9-modda. Vazirliklar va idoralarning fuqaro muhofazasi sohasidagi vakolatlari Vazirliklar va idoralar:
fuqaro muhofazasining tegishli rejalarini ishlab chiqadilar va ularning amalga oshirilishiga rahbarlik qiladilar;
xodimlar zamonaviy qirg‘in vositalaridan himoyalanish usullariga va urush davri sharoitidagi harakatlarga tayyorlanishi va o‘rgatilishini tashkil etadilar;
zamonaviy qirg‘in vositalari taqdid solganda va qo‘llanilganda tarmoq xodimlarini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradilar;
urush davrida tarmoq va xalq xo‘jaligi obyektlari barqaror ishlashini ta’minlash tadbirlarini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
tashkilotlarni xavfsiz zonalarga evakuatsiya qilish rejalari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadilar;
fuqaro muhofazasi moddiy-texnika, tibbiy va boshqa xil vositalar zaxiralarini yaratadilar hamda ularning to‘planishi, saqlanishi, yangilab borilishi va qo‘llanishga shay holatda saqlab turilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
tarmoq fuqaro muhofazasi ahvoli to‘g‘risida belgilangan tartibda axborot taqdim etadilar;
fuqaro muhofazasi sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladilar;
xabar berish tizimini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalarini vujudga keltiradilar hamda ularni doimiy shay holatda saqlaydilar;
fuqaro muhofazasining holatini nazorat qilib boradilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqaro muhofazasi sohasidagi vakolatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
fuqaro muhofazasi rejalarini ishlab chiqadilar va ularning tegishli hududda amalga oshirilishiga rahbarlik qiladilar;
tegishli hududdagi tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan fuqaro muhofazasi tadbirlarining bajarilishini tashkil etadilar va nazorat qilib boradilar;
fuqaro muhofazasi kuchlari va vositalari tayyorlanishini hamda shay holatda saqlab turilishini ta’minlaydilar;
tashkilotlar rahbarlari va aholining zamonaviy qirg‘in vositalari qo‘llanilgan paytdagi himoyalanish usullariga o‘rgatilishini tashkil etadilar;
zamonaviy qirg‘in vositalari qo‘llanilgan sharoitda aholi hayot faoliyatining ta’minlanishini kafolatlovchi fuqaro muhofazasiga oid mol-mulk, moddiy-texnika, oziq-ovqat, tibbiy va boshqa xil zaxiralar hajmlarini belgilaydilar hamda ularning to‘planishi, saqlanishi, yangilab borilishi va shay holatda saqlab turilishi uchun javob beradilar;
urush davrida, idoraviy bo‘ysunuvidan qati nazar, tashkilotlarning barqaror ishlashini ta’minlash tadbirlarini tashkil etadilar va amalga oshiradilar;
fuqaro muhofazasi sohasida axborotlar yig‘ish va almashinishni, shuningdek zamonaviy qirg‘in vositalarining qo‘llanilish tahdidi yoki qo‘llanilganligi to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida xabardor qilinishini ta’minlaydilar;
aholini evakuatsiya qilish va bo‘lib-bo‘lib joylashtirishga, uning xavfsiz zonalarga o‘rnashib olishiga tayyorgarlik ko‘rish hamda shu ishlarni tashkil etish, davolash muassasalari va boshqa tashkilotlar ishini yo‘lga qo‘yish tadbirlarini amalga oshiradilar;
qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil etadilar va amalga oshiradilar, o‘z tasarruflaridagi hududda jamoat tartibi saqlanishini ta’minlaydilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.