Prezidentimizning 2012-yil 24-iyuldagi "Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 10-sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilib, qabul qilingan Magistratura to‘g‘risidagi nizom bakalavriat negizida muddati kamida 2-yil davom etadigan oliy ta’lim jarayonini takomillashtirishga qaratilgan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga olgan.
— Yangi nizomda amalga tatbiq etilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgarishlar anchagina, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy ta’lim muassasalari bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Barno Rajabov. — Asosiy o‘zgarish va yangilanishlar magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilishga qo‘yiladigan talablarda o‘z aksini topadi. Avvalo, magistrlik dissertatsiyasi mavzularini tasdiqlash va ilmiy rahbarlarni tayinlash bo‘yicha tartiblar va me’yorlar kiritildi. Izlanishlarning ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi, aslida, bugungi kun talabidir. SHuni inobatga olgan holda mavzular iloji boricha amaliyotga yaqin bo‘lishi belgilangan. SHuningdek, magistrlik dissertatsiyasining tuzilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu paytgacha dissertatsiyaning hajmi, unga qo‘yiladigan talablar umumiy tarzda berilgan bo‘lsa, yangi hujjatda bularning barchasi batafsil bayon etildi.
Magistrlik dissertatsiyasi qanday qismlardan iborat bo‘lishi kerak? Har bir qismda nimalar yoritilishi zarur? Asosiy qism tarkibi, tuzilishi qanday bo‘lsa, qoidalarga mos bo‘ladi? Ilovalar qay tarzda berilgani ma’qul? Ushbu savollarning javoblari alohida talablar bo‘lib nizomga kiritildi va bu orqali magistrlik dissertatsiyasi ustida ish olib borayotgan talabada tushunmovchiliklar paydo bo‘lmasligi ta’minlanadi.
Mutaxassis fikriga qo‘shimcha qilib keltirib o‘tish mumkinki, magistrlik dissertatsiyasi tarkibida ikki — o‘qitish tili va ingliz tilidagi dissertatsiyaning qisqacha annotatsiyasi bo‘lishi zarurligi belgilanishi yangi talablar sirasiga kiradi. Annotatsiyada mavzuning qisqacha mazmun-mohiyatining berilishi ilmiy ishning jahon andozalariga mos bo‘lishini ta’minlaydi. E’tiborlisi, dissertatsiya talaba o‘qigan tilda, bundan tashqari, kafedra yoki magistratura bo‘limi tavsiyasiga muvofiq chet tilida ham yozilishi mumkin. Chet tilida bajarilgan dissertatsiyaga davlat tilida annotatsiya ilova etiladi hamda dastlabki va rasmiy himoyalar tarjima bilan o‘tkaziladi. Annotatsiyaning chet tildagi varianti taqdim etilishi va dissertatsiyaning chet tillarda himoya qilinishi mumkinligi, shubhasiz, yoshlarga o‘z bilimini namoyish etishi uchun berilayotgan yana bir imkoniyatdir. Vaholanki, chet tillarni o‘qitishga qaratilayotgan e’tibor natijasida bugungi talabalar xorijiy tillarni ham mukammal o‘zlashtirgan va bu borada aksariyat hollarda muammolarga duch kelishmaydi. Bu kabi talab va tavsiyalar ilmiy faoliyatimni keyin ham davom ettiraman, degan talaba uchun mashq maydonini yaratib beradi, keyinchalik xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda chet tillarda ma’ruza taqdim etishi uchun zamin hozirlaydi.
— Shu paytgacha magistrlik dissertatsiyasi bitta yakuniy davlat attestatsiyasida himoya qilingan bo‘lsa, himoyagacha bo‘lgan jarayon ilmiy rahbar va kafedra mudirining nazoratida amalga oshirilar edi, — deydi Barno Rajabov so‘zini davom ettirib. — Yangi mezonlarga ko‘ra, dastlabki himoya degan tushuncha kiritildi. Ya’ni, asosiy rasmiy himoyadan kamida bir oy oldin dastlabki himoyadan o‘tib, o‘sha paytning o‘zida dissertatsiya haqiqatdan muhim, dolzarb masalani hal eta olgani, yakunlangani, ilmiy talablarga javob berishi, rasmiylashtirish nuqtai nazaridan to‘g‘ri amalga oshirilgani aniqlanadi. Bu rasmiy himoyada muammolar kelib chiqmasligining oldini oladi. Bundan tashqari, magistrlik dissertatsiyasini baholash mezonlari ham ishlab chiqildi. SHu kungacha yakuniy davlat attestatsiyasi a’zolari talabaning ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishini yakunlovchi va o‘qish davrida egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajargan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi hisoblangan dissertatsiyani o‘z tajribalariga tayanib baholashgan bo‘lsa, endilikda mavzuning dolzarbligi, muhimligi, ilmiyligi, tajriba va natijalarning aniqligi va hatto dissertatsiya himoya qiluvchining nutqigacha inobatga olinadigan ma’lum tizimda baholanadi. SHuningdek, nizomda magistrlik dissertatsiyalariga taqriz yozish tartiblari, majburiyatlari batafsil bayon etildi. Taqrizchilarning vazifalari va taqriz yozish tartiblari o‘rnatilishida ham talabaning mas’uliyatini oshirish orqali ilmiy ish olib borish qirralarini shakllantirish maqsad etilgan. Ichki va tashqi taqrizchilarni oliy ta’lim muassasasining tegishli kafedrasi tavsiya etadi va ularning ro‘yxati oliy ta’lim muassasasining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori tomonidan tasdiqlanadi. Ilmiy rahbar taqrizi esa dastlabki himoyadan kamida uch kun oldin beriladi. Bu omillar dissertatsiyada professional etika qoidalarining buzilish holatlari(plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish hamda yolg‘on tsitata keltirish)ning oldini olish va talabaga manbalar bilan ishlar tartibini o‘rgatishga xizmat qiladi. Taqrizchilar dissertatsiyaning dolzarbligi, ilmiyligi va yakunlanganligi haqida xulosalar berishdan oldin talabani yuqorida bayon etilgan salbiy holatlarni tuzatishga yo‘naltiradi. Ilmning asosi, aslida, aniqlik va yangilikdir. Dissertatsiyaning tarkibi va uning mazmuniga qo‘yiladigan talablarda mana shu nuqtai nazar ko‘zga tashlanadi.
