Globallashuv davrida axborot madaniyatining zaruriyati


Axborot asrida mafkuraviy tazyiqlarning inson ma’naviyatiga ta’siri



Yüklə 80,43 Kb.
səhifə4/6
tarix02.04.2023
ölçüsü80,43 Kb.
#92614
1   2   3   4   5   6
8-mavzu. Globallashuv davrida axborot makoni va g’oyaviy mafkura

Axborot asrida mafkuraviy tazyiqlarning inson ma’naviyatiga ta’siri

Bugungi kunda biz inson hayotining asosiy qadriyatlaridan birini axborot tashkil etgan yangi davrga qadam qo’ydik. “Axborot asri” deb nom olgan XXI asrda biron-bir mamlakat yoki hududning taraqqiyotini faol axborot almashuvisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Albatta, insoniyatning tarixiy taraqqiyoti davomida jamiyat muayyan shakl va hajmda axborot, bilim almashinuvi asosida rivojlanib kelgan. Ammo hozirgi bosqichda axborot texnologiyalarining mislsiz taraqqiyoti dunyo miqyosida yaxlit axborotlashgan jamiyatni shakllantirdi. Axborotlashgan jamiyatning shakllanishi davlat va jamiyatlar hayotining barcha sohalarida jiddiy o’zgarishlarga olib kelmoqda. Hozirda axborot odamlar va jamiyat farovonligining eng muhim manbasiga aylanmoqda va rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti tarkibida axborot texnologiyalari industriyasi eng yirik sohani tashkil etadi. Nemis tadqiqotchisi L.Nefedovning aytishicha: “Bugun tadqiqot va rivojlanishga investisiya qilinayotgan mablag’larning uchdan biri axborot texnologiyasiga yo’naltirilmoqda”1.
So’nggi davrda axborot ishlab chiqarish qiyos qilib bo’lmas darajada rivojlanmoqda. Xususan, XX asr o’rtalarida ilmiy axborot har 15 yilda ikki barobar ko’paygan bo’lsa, XX asrning oxirlariga kelib esa, har 5,5 yilda shunchadan ortib borgan. Olimlarning taxminiga ko’ra, XXI asr boshida axborotning teng barobar ko’payib borishi har 20 oyda sodir bo’ladi.
Axborotning tez sur’atlar bilan tarqalishida, avvalo, telekommunikasiya vositalarining kundan-kun rivojlanib borayotgani muhim rol o’ynaydi. (“tele”- yunoncha so’z bo’lib, “uzoq” ma’nosini beradi. Shunga asosan, telekommunikasiyani turli subyektlar o’rtasida uzoq masofaga axborot uzatish va qabul qilish jarayoni, deb ta’riflash mumkin).
Telekommunikasiyalarning axborotga bo’lgan ehtiyojini qondirish, umuman, jamiyat rivojidagi roli kun sayin oshib bormoqda. Telekommunikasion sohaning ahamiyati uning quyidagi funksiyalarida namoyon bo’ladi:
1. Ijtimoiy funksiya – odamlar, tashkilotlar, davlat muassasalari o’rtasidagi aloqalarni ta’minlash.
2. Iqtisodiy funksiya — xo’jalik subyektlarini boshqaruvga oid qarorlar qabul qilishi uchun zarur axborot bilan ta’minlash.
3. Siyosiy funksiya — davlat boshqaruvi organlari, siyosiy partiya va ijtimoiy harakatlar, ommaviy axborot vositalarining axborotlarini tarqatish, ya’ni so’z erkinligini ta’minlash.
4. Davlatchilik funksiyasi — hokimiyat organlari, mamlakatni boshqarish, jumladan, milliy xavfsizlik uchun zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash.
5. Ma’naviy-madaniy funksiya – odamlarga ma’naviy qadriyatlar va madaniy merosni tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda ularning bugungi ahamiyati haqidagi axborotni yetkazish, ya’ni targ’ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish va fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish.
6. Texnologik funksiya — jamiyatni axborotlashtirish sohasida texnik taraqqiyotni ta’minlash.
Axborotlashgan jamiyat shakllanishining ijobiy jihatlarini, axborot taraqqiyotining bosh omiliga aylanganini inkor etmagan holda, aytish lozimki, mutaxassislar bu jarayon bilan bog’liq qator salbiy tendensiyalarni ham qayd etishadi.
Ta’kidlash joizki, globallashuv keng quloch yozgani, jahondagi integrasiyalashuv jarayonlari faollashgani, transmilliy korporasiyalar va axborot tarqatish tarmoqlari davlatlararo chegaralarni bekor qilayotganiga qaramay, “milliy davlat - hozirgi davrning asosiy geosiyosiy birligini tashkil etadi”2  va davlatlar har doimgidek, xalqaro munosabatlarning bir-biri bilan muloqotga kirishadigan hamda bir-biriga muayyan munosabatda bo’ladigan subyektlari bo’lib qolmoqda. Shuning uchun har qanday davlatning asosiy maqsadi o’zini, o’zining yaxlitligi va “yashash makoni”ni saqlash hamda milliy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Globallashib borayotgan dunyoda bu maqsadlar davlatlarning (kuchli davlatlarning) o’z “yashash makoni”ni kengaytirishga, jahonda yetakchilikka erishishga intilish shakllarida namoyon bo’lmoqda. Xususan, britaniyalik faylasuf Brayen Magi iborasi bilan aytganda, hozirgi vaziyat “AQSh gegemoniyasi” bilan xarakterlanadi3 .
