Dimogʻigʻa tutub har nav’ mashmum,
Koʻzin ochib hayoti boʻldi ma’lum.
Quyub boʻgʻzigʻa sharbat, ogʻzigʻa qut,
Boʻlub ul toʻmau sharbat anga qut.
QOʻpub oʻlturdi, dogʻi soʻrdi ahvol,
Dedilar har ne bor erdi anga hol.
Eshitti chun javob aylab savolin,
Bular ham soʻrdilar ul xasta holin.
Dedikim: «Biz guruhi tojir erduk,
Yaman sori Xoʻtandin soyir erduk
Qilibon kemamizni gʻarqa koʻlok,
Choʻkub daryo tubiga boru yoʻq pok.
Manga roʻzi boʻlub bu taxtarora,
Boʻlubsiz taxtai umrumgʻa chora.
Men ushbu taxtagʻa boʻlgʻoch hamogʻush,
Dimogʻimdin hamul soat ketib hush.
Gahi hushumda, gohi hushdin fard,
Boshimgʻa kelmayin juz mehnatu dard.
Ketib erkan durur bu lahza hushum
Ki, solmish munda baxti saxtkoʻshum.
Manga bu yerga tushgandin xabar yoʻq,
Bu xud oʻtti agar bordur, agar yoʻq.
Mening xud qat’ oʻlub erdi hayotim,
Yoʻq erdi mutlaq ummidi najotim.
Bukim jonim oʻlumdin emin oʻldi,
Sizing altofu ehson zomin oʻldi.
Nechakim aylasam holim qiyosi,
Koʻrunur sa’b bu minnat adosi.
Meni charx oʻltururdin xiyrakushvor,
Sizing tirguzganingiz boʻldi dushvor.
Agar ming yil tirik boʻlgʻoymen oxir,
Netib bu uzrunguz qoʻlgʻoymen oxir.
gʻaribu xastamen ham zoru ojiz,
Kishiga tushmasun bu hol hargiz
Ki, el yuz nav’ tutqoylar anga qoʻl,
Yuzidin birga xizmat qilmagʻay ul.
Va lekin to tirikmen bandangizmen,
Necha boʻlsam tirik sharmandagizmen.
Koʻrub ul xalq bu arzi tazallum,
Aning zimnida bu husni takallum.
Ayogʻdin-boshiga xusravnishonliq,
Soʻzida bahrdek gavharfishonliq.
Boʻlub bori asiru zori oning,
Dilu jon birla xizmatkori oning.
Muvajjah aklu shurb aylab muruvvat,
Navosiz jismigʻa kirguncha quvvat.
Alar bori anga maftunu shaydo
Ki, boʻldi necha zavraq suvda raydo.
Koʻrub kishti eliga tushti motam,
Fuzunroq boʻldi bu motam damo-dam.
Tilab borisi bir-birdin bihillik,
Koʻrub Farhod ishidin tangdillik.