3. Alisher Navoiy asarlaridagi iqtisodiy g'oyalarning mohiyati Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodida ham iqtisodiy g'oyalar muhim o'rinni egallaydi. Uning asarlarida va faoliyatida ayniqsa tijorat, savdo masalalari ancha mukammal yoritilgan. A.Navoiy asarlarida savdogarlik ishi ma'qullanadi, lekin tovlamachi va chayqovchi qattiq tanqid qilinadi. A.Navoiy davlat arbobi sifatida mamlakatni tinch saqlash, obodonlashtirish ishiga katta hissa qo'shdi. U tirikligida mingta inshoot qurishga va'da bergan va va'dasining ustidan chiqqan, ko'pgina madrasa, shifoxona, hammom, ko'prik,rabot va boshqalarni o'z hisobidan qurdirgan. Mehnatning inson va jamiyatdagi o'rniga, do'stlikka yuksak baho bergan.
Alisher Navoiy (1441-1501) shoir va davlatning etakchi vaziri sifatida nom qozongan. Navoiyning mana bu sifatlari uning ijtimoiy-iqtisodiy, falsafiy qarashlarida yaqqol ko'zga tashlanadi. Navoiy o'z davrining progressiv kishisi sifatida gumanistik va vatanparvarlik mafkurasi ramkasidan otilib chiqdi.
U o'z davrining siyosiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy qudratini barkamollashtirish uchun kishilarda gumanistik vatanparvarlik xislatlarini uyg'otish kerak ekanligini erta tushunib etdi. A.Navoiy Navoiyning dastlabki ijtimoiy-iqtisodiy fikrlari shakllangan asari - bu 1469 yildaHusayn Boyqaroning taxtga kelishiga bag'ishlangan «Hiloliya» asaridir.
Husayn Boyqaroning taxtga kelishini Navoiy zulmat korong'uligini yoritadigan «hilol», ya'ni uch kunlik oy bilan tenglashtiradi. Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy qudrati mustahkamlanishiga, aholining ijtimoiy, moddiy ahvoli yaxshilanishiga, feodal urushlarga barham berilishiga, mamlakatda tinchlik o'rnatilishiga ishongan.
Navoiy Husayn Boyqaroni shohlar shohi deb maqtaydi. Lekin Navoiy, maqtash bilan birga muhim ijtimoiy-iqtisodiy fikrlarni ham ilgari suradi. Hukmdorni maqtash Navoiy tomonidan qo'llanilgan taktik bir usul edi. Uning asosiy strategik maqsadi esa mamlakatning iqtisodiy-siyosiy ahvolini yaxshilashga, yagona markazga markazlashgan, qudratli davlat barpo qilishga qaratilgan edi. Navoiy Husayn Boyqaroning taxtga kelishidan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, sosial-siyosiy va madaniy-oqartuv sohalarida yuksak o'zgarishlar amalga oshirilishiga katta umid bog'laydi. Navoiy shaxsning tarixdagi roliga katta e'tibor berib, mamlakat iqtisodiy ahvoli shu mamlakat hukmdorining aql-idroki va qobiliyatiga bog'liq deb hisoblaydi.
Agar mamlakat hukmdori fanlarni, ayniqsa, iqtisodiyot, tarix, falsafa va siyosiy fanlarni mukammal bilsa, u boshqarayotgan mamlakat obod va badavlat bo'ladi, agar teskarisi bo'lsa, mamlakat qashshoq va xarob bo'ladi, deydi. Navoiy boshsiz tana bo'lmaganidek, podshosiz davlat ham bo'lmaydi deb tarixda realist sifatida nom qoldirdi. Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan davrda mamlakatda nisbiy rivojlanish ko'zga tashlandi. Savdo-sotiq kengaydi, hunarmandchilik va dehqonchilik yaxshi yo'lga qo'yildi. Irrigasion inshootlar qurilishi ham kengaydi.
