Bir yilda 16 ming tonna mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega
Mamlakatimizda oziq-ovqat ekinlari maydonini kengaytirish, yangi intensiv bog'lar barpo etish, meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil qilish ishlari yaxshi samara berib, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, xususan, meva-sabzavot etishtirish va eksport hajmining yil sayin ortishiga xizmat qilmoqda. Natijada serquyosh yurtimizda etishtirilayotgan ekologik toza, sarhil meva-sabzavotlar nafaqat mahalliy bozorlarimiz, balki xorijda ham o'z xaridorlarini topib, talabgir mahsulotlar qatoridan joy olyapti.
Ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida bog'dorchilik sohasi keng rivojlanmoqda. Ayniqsa, bu borada katta tajriba maktabiga ega Farg'onada etishtirilayotgan meva-sabzavotlar ko'plab chet davlatlarga eksport qilinyapti. Ma'lumotlarga ko'ra, viloyatda joriy yilda fermer va qishloq xo'jaliklari korxonalarining 30,5 ming gektar maydonlariga ekin ekilgan bo'lib, ularning 13,9 ming gektari sabzavot, 3,9 ming gektari poliz, 5,4 ming gektari kartoshka, 4,3 ming gektari dukkakli hamda 3 ming gektari moyli ekinlar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Bu yil meva-sabzavotchilik korxonalari tomonidan 288 ming tonna mahsulot etishtirilib, 120 ming tonnasini eksportga yo'naltirish rejalashtirilgan. Buning uchun sig'imi 330 ming tonnadan ortiq bo'lgan muzlatkichli omborxonalar, 25 ta logistika markazi, 90 ta qayta ishlovchi korxona faoliyat ko'rsatmoqda.