Fuqarolik jamiyati xaqidagi zamonaviy konsepsiyalar


OLIY TA’LIM KONSEPSIYASI: ZAMONAVIY TA’LIM, ILM-FAN, INNOVATSIYA VA MA’NAVIY TARBIYA LOKOMOTIVI



Yüklə 28,56 Kb.
səhifə3/4
tarix18.01.2022
ölçüsü28,56 Kb.
#51375
1   2   3   4
Zamonaviy iqtidorlilik konsepsiyasi

OLIY TA’LIM KONSEPSIYASI: ZAMONAVIY TA’LIM, ILM-FAN, INNOVATSIYA VA MA’NAVIY TARBIYA LOKOMOTIVI

Yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar e’tiborga molikdir. Chunki, ta’lim sifatini oshirish, oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy ta’limga qamrovni tobora oshirish kabilar mamlakatimizning dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Oxirgi 3 yil davomida mamlakatimizda ta’limni boshqarish hamda rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish muammolarini tizimli-innovatsion yondashuv bilan hal etishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish hamda OTMlar moddiy texnik bazasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kadrlar tayyorlashdagi muhim qadam sanalmish mazkur hujjat oliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilishiga asos bo‘ldi. Jumladan, qarorda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga to‘siq bo‘lib kelayotgan bir qator muammolar, bugungi kunda uchrayotgan og‘riqli nuqtalarni bartaraf etish choralari belgilab berildi.
Qolaversa, Harakatlar strategiyasida ham kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan.
Prezidentimizning 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, O‘zbekistonda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, ushbu hujjatda nazarda tutilgan maqsadlar oliy ta’limni modernizatsiya qilish bilan birga, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik rivojlanishi orqali yurtimizda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni oshadi. Bu esa sohada sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirish bilan birgalikda, farmonda ta’kidlab o‘tilganidek, umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrab olinishi 50 foizdan oshirilishiga erishiladi. Raqobat bo‘lishi sifat oshishiga xizmat qiladi. Pirovardida, O‘zbekistonda yuqori malakali mutaxassislar ko‘payashiga, aholining oliy ma’lumotli qatlami ortishiga yordam beradi.
Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek O‘zbekistondagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritilishi belgilangan. Ushbu maqsadlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekistonda ta’limni xalqarolashuvini rivojlanishiga ham zamin yaratadi. Mamlakatimizdagi OTMlar nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar o‘rnatib, talabalar va o‘qituvchilarning akademik va ilmiy sohalarda almashinuvini oshirishga erishiladi.
Ushbu farmon orqali oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish nazarda tutilayotgani ushbu maqsadlarga erishishda ayni muddaodir. Chunki o‘qitish jarayonida kredit tizimi asosida tahsil olgan talaba ertaga kasbiy kompetentlilik va noodatiy vaziyatlarda qaror qabul qila oladigan, jamoada ishlash, axborotni mustaqil olish, tahlil qilish, samarali foydalanish, o‘zgaruvchan vaziyatlarga moslashuvchan mutaxassis kadr bo‘lib yetishishi shubhasiz. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’lim va integratsiyada portlash effektini beradi va biz ishonamiz.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish, OTMning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash va bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham farmonda ko‘rsatib o‘tilgan.
Sifatli ta’limda – sog‘lom muhit: Konsepsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha alohida e’tibor qaratilgan: oliy ta’lim sohasida “korrupsiyasiz soha”; professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik omillarni bartaraf etish; malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish, nazorat-monitoring, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish va tizimdagi boshqa jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash; professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, kasbiy faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida oliy ta’lim tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishdek mexanizmlar belgilab berilgan.
Hukumatimiz rahbarining oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha qaror va farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Birinchi navbatda farmon rejasi va yo‘l xaritasidan kelib chiqib, institutning bir yillik va 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining istiqbol reja va strategik vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, institut tomonidan ta’lim sifatini hamda institutning xalqaro imijini oshirish, ilmiy tadqiqot faoliyatga alohida e’tibor qaratish orqali ilmiy salohiyatni oshirish, xorijiy talaba va o‘qituvchilarni jalb qilish orqali xorijiy investitsiyalar kiritish salmog‘ini ko‘paytirish, ma’naviy va ma’rifiy sohalarda ayniqsa talaba-yoshlarni ta’lim-tarbiyasi bilan astoydil shug‘ullanish masadida, beshta tashabbusni o‘z ichiga qamrab olgan zamonaviy va milliy auditoriyalar tashkil etilgan, extiyojdan kelib chiqib moddiy texnik bazani bosqichma-bosqich kuchaytirish kabi ishlar shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar zamirida Vatanimizni yanada taraqqiy ettirish, yoshlarni har jihatdan barkamol shaxs etib voyaga etkazish, sohalar uchun yuqori bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashdek maqsadlar mujassamdir.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha xalq ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Prezident farmoni loyihasini muhokama etish uchun e’lon qilindi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

