Franklar davlati va huquqi



Yüklə 164 Kb.
səhifə1/13
tarix15.09.2023
ölçüsü164 Kb.
#143808
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Franklar davlati va huquqi


Franklar davlati va huquqi


Reja:



  1. Franklar davlatining tashkil topishi va taraqqiyot bosqichlari.

  2. Franklar davlatining ijtimoiy tuzumi.

  3. Franklarning davlat tuzumi.

  4. Franklar davlatida huquqning asosiy belgilari.

Ma’lumki, varvarlarning Rim imperiyasiga bo‘lgan munosabati IV asr oxirlariga kelib juda keskinlashib ketgan edi. Imperiyaning zaiflashuvi varvar qabilalariga imperiya chegarasidan deyarli bemalol o‘tib, uning hududini egallab olish uchun imkon berdi. Imperiya varvarlarning siquvini yana bir oz vaqt to‘xtatib tura olar edi, lekin u ittifoqchilar tarzida xizmat qilayotgan varvarlarning o‘zini yordamiga tayangan chog‘dagina shunday qila olar edi. Ammo ittifoqchilarning dushmanga aylanishi oson edi: bu-ning oldini olish uchun imperiya ularga tobora ko‘proq yon berishga maj-bur bo‘lmoqda edi.


German qabilalari II-IV asr o‘rtalarida o‘zlarining ishlab chiqarish kuchlarini ancha rivojlantirdilar. Ular o‘z yerlarini Sezar va Tatsit zamo-nidagidan yaxshiroq ishlay boshladilar. Ularda hayvonlarning nasli (jum-ladan, otlarning nasli) yaxshilandi. Hunarmandchilik taraqqiy etdi. Che-gara viloyatida yashovchi germanlar rimlik savdogarlar bilan savdo-sotiq qila boshladilar. Varvarlarning aholisi tobora ko‘payib borayotganligi sababli yer masalasi juda keskin masala bo‘lib qoldi. Varvarlar aholining oshib-toshib ketayotganligini sezmoqda edi. Ular imperiyaning serhosil va qisman butunlay ishlov berilmagan yerlarini ishg‘ol qilishga intildilar. Butun bir varvar qabilalarining Rim imperiyasiga qarshi keskin kurash olib borishiga olib kelgan eng muhim va asosiy sabab yer tanqisligi edi.
Bu vaqtga kelib german qabilalarining ichida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. German jamiyatining tobora ko‘proq tabaqalanib borishi – zoda-gonlarning ajralib chiqishi, ularga qaram bo‘lgan kishilar sonining ko‘payishi va hokazolar bilan bir qatorda, qabilalarning katta-katta ittifoq-larga birlashuvi jarayoni ham yuz bermoqda edi. Quyi Reynda ham birlashuv jarayoni vujudga kelayotgan edi. Quyi Reynda hamda Yutlan-diya yarim orolida ingliz-saks qabilalari birlashmasi; O‘rta Reynda frank qabilalari ittifoqi; Yuqori Reynda allemanlar ittifoqi; Elbada va Elbaning narigi tomonida langobardlar, vandallar, burgundlarning ittifoqlari tashkil topdi. Bundan ilgariroq gotlarning ikkita ittifoqi - vestgotlar ittifoqi va ostgotlar ittifoqi vujudga kelib, bularning har biri Dunay va Qora dengiz bo‘yi hududida ko‘p qabilali davlat tashkil qilgan edi.
