Falsafiy tafakkur evolyusiyasi. Qadimgi davr, o‘rta asrlar, uyg‘
O‘rta asrlar Sharq falsafiy tafakkurining rivojlanish xususiyatlari. Markaziy Osiyo – sivilizatsiyaning qadimgi o‘choqlaridan biri. VIII-IX asrlarda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirgan. Bu davrda xalifalik markazlari – Bag‘dod va Damashqda madaniyat va fan ravnaq topdi.
Xalifalar al-Mansur (754-776), Horun ar-Rashid (786-809), Ma'mun (813-833) hukmronligi davrida hind va yunon adabiyotlarining tarjimalariga qiziqish ayniqsa kuchaydi, Aristotel, Galen, Gippokrat, Arximed, yevklid kabi yunon faylasuflarining ilmiy merosi o‘rganildi. IX asr boshida Bag‘dodda «Dor ul hikmat» - «Bilim uyi» tashkil etildi. Bu dargohda xalifalikning turli shaharlaridan taklif qilingan olimlar astronomiya, tibbiyot, tarix, geografiya, kimyo, falsafa va boshqa fanlarni sinchiklab o‘rgandilar.
IX asrda boshlangan arab istilosiga qarshi kurash mustaqil davlat qurish va xalifalikka qaramlikdan xalos bo‘lish uchun kurashga aylandi. Natijada Markaziy Osiyo mo‘g‘ullar istilosini boshdan kechirdi va unga qarshi kurash jarayonida XIII asr boshlarida bir necha davlatlar – Tohiriylar, Somoniylar, Saljuqiylar va G‘aznaviylar davlatlari paydo bo‘lib, ular keyinchalik tor-mor qilindi.
IX asr boshlarida dastlab Somoniylar davlati vujudga kelgan bo‘lsa, XIII asrning 20-yillarida Xorazmiylar davlati mo‘g‘ullarning uzluksiz hujumi ostida qoldi. Biroq, ko‘p asrlik urushlarga qaramay, Markaziy Osiyoda madaniyat, fan, san'at va adabiyot rivojlanishda davom etdi.
Bu davrda al-Xorazmiy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, va boshqa buyuk allomalar yashab ijod qildilar. Ular yaratgan asarlar ahamiyatiga ko‘ra o‘sha davrni Markaziy Osiyoda uyg‘onish davri deb nomlash mumkin. Uyg‘onish davri fani va madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. barcha odamlarni ma'rifatli qilishga intilish, bu yo‘lda o‘tmish merosidan va qo‘shni mamlakatlarning fan, madaniyat yutuqlaridan foydalanish, tabiiy-falsafiy va ijtimoiy fanlarni rivojlantirish;
2. tabiatni o‘rganish, tabiiy-ilmiy bilimlarni oqilonalikka tayanib rivojlantirish, aqlning kuchiga ishonish, asosiy e'tiborni haqiqatni bilishga qaratish, haqiqatni inson bilimining negizi deb bilish;
3. insonga xos tabiiy, badiiy, ma'naviy fazilatlarni yuksaltirish, insonparvarlikni ulug‘lash, barkamol avlodni tarbiyalashda oliy ma'naviy qonunlarga rioya qilish;
4. universalizm – borliq va ijtimoiy hayotning barcha muammolariga qiziqish, bu davr madaniyatining muhim jihatlaridir.
Bu davr madaniyati umuminsoniy qadriyatlarning rivojlanishiga xizmat qilgan. Savdo-sotiqning rivojlanishi, iqtisodiy aloqalarning kengayishi, xalifalikning turli viloyatlari o‘rtasida madaniy qadriyatlar almashinuvi va uning boshqa mamlakatlar bilan aloqalarining kuchayishi, tabiiy va madaniy boyliklar, turli xalqlarning an'analari, tili va tarixini o‘rganish bilishning eng to‘g‘ri yo‘llari va usullarini yaratish, bilish jarayonining butun apparatini takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirdi. Fanning optika, matematika, astronomiya kabi tarmoqlarining jadal rivojlanishi tabiatni chuqur o‘rganish va tadqiqot metodlarini kengaytirishga imkoniyat yaratdi. O‘rta asrlarda Sharq falsafasi mifologiya va din qo‘ynidagina emas, balki fan qo‘ynida ham rivojlanadi. Sharq olimlari matematika, astronomiya, geografiya, tibbiyot, tarix, alximiya sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlar ma'lum. Odatda tabib, munajjim, sayyoh bo‘lgan Sharq faylasuflari asbtrakt mulohazalardan ko‘ra ko‘proq tabiatshunoslik va tajribaga tayanganlar.
Sharq falsafiy tafakkurining yirik namoyandalari orasida Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomuschi-olim, Yaqin va O‘rta Sharqda aristotelizm asoschilaridan biri Forobiy, buyuk faylasuf va tabib Ibn Sino (Avitsenna), atoqli astronom, matematik, shoir va mutafakkir Umar Xayyom, tabib va faylasuf Ibn Rushd (Averroes) bor.