Fransuz falsafasida R. Dekart, Lametri, Gelvesiy, Didro, Golbax va Russoning qarashlari nihoyatda muhim.
R. Dekart (1596-1650) qarashlarida dualizm asosiy o‘rin tutadi. Uning fikricha, borliqning asosida materiya bilan ruh yotadi va Xudoga bo‘ysunadi. Olam cheksiz va abadiy, u inson tafakkuriga bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanadi. R. Dekartning «Men fikr qilayapman, demak men mavjudman» degan gapi faylasuflar orasida mashhur. Bilishda fikr va sezgilar ahamiyatini nihoyatda ortiq baholagan R. Dekart ratsionalizm ta’limotining asoschisi hisoblanadi. Uningcha, insonning fikrlashidan boshqa hamma narsani tekshirish, shubha ostiga olish mumkin. Dekart o‘z zamonasining buyuk matematiklaridan biri, aniq fanlar sohasida ahamiyat kasb etgan deduksiya usulini falsafaga kiritgan olim hamdir.
Lametri, Gelvesiy, Didro va Golbax asosiy e’tiborni milliy davlatchilik, inson erkinligi, haq-huquqlari muammolariga qaratdilar. O‘z asarlarida fransuz millatini ma’nan kamol topishi va ma’rifatli xalqqa aylanishi uchun mazkur qadriyatlarga erishish yo‘llari va usullarini bayon etdilar. Ular va boshqa ko‘p fransuz ma’rifatparvarlari yozgan ko‘p tomlik «Ensiklopediya» o‘sha zamon ma’naviy muammolarini ma’rifatli yo‘l bilan hal qilish usul va imkoniyatlari sharhlangan «Yevropa qomusi» darajasiga ko‘tarildi. Ahamiyati, muammolarining umuminsoniy nuqtai nazaridan yechilishi, xalqchilligi, tilining fransuz millati hayot tarziga yaqinligi bois ensiklopediya XVIII asr Yevropasining tengi yo‘q kitobi edi. Kitob mualliflari o‘z asar va faoliyatlari bilan 1789-1884 yillarda Fransuz inqilobi qabul qilgan «Inson va grajdanlar huquqlar dekloratsiyasi»da ilgari surilgan umuminsoniy qadriyatlarni jamiyat taraqqiyotining eng ustivor ma’naviy mezonlariga aylantirdilar.
Nemis falsafasi. XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Germaniya boshqa Farbiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan iqtisodiy va siyosiy jihatdan qoloq edi. Ammo fransuz inqilobining kuchli ta’siri ostida hamda tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlarning rivoji nemis falsafasini shakllantirdi. Fizika va ximiya fanlari yutuqlarga erishdi. Matematika fanida yangi ixtirolar qilindi. Kashfiyotlar va kishilik jamiyatining taraqqiyoti haqidagi g‘oyalar borliqni o‘rganishning uslubi va nazariyasi sifatida xizmat qiluvchi nazariyalarni ishlab chiqishni tarixiy zaruriyatga aylantirdi.
Nemis falsafasining asoschilaridan biri Immanuil Kant(1724-1804) yirik tabiatshunos olim edi. Kantning gaz holatidagi ulkan tumanlikdan quyosh sistemasining kelib chiqishi haqidagi nazariya astronomiya sohasidagi eng muhim ta’limotlardan biridir. Kant o‘z davri tabiatshunosligi erishgan yutuqlarni Koinot tuzilishi, genezisi va rivojlanishi masalalariga tatbiq qildi. Kantning inson irqlarining tabiiy kelib chiqishi haqidagi nazariyasi ham muhim ahamiyatga ega.Borliq, axloq masalalarini tahlil qilish uchun inson bilimining imkoniyat va chegaralarini aniqlamoq kerak. «Narsa o‘zida»ning sezgi a’zolarimizga ta’siri natijasida vujudga kelgan sezgilar xaosi aqlimiz quvvati bilan tartibga solinadi. Biz tabiat qonunlari degan narsalar aslida aql tomonidan hodisalar dunyosiga kiritilgan aloqadir. Hodisalar dunyosiga «narsa o‘zida» mos keladi. Uni mutlaq bilish mumkin emas. «Narsa o‘zida» aql bilan bilish mumkin, lekin tajribadan kelib chiqmaydigan mohiyatdir. Kant vafotidan keyin nemis falsafasining rivoji Gegel(1770-1831) ijodida yuksak cho‘qqiga erishdi. Gegel dialektikaning qonun va kategoriyalari haqidagi ta’limotni rivojlantirdi. Falsafa tarixida ilk marta dialektik mantiqning asosiy qoidalarini bir tizimga solib, ishlab chiqdi. Kantning «narsa o‘zida» ta’limotiga qarama-qarshi ta’limotni ilgari surdi: «Mohiyat namoyon bo‘ladi, hodisa mohiyatdan ajralmasdir». Gegel ta’kidlaydiki, kategoriyalar borliqning ob’ektiv shakllaridir. Borliqning asosida «dunyoviy aql», «mutlaq g‘oya» yoki «dunyo ruhi» yotadi.
Gegel fikricha, tarix mutlaq g‘oyaning, mohiyatan aqlning o‘z-o‘zidan rivojidir. Lekin bu jarayon qandaydir tartibsiz amalga oshmaydi. Gegel umumjahon tarixini to‘rt bosqichga bo‘ladi: 1. Sharq dunyosi; 2. Yunon dunyosi; 3. Rumo dunyosi; 4. German dunyosi.
Insoniyat tarixiga Gegel ochiqdan-ochiq irqchilik ruhida baho beradi. Uningcha, sharq xalqlarida yagona zo‘ravon hukmronning erkinligi tan olingan. Yunon-rumo dunyosida esa erkinlik cheklangan, faqat ayrim kishilar uchun amal qilgan. Faqat german xalqlarida to‘liq erkinlik bo‘lgan. Bu xalqlar o‘z tarixiy taraqqiyotida reformatsiya, 1789 yil Fransuz inqilobi mevalaridan bahramand bo‘lganlar, umumiy fuqarolik va siyosiy erkinlikka erishganlar.
XX asrga kelib insoniyat fan va texnika taraqqiyoti sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Ayni asr ijtimoiy silsila, ikkita jahon urushi, ekologik inqiroz, og‘ir yo‘qotishlar davri ham bo‘ldi. Bu esa falsafiy fikr taraqqiyotida o‘z aksini topdi. Natijada, hozirgi davr falsafasida xilma-xil yo‘nalishlar mavjud.
Hozirgi zamon falsafasining eng asosiy tamoyillari: umuminsoniylikning ustuvorligi, uning milliylik bilan uyg‘unligi, demokratik erkinliklar, inson qadri, biror ta’limotni mutlaqlashtirmaslik, bag‘rikenglikdir.
Bugun ko‘p zamonaviy falsafiy oqimlar o‘zlarining an’anaviy falsafaga aloqador ekanliklari hamda ulardan farq qilishlarini ta’kidlash maqsadida, nomlariga «neo» – yangi ma’nosini anglatuvchi qo‘shimchani qo‘shganlar: neopozitivizm, neotomizm...
Zamonaviy falsafiy ta’limotlarni asosan ikki yo‘nalishga ajratish mumkin: ssientizm (lot. scientia – fan) – fan mavjud barcha ijtimoiy muammolarni hal etishi mumkinligi, ilm-fan taraqqiyotining doimiy ijobiyligini asoslovchi falsafiy dunyoqarash. Ssientizm g‘oyalari, neopozitivizm, texnologik determinizm kabi ta’limotlar asosini tashkil etadi); antissientizm (fan taraqqiyoti jamiyat hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini asoslovchi falsafiy dunyoqarash. Ekzistensializm, frankfurt ijtimoiy-falsafiy maktabi, Rim Klubi tarmoqlari, ba’zi diniy-falsafiy oqimlarning fanga munosabatini ifodalaydi, ilm-fan taraqqiyoti natijalarini nazorat ostiga olish, jamiyat hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik talabi bilan bog‘liqdir).
Umuman, XX asr falsafasida bir-biriga muqobil yo‘nalishlar ratsionalizm va irratsionalizm, antropologizm va naturalizm, ssientizm va antissientizm, materializm va idealizm o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.
Yangicha falsafiy tafakkurga asos solgan nemis olimi Artur Shopengauer(1788 – 1860) olamda mavjud barcha narsalar irodaning namoyon bo‘lishi, irodani esa ongsiz ko‘r-ko‘rona intilish tarzida tushunadi. Maxluqotning instinkt, xatti-harakatlari – irodaning namoyon bo‘lishidir. Inson faoliyati ham aqldan begona irodaning natijasi sababli mohiyatan irrotsional asosga ega. Aql esa tasodifiy, inson hayoti doim aylanib turgan iroda g‘ildiragiga bog‘liqdir.