IV asrning oxirlaridan boshlab va, ayniqsa, V asrda varvarlar yoppasiga Rim imperiyasi hududiga qarab yo‘l olib, uni asta-sekin istilo qila boshladilar. To‘g‘ri, bu istilo qilish qariyb butun bir asrga cho‘zildi. G‘arbiy Rim imperiyasi tobora qulab borayotgan edi. Chunki varvarlar imperiyani istilo etish bilan bir vaqtda imperiya hududiga o‘zlarining bu-tun oilalari, uy anjomlari, sigir-buzoqlari va hokazolari bilan ko‘chib kelib, o‘rnashayotgan edi. Shuning uchun IV asrning oxiri va V asrning hamma-sini o‘z ichiga olgan bu davrni tarixchilar odatda Xalqlarning buyuk ko‘-chishi davri deb ataydilar.
V asr oxiriga kelib germanlar G‘arbiy Rim imperiyasi hududiga: vandallar Shimoliy Afrikaga, vestgotlar (G‘arbiy gotlar) Ispaniyaga, ost-gotlar (sharqiy gotlar) Italiyaga, franklar Galliyaga, inglizlar bilan sakslar Britaniyaga joylashdilar. Germanlar shu joylarda o‘z davlatlarini barpo qildilar.
Rim imperiyasi hududida tuzilgan varvar qirolliklari ichida eng kattasi va kuchlisi franklar qirolligi edi. Franklar bora-bora burgundlarni bo‘ysundirdilar. Galliyadan vestgotlarni surib chiqardilar. Italiyada lango-bardlarni zabt etdilar va Reynning narigi tomonidagi german qabilalari-ning deyarli hammasini o‘zlariga itoat ettirdilar.
Franklarning o‘zlari ham dastlab Reynning narigi tomonida yashar edilar. Ularning ota-bobolari Tatsitning asarida har xil nomlar bilan, chunonchi, xamavlar, sukabrlar, batavlar va boshqa nomlar bilan atalgan. ”Frank” degan nom (bu so‘zni ”jasur”, ”erkin” deb tarjima qilishadi) III asrning o‘rtalaridagina paydo bo‘lib, qandaydir bitta qabila emas, balki Reynning o‘rta va quyi oqimlarida yashagan butun bir guruh german qabi-lalariga taalluqli umumiy bir nom edi, bu qabilalar dastlab Reyn daryosining o‘ng qirg‘og‘ida yashardilar. Dastlab ular rimliklarga nisbatan dush-manlik munosabatida bo‘ldilar, keyin bu munosabat ancha do‘stona munosabatga aylandi. 451 yildagi Katalaun jangida ittifoqchilar federatlar sifatida rimliklar tarafida turib gunnlarga qarshi urushdilar. O‘sha vaqtda-yoq ular katta-katta ikki guruhga bo‘lingan bo‘lib, bir guruhi (ular Reyn-ning quyi oqimida yashardilar) dengiz bo‘yi franklari yoki sali franklari deb (lotincha ”salum” - dengiz so‘zidan), ikkinchi guruhi Reynning o‘rta oqimida (har ikki qirg‘oqda) yashagan franklar - qirg‘oq franklari yoki ripuar franklari deb (lotincha “ripa”- qirg‘oq so‘zidan) atalar edi. Bulardan eng kuchlisi sali franklari bo‘lib, ular Galliyaning G’arbiga qarab bordilar.
Franklar milodning IV asrlarida Rim imperiyasining Galliya viloya-tiga ko‘chib kela boshlagan. V asrda G‘arbiy Rim imperiyasining ag‘dari-lishi bilan franklar uning hududida o‘z qirolliklarini barpo etib, o‘z hudud-larini kengaytirib boradilar. Rim yerlarini bosib olish natijasida franklarda davlatning tashkil topish jarayoni nihoyasiga yetadi. Biroq bu yerda urug‘-doshlik tuzumi birdaniga yo‘qolib ketmadi.
Franklar bosib olgan yerlarni boshqarish uchun boshqaruv organlari tashkil etishlari zarur bo‘lib qoldi. Endilikda eski urug‘doshlik organlari - oqsoqollar kengashi, xalq lashkarboshilari Rim imperiyasi yerlarini bosh-qarishga to‘g‘ri kelmay qolgan edi. Lashkarboshining hokimiyatini ku-chaytirish zaruriyati kelib chiqadi. Oddiy lashkarboshi endi haqiqiy yakka hokimga - qirolga aylana boradi. Qirol urug‘doshlik tuzumi sharoitidagi urug‘ jamoalariga tegishli mol-mulklarni o‘ziniki qilib ola boshlaydi. Xalq mulkini tortib olib, hadya va mukofot sifatida o‘z yaqinlariga, askarlariga va xizmatkorlariga ulashib beradi.