Navoiy Markaziy Osiyo sharoiti uchun irrigasion inshootlarni kengaytirish - iqtisodiy rivojlanishga olib boruvchi muhim omillardan biridir, deydi. A.Navoiyning bevosita rahnamoligi ostida 70 dan ortiq kanallar va ariqlar qazildi. Milliy daromadning asosiy qismini qishloq xo'jaligida etishtiriladigan hosildan olinadigan daromad tashkil etardi. Feodal jamiyatda irrigasiya inshootlarini qurishni kengaytirish o'sha davr iqtisodiyotini rivojlantirishga keng ta'sir ko'rsatar edi. Navoiy feodalizm davrida asosiy ishlab chiqarish vositasi bo'lgan erni kengaytirishga, uning mahsuldorligini oshirishga katta e'tibor berdi (V.Zaxidov. Mir idey i obraz A.Navoi). Navoiy boylikni ikki yo'l bilan topish mumkin, deydi.
Birinchi yo'li - bu o'z mehnati bilan iqtisod qilib boylikni to'plash, orttirish, yig'ish va o'ziga to'q yashash. Bunday boylik to'plashga Navoiy hayrihohlik bildirdi. U olingan va to'plangan boylikni uch qismga bo'lib, birinchi qismini ketgan harajatga, ikkinchi qismini o'zining va oilasining ehtiyojlariga, uchinchi qismini esa aholining ijtimoiy manfaatlari uchun sarflashga chaqiradi.
Masalan, 1482 yilda yozilgan «Vaqfiya» asarida A.Navoiy shaxsan o'zining erlaridan olingan daromad misolida daromadning o'z harajatlari va oila ahliga etarli qismini olib qolib, qolgan qismini aholining foydali mehnatiga sarflashga chaqirgan. Boylik topishning ikkinchi yo'liga esa, ya'ni o'g'rilik, ta'magirlik va zo'rlik hisobiga boylik orttirishga Navoiy keskin qarshi chiqadi. U bunday ishlardan nafratlanadi va shu yo'l bilan boylik orttirayotgan kishilarni jamiyat hisobiga yashayotgan va boylik orttirayotgan parazit qatlamdir, deb ta'riflaydi. A.Navoiy ijodining durdona asarlaridan biri 1500 yilda yozilgan «Mahbub-ul-qulub» asaridir.
Ushbu asarda Navoiyning iqtisodiy fikrlari mujassamlashgandir. Navoiy bu asarida jamiyatni sosial tabaqalarga bo'lib, ularning jamiyatda tutgan o'rnini ko'rsatib berishga harakat qiladi. Asarning birinchi qismida ularning tabaqalariga va kasblariga xarakteristika beradi. Ikkinchi va uchinchi qismlarda yaxshi fe'llar va yomon xislatlar to'g'risida ma'lumot beriladi. Navoiyning fikricha, dehqonlar, hunarmandlar va chet el bilan aloqasi bor savdogarlar jamiyatda moddiy ne'mat etishtirishda, yaratishda va mamlakat boyligini oshirishda muhim o'rin tutadi.
A.Navoiy dehqon va uning ishlab chiqarishdagi roli to'g'risida quyidagi fikrlarni bildiradi: «Don sochuvchi dehqon erni yorish bilan rizq yo'lini ochuvchidir». Dehqon, ya'ni ishchi kuchi mahsulot ishlab chiqarish vositalari bilan qo'shilishi lozim va shartdir. Navoiy ishlab chiqarish vositalarining moddiy boylik yaratishdagi rolini quyidagicha e'tirof etadi: «Qo'shi ham ikki zo'r polvon bo'lib, yukiga bo'ysunib oldida yuradi, ishlashda hamdam va hamqadam, dehqon ularni surishda xuddi odam. Dunyo obodi xuddi ulardan. Har ne qilsalar harakat, xalqqa ham etar ovqat ham barakat!».
Demak, dehqon ish kuchi, qo'shi va ho'kizlari esa ishlab chiqarish qurollari, er esa mehnat predmeti, hammasi birgalikda ishlab chiqarish kuchlarini tashkil qiladi. Navoiy ishlab chiqarishdagi hal qiluvchi omil, hal qiluvchi element - bu dehqon, ya'ni ishchi kuchidir, degan fikrni bildiradi. Yuqorida zikr etib o'tilganidek, A.Navoiyning fikriga ko'ra yakka kishi hech narsa ishlab chiqara olmaydi.