Yangi axborot texnologiyalarining ulkan imkoniyatlari axborotni geosiyosiy ta’sirning eng kuchli quroliga aylantirdi. Jahondagi ko’plab olimlar tomonidan “axborot neokolonializmi” , “axborot urushlari” , “madaniy imperializm” , “madaniy gegemoniya” , “axborot ekspansiyasi”  kabi atamalarning tez-tez qo’llanilayotgani bejiz emas.
Globallashuv jarayonlarining natijalaridan biri sifatidagi g’arbona (amerikacha) andoza asosida madaniy unifikasiyalash, turli xalqlarning rang-barang madaniyatini inkor etish asnosida yagona jahon madaniyatini shakllantirishga bo’lgan harakatlar muayyan darajada o’z hosilini bermoqda. Bu borada amerikalik siyosatshunos Z.Bzejinskiy shunday yozadi: “Madaniy ustunlik Amerika global kuch-qudratining muhim jihati sanaladi. Ayrimlar o’zining estetik qadriyatlari haqida qanday fikrda bo’lmasin, Amerika ommaviy madaniyati, ayniqsa, jahon yoshlarini ohanrabo kabi o’ziga tortadi. Uning jozibadorligi ehtimol shu madaniyat orqali targ’ib qilinayotgan hayotni sevish falsafasi, hayot sifati bilan bog’liqdir, lekin Amerika madaniyatining jozibadorligi shak-shubhasizdir. Amerika televizion dasturlari va filmlari jahon bozorining qariyb to’rtdan uch qismini egallagan. Amerikaning ommabop musiqasi ham ustuvor mavqyega ega, shuningdek, amerikaliklarning qiziqishlari, ovqatlanishdagi odatlari, hattoki, kiyinishlariga butun dunyoda taqlid qiladilar. Internet ingliz tilida va kompyuterdagi so’zlarning aksariyat qismi Amerikadan bo’lib, global muloqotning mazmuniga ta’sir o’tkazadi. Va nihoyat, Amerika zamonaviy ta’lim olishga intilayotganlar uchun Makkaga aylangan...”4 
Tabiiyki, OAVda bunday kuchlar, bir tomondan, qonunlashtirilgan tilga, “to’g’ri so’z”larga o’zlaricha ma’no yuklasalar, ikkinchi tomondan, vaziyatga qarab ularning ma’no ko’lamini o’zgartiradi. Bu borada G.Pochepsov shunday yozadi: “Fors ko’rfazidagi urush chog’ida Iroq va uning ittifoqchilarini mutlaqo antidemokratik davlat sifatida taqdim etish tashviqotning bosh mezoni bo’ldi. Shunisi qiziqki, tadqiqotchilar bu urushda AQShning ittifoqchilari ham xuddi shunday “antidemokrat” bo’lganini ta’kidlaydi.”1
Masalaning xarakterli jihati shundaki, globallashayotgan dunyoda ommaviy axborot vositalari, eng zamonaviy kommunikasiya tarmoqlari yordamida yetakchilik siyosatini shu darajada odamlar ongiga singdirishga harakat qilinmoqdaki, u ko’pchilik tomondan, hatto chuqur mushohada qilishga odatlangan ayrim olim va mutaxassislar orasida ham tabiiy hol sifatida qo’llab-quvvatlanmoqda. Masalan, amerikalik siyosiy sharhlovchi Devid Rotkopf ayni madaniyat sohasida AQShning yetakchilik pozisiyasini saqlab qolish va kuchaytirish uchun barcha vositalarni ishga solishga ishtiyoq bilan da’vat etadi. “Xalqaro doirada g’oyalar raqobati haqida gap borayotgan ekan, — deydi u, — dunyoda bizning jamiyatimiz g’oyalari va tushunchalari ustun bo’lishi uchun yuqori darajada harakat qilmog’imiz darkor, chunki, birinchidan, ular haqiqatan eng yaxshi, ikkinchidan, bu bizning xavfsizligimizni ta’minlash uchun kerak”2. Shu o’rinda aytib o’tish lozimki, rivojlangan davlatlarda buning uchun imkoniyatlar bisyor. Buni moddiy ta’minlanganlik borasida ham, mazmunda ham kuzatish mumkin. Tadqiqotchilar yozishicha, “dunyo axborotning 80 % ini London, Parij va Nyu-Yorkdan oladi. Industrial mamlakatlar sun’iy yo’ldosh orqali olinadigan ilmiy va texnik axborotni, sanoat, tijorat, bank, savdo operasiyalariga tegishli axborotni hamda tabiiy resurslar va iqlimga oid axborotni to’liq nazorat qiladi. Bunday axborot davlat tashkilotlari va yirik korporasiyalar tomonidan nazorat qilinib, rivojlanayotgan davlatlarga yetib bormaydi. Bunday holatda esa biz bir tomonlama harakat qilinadigan yo’ldamiz.