— E’tiborga molik jihatlardan yana biri har bir magistratura talabasining taqvimiy ish rejasi kiritilganidir, — deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Baxtiyor Usmonov. — Endi magistratura talabasi o‘qishga qabul qilingan birinchi kundan boshlab, magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgunicha bo‘lgan davrini rejalashtiradi. Bu orqali talabaning o‘qish va izlanish samaradorligi ortadi. Talaba ertaga nima ish qilishi, keyingi hafta va keyingi oydagi vazifalari nimalardan iboratligi, semestrlar yakunida qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan natijalari qandayligini biladi. Maqsadning aniqligi — uning yaqinligidir. Mana shunday ish rejasining mavjud bo‘lishi va unda asosiy talab va vazifalarning ko‘rsatilishi ularning hech birini chetlab o‘tolmaslikka olib keladi. Albatta, bu rejaga vaqti-vaqti bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib boriladi. Magistratura bitiruvchisi ilmiy pedagogik sohada faoliyatini davom ettirishi mumkin ekan, shubhasiz, u ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirgan bo‘lishi, mutaxassislik fanlari bo‘yicha o‘quv topshiriqlar to‘plami, masala va topshiriqlar to‘plami va keyslar ishlab chiqa olishi zarur. Bu mezon ham nizom ilovasida keltirilgan talabaning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, pedagogik va malakaviy amaliyot faoliyati bo‘yicha taqvimiy ish rejasida belgilangan.
O‘zgarish va yangilanishlar haqida ancha gapirish mumkin. Masalan, magistraturada tahsil oluvchi talabaning huquq va majburiyatlariga ham aniqlik kiritilgan. Malakaviy amaliyot ham o‘zgacha shaklda olib boriladi. Taqvimiy ish rejada ko‘rsatilganidek, talaba magistraturaga qabul qilinganligi to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirilgandan so‘ng 1 oy mobaynida ilmiy-tadqiqot va malakaviy amaliyot faoliyatini o‘tkazish uchun tashkilot (korxona, bo‘linma) bilan shartnoma tuzadi. Magistratura talabasi butun o‘quv davri mobaynida ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyatini bevosita shartnoma tuzilgan ishlab chiqarish korxonasi bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan tarzda amalga oshiradi. Vaqt nuqtai nazaridan kengaygan amaliyot talabalarning izlanishu faoliyatining ishlab chiqarish bilan bog‘lanishida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Talab va vazifalar belgilanishi uning ijrosini nazorat qilishni taqozo etadi. Aytaylik, magistrlik dissertatsiyasini tayyorlashdagi magistr faoliyati tartibi belgilandi. SHu kungacha izlanishning qanday olib borilayotganini, ishning necha foizi bajarilganini nazorat qilish kafedra mudiri va ilmiy rahbarga yuklangan edi. Endilikda har yili bir marta olib boriladigan monitoring tuzilmasi shakllantirildi. Talaba faoliyatining samaradorligi monitoringi 1-kursda ish rejaning mavjudligi va uning rasmiylashtirilishi, ish rejasidagi topshiriqlarning muddatida bajarilgani, talabaning ilmiy maqola yoki tezis chop etgani, talabaning ilmiy seminarlarda ishtirok etishi va fanlarni o‘zlashtirish darajasini nazorat etsa, 2-kursda yuqoridagilardan tashqari dissertatsiyaning dastlabki himoyadan muvaffaqiyatli o‘tgani nazorat qilinadi. Har bir mutaxassislikka alohida emas, balki bir ta’lim yo‘nalishi negizida bo‘lgan barcha magistratura mutaxassisliklari uchun magistrlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan bitta kengash faoliyat olib boradi.
— O‘quv jarayoni, ilmiy ishni, amaliyotni qay tartibda olib borishimiz kerakligi borasida hech qanday savolga o‘rin qolmadi, — deydi Toshkent davlat agrar universiteti magistranti Narzulla Yunusov. — Men buxgalteriya hisobi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olaman. Shuning barobarida "Fermer xo‘jaliklarida byudjetlashtirishni tashkil etish" mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqdaman. Ta’lim va ilmdagi majburiyatlarimiz va vazifalarimiz ish rejasi bilan belgilangani, ba’zi umumiy jihatlarga aniqlik kiritilgani ilmiy ishimizning, olib borayotgan izlanishlarimizning yanada salmoqli bo‘lishini ta’minlaydi. Talab yuqoriligi — natija yuqoriligini belgilaydi. Ayniqsa, magistrlik dissertatsiyasining ham kalendar rejaga ko‘ra tayyorlanishi va natijalarimizning monitoringi olib borilishi ishlarning rejali, chuqur, mohiyatan tugal bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu tarzda tahsil olishimiz natijasida xoh ilmda, xoh pedagogikada yoki ishlab chiqarishda bo‘lsin, namunali faoliyat olib bora olamiz.
|