Sali franklarining Merovinglar sulolasiga mansub qiroli Xlodvigning podsholik tarixi (481-511yillar) franklar hayotida ro‘y bergan katta-katta o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Xlodvig barcha frank qabilalarini birlashtirib, 486 yilda Galliyani istilo qiladi. Rimning bu viloyati hali varvarlar tomoni-dan zabt etilmagan bo‘lib, Rim imperiyasi qulagandan keyin Shimoliy Galliyaning amalda qiroli bo‘lib qolgan Siagriy degan rimlik mahalliy magnat tomonidan idora qilinardi, bu viloyatning markazi Parij edi. Siag-riy franklarga sal bo‘lsa-da, jiddiy bir qarshilik ko‘rsata olmadi. Suasson shahriga yaqin joyda shiddatli jang bo‘ldi. Rim qo‘shinlari franklar tomonidan tor-mor etildi.
Xlodvig katta va muhim hududni - Sena va Luara daryolari havzasini zabt etib, franklarga mo‘l-ko‘l yerni taqsimlash imkoniga ega bo‘ldi. Daryolari juda ko‘p, yeri serhosil, dehqonchilik uchun qulay va qayinzor o‘rmonlarga boy bo‘lgan keng, lekin rimliklar vaqtida huvullab qolgan bu hududga boshdan-oyoq franklar ko‘chib keldi.
90-yillarning o‘rtasida Xlodvig va uning drujinasi tomonidan, keyinroq esa oddiy franklar va ularning oila a’zolari tomonidan xristianlik-ning qabul qilinishi Franklar qirolligining yanada rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Galliya va Rimdagi e’tiborli mahalliy ruhoniylar Xlodvigni va boshqa Frank qirollarini zo‘r berib qo‘llab-quvvatladilar. Bu narsa franklarning Galliya janubidagi qolgan yerlarni - Vestgotiya va Burgundiyani bo‘ysundirishini ancha osonlashtirib, franklarning o‘z orasi-dan ham qirol hokimiyati ta’sirining ortishiga yordam berdi. Xlodvig qol-gan barcha sali va ripuar qirollarini sekin-asta qira borib, juda katta yangi qirollikning yakkayu yagona qiroli bo‘lib oldi, u (Reynning narigi tomonidagi yerlardan tashqari) Galliyaning to‘rtdan uch qismini o‘z ichiga olar edi.
Xlodvigning o‘g‘il va nevaralari qirollikni tez-tez taqsimlab va qayta taqsimlab turishlariga, doimo o‘zaro urushlar olib borishlariga qaramay, qirollikning chegaralarini kengaytirishni davom ettirdilar. 534 yilda ular Burgundiyani zabt etdilar, 542 yilda vestgotlarning Galliyadagi oxirgi yer-lari ham bosib olindi, Reynning narigi tomonida esa Alemaniya, Tyurin-giya, Bavariya hamda saks qabilalarining ba’zilari franklarga bo‘ysundi. VI asrning ikkinchi yarmida Franklar qirolligi barcha varvar qirolliklari ichida eng katta qirollik edi. Ilgari Teodorix davrida ostgotlar qo‘lida bo‘l-gan gegemonlik endi franklar qo‘liga o‘tdi.
