo‘luvchi xossa bilan bog‘lanadi»3, deb baho beradi.
Fan rivojlanishi bilan sabab-oqibat aloqalarining statistik qonuniyatlari va ehtimoliy tabiati haqidagi tasavvur yuzaga keladi. Murakkab tizimlarning o‘z-o‘zini tashkil etishi haqidagi fan – sinergetika determinizm talqiniga ma'lum aniqliklar kiritdi. Bir qator ilmiy dalillar olimlar har qanday tabiiy hodisalar stoxastik xususiyatga ega va muayyan noaniqlik sharoitida yuz beradi, degan xulosa chiqarishiga olib keldi. Murakkab tizimlar uchun, odatda, rivojlanishning bir necha muqobil yo‘llari mavjud bo‘ladi. Sinergetika sabab-oqibat aloqalari nomutanosib tizimlarda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi. Bu tizimlarning rivojlanishi ko‘p variantlidir. Bunda evolyusiyaning har qanday turi emas, balki yo‘llarning muayyan doirasi mavjud bo‘lishi mumkin. Rivojlanishda kutilmagan burilishlar yuz berish ehtimoli mavjud, chunki u tasodifiy aloqalar orqali sodir bo‘ladi. Nomutanosib tizimlar tashqi omillarga o‘ta ta'sirchandir. Shu bois intensivlik darajasiga ko‘ra ahamiyatsiz bo‘lgan ta'sirlar ham kutilmagan natijalarga olib keladigan shikastli oqibatlar sababi bo‘lishi mumkin.