Biron narsa ishlab chiqarish uchun boshqa-boshqa toifadagi odamlar doim bir-birlari bilan bevosita aloqada bo'lishlari kerak. Masalan, dehqonga mehnat qurollari zarur bo'lsa, hunarmandga non kerak, dehqonga ham, chorvadorga ham hunarmandchilik va attorlik mahsulotlari suv bilan havodek zarur. Shunday qilib, baliq suvsiz yashay olmaganidek, barcha turdagi ishlab chiqaruvchi kuchlar ham bir-birisiz rivojlana olmaydi, deydi Navoiy. Dehqonlar va boshqa sohada mashg'ul kishilar ishlab chiqarish uchun boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ishlab chiqarish jarayonida, taqsimotda, ayirboshlashda va iste'molda bir-birlari bilan o'zaro aloqada bo'lishi kerak.
A.Navoiy feodalizm davrida, feodalizm jamiyatida dehqon mehnatining katta ahamiyat kasb etishini va mavjud jamiyat dehqon mehnati ustiga qurilganligini e'tirof etadi. Dehqon mehnatining mahsulini novvoy, unfurush, qo'shchi va o'roqchi, mashoqchi va boshqalar orziqib kutadi. Shu bilan birga dehqon ham ularga, ularning mehnatiga hamohangdir. Ularsiz hech narsa ishlab chiqara olmaydi. Demak, bu bilan Navoiy ishlab chiqarish munosabatlarini e'tirof etadi. Uning fikricha, dehqon o'z mehnati bilan o'z ehtiyojiga zarur bo'lgan mahsulotni keragidan ko'proq ishlab chiqarib, jamiyat va uning ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan qismini ham moddiy ne'mat bilan ta'minlaydi. Navoiyning mana bu fikri qo'shimcha mahsulot faqat qishloq xo'jaligida degan fiziokratlar fikriga mos keladi.
Navoiy qishloq xo'jaligining rivojlanishi mamlakat qudratini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi degan o'ta ilg'or fikrni ilgari suradi. Bu fikr o'sha davr, ya'ni feodalizm davri gullab-yashnagan, uning negizini dehqonchilik ishlab chiqarishi tashkil qilgan bir pallada o'ta to'g'ri fikrgina bo'lib qolmay, balki tarixiy haqiqat hamdir.
A.Navoiy jamiyatda muhim tabaqa bo'lgan savdogarlarning o'zini ham ikki guruhga bo'ladi. Birinchi guruh - chet el bilan savdo aloqalari olib boruvchi savdogarlar guruhi. Ikkinchi guruh - mamlakat ichkarisidagi olibsotarlar guruhi. Chet ellar bilan savdo-sotiq olib boruvchi savdogarlarga Navoiy ijobiy qaraydi va ularning faoliyatiga hayrihohlik bildiradi. Bozorlardagi savdogarlarga, ya'ni olib sotarlarga esa tanqidiy ko'z bilan qaraydi. Ular o'z manfaatiga xizmat qilib, boshqalar hisobiga boyiydi. Shuning uchun ularning turgan-bitgani mamlakat uchun zarardir, deydi. Savdogarning asosiy maqsadi foyda olishdir. Biri yuz bo'lishidan boshida savdo to'la, buzi shoyi bo'lishidan ko'nglida istak ko'p. Bu erda savdogar Navoiyning «Hotam Toyiy» asaridagi o'tin teruvchi cholga qarama-qarshidir. Chol kuni bilan mehnat qilib o'tin teradi va bu o'tinni bozorga olib borib, pulga sotadi. O'tin puliga esa mahsulotlar, ya'ni iste'mol mahsulotlari sotib oladi. Bu joyda «tovar - pul - tovar» jarayoni boradi. O'tinchi cholning ayirboshlashdan ko'zlagan maqsadi iste'mol qiymatidir. Navoiyning fikricha, savdogarning sotib olishdan maqsadi qimmatroq sotishdir. Savdogar birini yuz, yuzini ming