Mazkur konsepsiyada 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlanishi taklif etilgan. Ushbu hujjat mamlakatda 2030-yilgacha xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Uzluksiz ta’lim, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini mazmunini sifat jihatdan yangilash;

Ta’lim berish metodlarini takomillashtirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;

Xalq ta’limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy etish;

Xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va budjet mablag‘larini moliyalashtirish samaradorligini oshirish;

Yoshlarni tarbiyalash, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish.

Konsepsiya loyihasida ta’kidlanishicha, 2019-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida 9691 ta umumta’lim maktablari (jumladan, ayrim fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha 335 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktablar) mavjud. Ayni vaqtda umumta’lim maktablarida 5,2 milliondan oshiq o‘quvchi, shuningdek 37 ta nodavlat ta’lim muassasasida esa 7,5 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.

Umumiy ta’limning bir qismi bo‘lgan qo‘shimcha ta’lim bolalarning ijodiy salohiyati hamda qobiliyatini rivojlantirishga imkon beradi. Mazkur maktabdan tashqari ta’lim 211 ta “Barkamol avlod” ijodiyot markazlarida tashkil etilgan. Ushbu markazlardagi jami 5054 ta turli yo‘nalishdagi to‘garaklarda 140 mingdan ortiq o‘quvchi iqtidori rivojlantirilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 51 ta mutaxassislik bo‘yicha 1449 ta o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan.

Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida nogiron bolalar uchun 85 ta ixtisoslashtirilgan maktab va internatlar faoliyat yuritadi. Mazkur muassasalarning 50 tasi aqlida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularda 18533 nafar bolalarga ta’lim beriladi.

Skolioz bilan kasallangan bolalar uchun 21 sanatoriya-internati hamda 9 ta internat maktablari, shu bilan birga surunkali nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun 12 nafar internat maktablari mavjud.

Shuningdek, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor hamda uzoq muddatli davolanishga muhtoj bo‘lgan 10777 nafar o‘quvchi uy sharoitida ta’lim oladi. Tarbiyasi og‘ir bolalar ta’limi ikki muassasada amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida 19 mehribonlik uyi va 3 ta bolalar shaharchalari mavjud. Ularda 2441 ta yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qitilmoqda.

Konsepsiyada shuningdek, xalq ta’limi sohasidagi mavjud muammolar ko‘rsatilgan. Xususan, mazkur muammolar maktab ma’muriyati tizimida ham mavjud. Jumladan, mahalliy davlat idoralari maktablarga yordam bermasligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, davlat ta’lim xizmatlari darajasi aholi talab va takliflariga javob bermaydi.

Farmon loyihasida umumiy o‘rta ta’limni metodik ta’minlashda kamchiliklar mavjudligi ta’kidlanadi. Darsliklarning muqobil varianti mavjud emas. Maktablarni moddiy-texnik jihozlash va moliyalash tizimida ham muammolar mavjud.