Merovinglar sulolasi deb nom chiqargan Xlodvig sulolasi o‘zaro urushlar natijasida zaiflashib bordi. Ayniqsa bu Xlodvigning nevara va evaralari o‘rtasidagi qirq yillik urushda juda bilinib qoldi. Qirol Dagoberg (629-639-yillar) mamlakatni qisqa vaqt birlashtirib turishiga qaramay, franklar monarxiyasi inqirozga yuz tuta boshladi. Qirol davlat yerlarining tobora tarkana qilishi, o‘z askarlariga taqsimlayverishi natijasida uning hokimiyati kuchsizlanib, yer egalarining (yer magnatlarining) hokimiyati kuchayib ketdi. Dagoberg o‘lganidan keyin shunday bir davr boshlandiki, 639-751 yillar o‘rtasidagi butun bir davrni o‘sha vaqtdagi kishilarning o‘zlari ham “yalqov qirollar” davri deb atagandilar.
VII-VIII asrlarda Merovinglar faqat nomigagina qirol bo‘lib, ular-ning haqiqiy hokimiyati yo‘q edi. Ularning qo‘lida qirol yerlarining ozgina qismigina qolgandi. Butun ma’muriy, sud va harbiy hokimiyatni mahalliy magnatlar tortib oldi. Neystriya, Burgundiya va Avstraziyada eng yirik zodagon xonadonlar yetishib chiqib, ular o‘z yurtlarida qirol mayordamlari sifatida butun hokimiyatni o‘z qo‘llariga oldilar. Bir vaqtlar, ya’ni dastlab-ki Merovinglar davrida qirol saroyida eshik og‘asi lavozimida ishlagan kishi mayordam (lug‘aviy ma’nosi: ”xonadon og‘asi”), ya’ni saroy bosh-lig‘i deb atalardi. Endi esa mayordamlik haqiqatda parchalanib ketgan Frank davlatining ayrim bo‘laklarida joriy etilgan eng yuqori ma’muriy mansab bo‘lib qolgandi.
Davlatni boshqarishda mayordamlar - saroy boshqaruvchilari hal qiluvchi rol o‘ynay boshladilar. Mamlakatni chuqur inqirozdan saqlab qolishda Avstraziya mayordamlari - Pipinidlar katta rol o‘ynadi. Ayniqsa, mamlakatni siyosiy jihatdan qayta birlashtirishda mayordam Karl Martell (”To‘qmoq”) hal qiluvchi o‘rin tutdi. U 715 yildan 741 yilgacha mam-lakatni idora etib, qirol hokimiyatini mustahkamlash borasida juda katta ishlar qilgan, bir qancha islohotlar o‘tkazgandi. Natijada qirol hokimiyati ancha kuchaydi va mamlakatning qurolli kuchlari mustahkamlandi.
Karl Martellning taxt vorisi Pipin III Pakana (741-768 yillar) ham avval faqat mayordam unvoni bilan yurdi. Meroving qirollari odatdagi tar-tib bilan biri o‘rniga ikkinchisi kelib turdi, lekin ular davlatni idora qilish-da hech bir qatnashmas edilar. Nihoyat, Pipin davlat o‘zgarishi yasab, har qanday hokimiyatdan mahrum bo‘lgan eski sulolani taxtdan tushirdi. Bu o‘zgarish Rim papasining faol yordami bilan amalga oshirildi.
751 yilda Suasson shahrida frank zodagonlari yig‘ilishida Pipin frank qiroli deb e’lon qilindi. Shu vaqtdan boshlab yangi sulola - Korolinglar sulolasiga asos solindi. Pipin o‘z siyosati bilan frank qirolligining ravnaqi uchun zamin tayyorladi. Uning o‘g‘li Buyuk Karl davrida Franklar davlati imperiyaga aylandi.
Buyuk Karl Karolinglar sulolasining eng atoqli namoyandasi edi (sulola ham uning nomi bilan atalgan). U 46 yil (768-814 yillar) hukm-ronlik qildi. Buyuk Karl katta sarkarda va istilochi edi. Tarkib topayotgan Franklar davlati Buyuk Karl davrida juda katta agressiv siyosat yurgizildi. Juda ko‘p joylarni istilo qilib, Buyuk Karl ulkan va qudratli davlatga bosh-liq bo‘ldi. Rim imperiyasi qulagandan keyin G‘arbiy Yevropada Buyuk Karl davlatidek katta davlat dunyoga kelmagan edi: bu davlat franklardan tashqari o‘nlab boshqa qabila va xalqlarni o‘z ichiga olgandi.
