Geoinformatsion kartografiyalash – bu geoinformatika va karto-
grafiyaning uzviy bogʻliqligi natijasidir. Geoinformatsion kartografiyalash
avtomatlashgan kartografiya, masofadan zondlashni oʻz ichiga olgan aerokosmik
usullar, deshifrlash, raqamli fotogrammetriya va geoinformatikaning uzviy
bogʻliqligida shakllanadi.
Geoinformatsion kartografiyalash kartografiyaning asosiy yoʻnalishlaridan
biridir. U GAT hamda geografik ma’lumotlar bazasiga asoslangan tabiiy va
ijtimoiy-iqtisodiy axborotlarni avtomatlashgan kartografik modellashtirishni
tashkil etadi.
Quyidagi omillar ushbu yoʻnalishning shakllanishiga turtki boʻldi:
•
Geoinformatikaning ilmiy-texnologik va ishlab chiqarish fani sifatida
rivojlanishi.
•
Muammolar yechimini ta’minlashda talab etiladigan amaliy kartografiya.
•
Kartografiyada GATning yadrosi sifatida kompyuterlashgan karta tuzish va
avtomatlashgan kartografiyaning qoʻllanilishi.
•
Nazariy, kartografik va geoinformatik yondashuvlarning integratsiya-
lashuvi.
•
Katta hajmda yangi koʻrinishdagi karta turlarining ilmiy-amaliy qayta
ishlanishi.
Geoinformatsion kartografiyalash kartografiyaning dasturiy boshqaruvi
boʻlib, bu kartografiyaning matematik asoslari va karta komponovkalari kabi
an’anaviy muammolar va yangi vositalarga ham e’tibor berishni talab etadi.
Topografik va mavzuli kartalar fazoviy ma’lumotlarning asosiy manbayidir.
Geografik va toʻgʻri burchakli koordinata sistemalari esa bu ma’lumotlarni
ularning geografik joylashuviga qarab oʻzaro bogʻlaydi va GATning ma’lumotlar
bazasi tizimida saqlaydi. Bundan tashqari, aynan kartalar GATga kelib tushadigan
masofadan zondlash ma’lumotlari, statistik ma’lumotlar, meteorologik kuzatishlar
va boshqa turdagi ma’lumotlarni tashkillashtirish hamda geografik izohlashda
asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Geotizimga bogʻliq barcha jarayonlarni
oʻrganishda kartografik tahlil va matematik-kartografik modellashtirishdan
keng foydalaniladi.