Alohida ta’kidlash joizki, mazkur konsepsiya xalq ta’lim tizimining rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Hujjatga binoan, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari ta’lim mazmunini modernizatsiyalaydi. Tarkibiy o‘zgarishlar hamda sifatli ta’limning teng huquqliligini ta’minlaydi.

Jumladan, konsepsiyada, eng avvalo, kelajakda innovatsion iqtisodiyotni yaratish uchun zarur bo‘lgan kasblarni egallashda asqotadigan chet tillari, informatika, matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi sohalarda kompetensiyaviy ta’lim modelini yaratish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim mazmunini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi. Yangi o‘quv standartlari, dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar innovatsion tarzda yaratiladi.

E’tiborlisi, o‘quvchilarning kasb-hunar tanlashi, professional kasbni egallashi hamda ularni zamonaviy kasblarga tayyorlashda o‘g‘il-qizlarning qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Maxsus ta’limni rivojlantirish maqsadida psixologik va pedagogik yordamga muhtoj bolalar ta’limi hamda tarbiyasiga ota-onalarning ham jalb etish belgilangan.

Shuningdek, o‘qituvchi va rahbarlar faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida, qolaversa, ularning ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalaridan foydalanishini inobatga olgan holda xalq ta’limida yangi ish haqi tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Ta’lim va ishlab chiqarish komplekslari, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlari shakllantiriladi. Birgalikda mehnat bozori o‘rganilib, nogiron bolalarni o‘qitish uchun inklyuziv ta’lim tizimi yaratiladi, Jumladan, umumiy ta’lim muassasalarida maxsus asbob-uskunalar (ko‘tarish apparatlari, rampalar, tirgak va boshqalar) o‘rnatiladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari tegishli inson resurslari (pedagogik defektologlar, bolalarni psixologik va pedagogik qo‘llab-quvvatlash mutaxassislari) bilan ta’minlanadi.

Ta’lim yutuqlarini baholashda xalqaro tadqiqot dasturi (PISA) doirasida umumiy o‘rta ta’lim sifatini baholashning milliy tizimi yaratiladi.

Konsepsiya doirasida umumta’lim muassasalari, ayniqsa olis qishloq hududlarida joylashgan maktablarning ta’lim resurslari ta’minoti sifatini yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, barcha ta’lim maskanlarining Internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlash va o‘quv jarayonini kompyuterlashtirish darajasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Chekka hududlardagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar ishining jozibadorligini oshirish uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.

Endilikda doimiy ravishda nogiron bolalarga ko‘mak beriladi va ular ta’lim muassasalariga qamrab olinadi. Bundan tashqari, nodavlat ta’lim muassasalari tarmog‘i, shuningdek, davlat-xususiy sektori hamkorligida faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytiriladi.

Mazkur konsepsiyani amalga oshirish natijasida O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida yangi davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari joriy etiladi. Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’limga oid zamonaviy innovatsion hamda iqtisodiyot talablariga javob beruvchi STEAM fanlari yaratiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan islohotlarning barchasi ma’lumotlarni yodlash yoki takrorlashga urg‘u berish uchun emas, aksincha, XXI asrda tanqidiy fikrlash, mustaqil izlanish hamda axborotni tahlil qilish uchun amalga oshiriladi.

Qolaversa, o‘quvchilar kompetensiyalarini rivojlantirish uchun zamonaviy ta’lim texnologiyalari joriy etiladi. Mamlakatimizda Prezident maktablari hamda “Zamonaviy maktablar” tashkil etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi ushbu hujjatning takomillashtirishga hissa qo‘shish uchun barchani, jumladan, tajribali o‘qituvchilarni taklif etadi. Mazkur hujjat loyihasining muhokamasi 2019-yilning 22-yanvarigacha davom etadi.


Yüklə 28,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin