Musulmon sharqida falsafiy bilimlarning ahamiyati. Mamlakatimizda islom dinining taraqqiy etishi bilan uzviy bog‘liqdir. Bu falsafa Vatanimiz asl farzandlari – ulug‘ bobokalonlarimizning islom dini, islom falsafasi va jahon sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan ta’limotlari dunyoga kelgan davr falsafasi hamdir. O‘rta asr Sharqida arab xalifaligi davriga kelib yangi feodal ishlab chiqarish usulining qaror topishi bilan intellektual bilimlar monopoliyasi ruhoniylar qo‘liga o‘tadi. Natijada diniy rasm-rusumlari va an’ana-odatlari jamiyatdagi axloqiy-iqtisodiy va huquqiy-iqtisodiy normalarga aylanadi. Bu davrda falsafa amaliyotdan ajralib, ko‘proq sxolastikaga aylanib, ilohiyot haqidagi ta’limot xarakterini oladi.
Bu davr mutafakkirlari olamning tabiati va mohiyati, uning taraqqiyoti, koinotning sirlari, insonning hayoti, uning dunyodagi o‘rni haqida, insonda uchraydigan har xil kasalliklarning sabablari haqida diniy qarashlar bilan birga, ulardan tubdan farq qiladigan tabiiy-ilmiy va falsafiy qarashlarni ham ilgari suradilar. Bu bilan ular ilg‘or falsafiy dunyoqarashga va tabiatshunoslik bilimlari rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar. Bu mutafakkirlar O‘rta asr Sharq falsafasiga asos soladilar. Yoqub Ibn Is’hoq al-Kindiy (800-879) birinchi arab faylasufi edi. Al-Kindiy qadimgi yunon faylasuflarining asarlarini o‘rganish bilan cheklanmay, ularning bir nechtasini arab tiliga tarjima ham qiladi. U tez orada shuhrat topadi. Xalifa Al-Ma’mun uni «Baytul hikma» («Donolar uyi») akademiyasiga jalb qiladi. Al-Kindiy bu yerda yirik tarjimon va olim Xusayn Ibn Is’hoq qo‘lida tarjima ilmini o‘rganadi. Aristotelning «Metafizika», Ptolomeyning «Geografiya», Yevklidning «Elementlar» kitoblarini yunon tilidan arab tiliga tarjima qiladi. Aristotelning «Kategoriya», «Ikkinchi analitika», «Organon» asarlariga, Ptolemeyning «Almagest» asariga, Evklidning «Elementlar» kitoblariga sharhlar yozadi. Al-Kindiy falsafa bilan din o‘rtasidagi tortishuvni falsafa foydasiga hal qiladi. U falsafa fanini “Insonning toqati yetgunchanarsalar haqiqatini bilish ilmi” yoki “Har bir haqiqat sababini birinchi haqiqatga olib boruvchi ilm” deb ta’riflaydi.
Sharq falsafiy tafakkurining yirik namoyandalari orasida Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomuschi-olim, Yaqin va O‘rta Sharqda aristotelizm asoschilaridan biri Forobiy, buyuk faylasuf va tabib Ibn Sino (Avitsenna), atoqli astronom, matematik, shoir va mutafakkir Umar Xayyom, tabib va faylasuf Ibn Rushd (Averroes) bor.