qilmoqchi bo'ladi, deydi. Qo'ygan oz puli ko'p bo'lib qaytib kelishini istaydi, ya'ni uni ayirboshlashdan maqsad qiymatdir yoki «pul - tovar - pul» (P-T-P) dir. Demak, Navoiyning fikrida kapitalning dastlabki formalaridan biri mavjud bo'lgan. U shahar olibsotarlari haqida quyidagilarni aytadi: «Shahar olibsotarlari xiyonatchi, o'ziga foyda va boshqalarga qahat istovchi, uning foydasi xalqqa ziyon, arzon olib qimmat sotish uning orzusi. Olishda shoyini bo'z deydi, sotishda bo'zni maqtab shoyi deydi. Molini tovar o'rnida o'tkaza olsa, to'xtatib turish yo'q. Do'konida insofdan boshqa barcha mol mavjuddir!» (A.Navoiy. Asarlar to'plami. XII tom,199-bet). A.Navoiy o'zi ishlab chiqarishda va ishlab chiqarish sohasida mashg'ul bo'lmasa-da, o'z aqliy va ijodiy mehnati bilan jamiyat uchun kerak bo'lgan tabaqalarni e'zozlaydi, olimlar, tabiblar, shoirlar, muhandislar va boshqalarni jamiyat uchun zarur qatlamdir, deydi, ana shu kasb egalarini o'z mas'uliyat va burchlarini sezishga chaqiradi.
Alisher Navoiy hazratlari o'z asarlarida iqtisodiyotning ravnaqi inson manaviyatining kamoloti bilan uyg'unligini takror-takror qayd etganlar. Jumladan mamlakat obodligi va el farovonligini yuksak manaviyat bilan quyidagicha bog'lagan: To xirsu havas xirmoni barbod o'lmas, to nafsu havo qasri baraftod o'lmas, to jabr zulm jonig'a bedod o'lmas, el shod o'lmas, mamlakat obod o'lmas.
XULOSA. Amir Temur o‘z Imperiyasi hududida ishlab chiqarish kuchlarini va ijtimoiy ishlab chiqarishni misli ko‘rilmagan darajalarga ko‘tarishga erishdi. Mehnat ahlini jtimoiy foydali ishga jalb etish va mamlakatlararo tovar ayirboshlashni kuchaytirish orqali u yurtda seroblikni ta’minladi. Ushbu muvaffaqiyatlarning zamirida Sohibqironning noyob fazilati – har qanday og‘ir vaziyatda ham iqtisodiy muammoning to‘g‘ri yechimini topa olish qobiliyati yotibti. U iqtisodiyot sohasida yangi nazariyalar yaratmadi. Lekin elu-yurtni iqtisodiy taraqqiyotning yangi, yuksak marralariga boshlab borish asosida qanday natijalarga erishish mumkinligini amalda isbotlab berdi. Shu sababli Amir Temurni o‘zining yuksak iqtisodiy tafakkuriga tayangan holda dono iqtisodiy siyosatni shakllantirish va o‘z saltanatida uni amaliyotga joriy etish, undan unumli natija olishdek global muammolarni hal qilish sharafiga muyassar bo‘lgan shaxs sifatida zabardast iqtisodchi, deb baho berishga haqlimiz. Chunki har qanday nazariya oxir-oqibatda amaliyotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi va uning yo‘lini yoritib beruvchi yorug‘ yulduzdir.
Buyuk Temurning boy iqtisodiy merosini o‘rganish, ayniqsa uning ulkan imperiyani iqtisodiy yuksaltirishdagi ibratli tajribasining ilmiy tahlili biz uchun juda foydali. U bizga ajdodlarimizning asl vatani O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning ko‘plab muhim muammolarini hal etishda, zamonaviy sharoitda ko‘lam samarasini yuzaga keltirishda, ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishning uzluksizligi va barqarorligini ta’minlashda saboq manbai bo‘lib xizmat qiladi.