39-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari Soliq solish maqsadida bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga javob beradigan chet el yuridik shaxsi nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi deb e’tirof etiladi:
1) chet el yuridik shaxsi O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etilmaydi;
2) O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb e’tirof etiladigan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar chet el yuridik shaxsini nazorat qiluvchi shaxslar hisoblanadi.
Nazorat qiluvchi shaxslari O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb e’tirof etiladigan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs bo‘lgan, yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi ham nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi deb e’tirof etiladi.
Investitsiya fondining (pay fondining yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirish boshqa shaklining) boshqaruvchi kompaniyasini O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etish o‘z-o‘zidan ushbu qismda ko‘rsatilgan shaxs o‘zi uchun nazorat qiluvchi shaxs bo‘lgan ushbu investitsiya fondini (pay fondini yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shaklini) nazorat qiluvchi kompaniya deb e’tirof etishga asos bo‘lmaydi. Mazkur fondlar (jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shakllari) boshqaruvchi sheriklar yoki o‘zga shaxslar tomonidan boshqarilgan taqdirda ham shunday qoidalar qo‘llaniladi.