Frank qiroli qo‘li ostidagi yerlarning juda kengayib ketishi, tabiiy, Buyuk Karl va uning maslahatchilarini qirol unvonini (titulini) o‘zgartirish to‘g‘risida o‘ylashga majbur qildi. 800 yilda Buyuk Karl Rimda bo‘lgan vaqtida papa unga ”rimliklar imperatori” tojini kiydirdi va shu tariqa Bu-yuk Karl imperator deb e’lon qilindi. Ammo bu uncha mustahkam imperi-ya emas edi. 814 yilda Buyuk Karl 72 yoshida vafot etganidan so‘ng uning imperiyasi uzoq umr ko‘rmadi. Bu ilk o‘rta asr harbiy-feodal monarxiyasi bo‘lib, unda chinakam markazlashuv uchun yetarli darajada iqtisodiy baza yo‘q edi. Natural xo‘jalik hukmronligi, ayrim viloyat va tumanlarning va hatto, ayrim pomestelarning ham biqiqligi, shaharlar va savdoning kam rivojlanganligi imperiyaning muqarrar tarzda parchalanib ketishiga sabab bo‘ldi.
843 yilgi Verden shartnomasiga ko‘ra Franklar davlati bo‘linib ketdi va Galliya (Fransiya), Bovariya va boshqa yerlar imperiyadan ajralib chiq-di. Oqibatda bu yerlar Germaniya va nihoyat Italiya davlatlari tarkibiga kirdi. Franklar davlati shu tariqa o‘z umrini o‘tab bo‘ldi.
Shunday qilib, franklarning bosqinchilik urushlari ularda davlatning tashkil topish jarayonini tezlashtirdi. Franklarda davlat tashkil topishining asosiy sabablari erkin jamoaning yemirilishi, uning sinfiy tabaqalanishi bo‘ldi. Ularda bu jarayon yangi eraning birinchi asrlaridayoq boshlanib ketgan edi.
Franklar davlati boshqarish shakli bo‘yicha ilk feodal monarxiyasi edi. U ibtidoiy jamoa tuzumidan qulchilikni chetlab, feodal jamiyatga o‘tish yo‘li bilan vujudga keldi. Shu sababli franklar jamiyati ko‘p uklad-liligi (quldorlik, urug‘doshlik, jamoachilik, feodal munosabatlarning qo‘-shilib ketganligi), feodal jamiyat asosiy sinflarining tashkil topish jarayoni nihoyasiga yetmay qolganligi bilan tavsiflanadi. Shu tariqa ilk feodal dav-latda eski jamoa tashkilotlarining muhim qoldiqlari, qabilaviy demok-ratiya muassasalari saqlanib qolgan edi.
Franklar davlati o‘z rivojlanishida ikkita asosiy bosqichni bosib o‘tdi. Birinchi bosqich V asrning oxiridan VII asrning oxirigacha bo‘lgan davrni, ikkinchi bosqich esa VIII asrdan IX asrning o‘rtasigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu ikki davr faqat ikki hukmron sulolaning almashishi (Merovinglar o‘rniga Korolinglarning kelishi) bilangina ajralib turmaydi. Ikkinchi bosqich frank jamiyatining chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qayta qurilishini boshlab bergan yangi bosqich bo‘lganligi bilan tavsif-lanadi. Buning natijasida asta-sekin senorlik monarxiyasi shaklidagi feodal davlati shakllandi.
Ikkinchi davrda asosan yirik feodal yer egaligining, feodal jamiyat-ning ikki asosiy sinflari: feodallar va ularga qaram dehqonlarning tashkil topishi nihoyasiga yetadi.



Yüklə 164 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin