BMT ustavi, Inson huquqlari to’g’risidagi umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari haqidagi boshqa xalqaro paktlar, Xelg’sinki bitimlari, Parij va Madrid xartiyalari qoidalari Konstitutsiyamizdagi xalqaro huquq printsiplari va normalariga asos bo’ldi. Bunday konstitutsiyaviy yondashuv, ayniqsa Konstitutsiyaning muqaddimasida, 4-bobida, ikkinchi bo’limda 22,23 va 26-bobda yaqqol ko’zga tashlanadi. Bu boblarning tegishli ravishda, «Tashqi siyosat», «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari», «O’zbekiston Respublikasining sud hokimiyati», «Saylov tizimi», «Mudofaa va xavfsizlik» deb nomlanishi ham fikrimizning dalilidir.
XX asrning so’nggi o’n yilligi ijtimoiy dunyoqarash va jahon hamjamiyatining jo’g’rofiy-siyosiy tuzilishida tub o’zgarishlar davri bo’lib tarixga kirdi. Jahon hamjamiyati yangi davrga qadam qo’ydi. Bu davr o’zining ikki jihati bilan ajralib turadi. Birinchidan, bu davlatlar, xalqlar o’rtasidagi yaqinlashuv jarayonlari va har tomonlama hamkorlikning kuchayishi, yaxlit bo’lgan siyosiy, iqtisodiy va huquqiy makonlarning vujudga kelishi, hozirgi zamon xalqaro huquq normalarining yaratilishidir. Ikkinchidan, «sotsialistik lager»ning yemirilishi, totalitar tuzumdagi davlatlarning tugatilishi, ular o’rnida mustaqil davlatlarning paydo bo’lishidir. Endilikda «sovuq urush»ga barham berildi, «kapitalistik» va «sotsialistik» degan tushunchalar o’rtasidagi farq amalda yo’q bo’lib borayapti. Mafkuraviy aqidalardan xoli bo’lgan yangi, erkin tafakkurni shakllantirish zarurati paydo bo’ldi.
Prezidentimiz Islom Karimov «O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyoti yo’li» kitobida O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining kontseptsiyasi to’g’risida, tashqi siyosiy yo’l, bu yo’lning huquqiy negizi va uni amalga oshirish vositalari haqida to’xtalib o’tgan. O’zbekiston tashqi siyosatining strategik yo’li, asosiy qoidalari va maqsadlari, uning ustuvor va mintaqaviy yo’nalishlari, xususiyatlari negizida respublikaning milliy manfaatlari joy olgan. Har qanday siyosat aql-idrok bilan ish tutishni taqozo etadi. Rivojlanayotgan, tez taraqqiy etish uchun kuchli ilmiy, sanoat kuch-quvvatiga ega bo’lgan mamlakatning tashqi siyosati ehtiroslardan xoli bo’lishi lozim. Respublikamiz ana shunday davlatlar sirasiga kiradi. Yangi xalqaro iqtisodiy tartib uchun harakat qilish qoidalari O’zbekiston uchun ham diqqatga molik masaladir. Bu xom ashyo va sanoat mahsulotlari narx-navolarining adolatli bo’lgan nisbati, rivojlanayotgan davlatlarning fan va texnika yutuqlaridan bahramand bo’lish imkoniyati va hokazolardir.
Dostları ilə paylaş: |