Ramziy zo’ravonlik orqali amalga oshirilayotgan madaniy globallashtirish (uni g’arblashtirish deb atasa ham bo’ladi) aslida shaxs bilan jamiyat o’rtasidagi munosabatlarning soxtalashishi, hattoki uzilishiga olib kelishi mumkin, chunki o’zga madaniyat tushunchalari (ramzlari) insonni shakllantiruvchi, uni to’laqonli shaxsga aylantiruvchi o’z madaniy ildizlaridan, qadriyatlari tizimidan ayiradi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Yuksak ma’naviy burchlar esa, kecha yoki bugun o’ylab topilgan emas. Ular insoniyatning ming yillik tarixi, ota-bobolarimizning necha-necha avlodlari tajribasi davomida yuzaga kelgan”2. Ulardan insonni ma’naviy-madaniy ildizlaridan ayirish uni zombilashtirish va istagan ko’yga solish imkonini beradi. Xususan, bu holat inson erkinligi va uning majburiyatlari o’rtasidagi an’anaviy muvozanatning buzilishiga olib keladi.
G’arbona liberalizm, shaxs erkinligining zamonaviy “nazariyotchilari” ayni shu maqsadni ko’zlayotganini tushunish qiyin emas. Yuqorida bu borada E.Giddensning fikrlarini keltirgan edik. Taniqli yozuvchi va publisist Mario Vargas Losa undan qolishmaydi va “globallashuvni faqat qutlab qarshi olish kerak, chunki u individual erkinlik ufqlarini benihoya kengaytiradi”3 , — deya yozadi. Siyosatshunos Xorkxaymer va Adornolar esa, madaniy gegemonlikka falsafiy bahs emas, psixologik ta’sir orqali erishilishi mumkinligi haqidagi fikrni ilgari suradi.
Inson ongu tafakkurini o’zgartirish orqali, uni milliy an’ana, urf-odat, bir so’z bilan aytganda, madaniyatidan ajratish, gegemon davlat(lar)ning “ochiq jamiyat modellari” haqidagi orzulariga yo’l ochadi va dunyo ustidan hokimlik qilishni osonlashtiradi.
Manuel Kastels so’zlari bilan aytganda: “Axborotlashgan jamiyatda hokimiyat fundamental pog’onada madaniy kodlarga kirib boradi. Odamlar va institutlar esa ular orqali hayotni tasavvur etadi hamda tegishli qarorlar, jumladan, siyosiy qarorlar qabul qiladi. Shu ma’noda, hokimiyat, u real bo’lganda, nomoddiy bo’ladi... Madaniy olishuvlar mohiyatan axborot asridagi hokimiyat uchun kurashdir. Hokimiyat xatti-harakatlar me’yorlarini belgilash imkoniyatini beradigan axborot tarmoqlari va ular orqali tarqatiladigan ramzlarda yashiringan”2 . Shu jihatdan, Prezident I.A.Karimov “Ba’zan beozor bo’lib tuyulgan musiqa, oddiygina multfilm yoki reklama lavhasi orqali ham ma’lum bir mafkuraviy maqsadlar va intilishlar ifodalanadi”1, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Shuning uchun tabiiyki, o’zligini tanigan xalq bunga qanday bo’lmasin to’siq qo’yishga, mafkuraviy tazyiqlarga qarshi kurashishga intiladi. Dunyoda hukmronlikka intilayotgan kuchlarning ta’siridan xoli bo’lishning eng maqbul vositasi esa o’z rivojlanish va taraqqiyot yo’lini milliy xususiyatlarga, azaliy shakllangan urf-odat va qadriyatlarga muvofiq tarzda belgilash. O’zbekiston ayni shu yo’lni tanladi, “fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishning eng muhim tarkibiy qismi ma’naviyat va ma’rifat sohasida, shaxsni muntazam kamol toptirish borasida uzluksiz ish olib borish”2dan iborat, deb belgilandi. Zero, hyech bir madaniyat tashqaridan aralashuvni ko’tarmaydi, uning shakllanish va rivojlanishining o’z tarixiy qonuniyatlari mavjud.
Har bir xalq madaniyati uning o’ziga xos tafakkur tarzi, olamga munosabati, dunyoqarashi va h.k.larini ifoda etuvchi muayyan ramzlar olami sifatida talqin etilsa, barcha madaniyatlarni umumiy mahrajga keltirishga harakat sifatidagi globallashuv millat yoki davlatlarning “xususiy” madaniy ramzlariga, demak, shaxs va jamiyat erkinligiga tahdid soladi.
Globallashuv, nafaqat, insoniyat taraqqiyotining tarixiy bosqichi, shu bilan birga, muayyan kuchlar tomonidan boshqarilayotgan va yo’naltirilayotgan jarayon ekanligi nazarda tutilsa, tahdidning ayonligi yanada aniqlashadi. “Globallashuv mualliflari” o’z maqsadlariga mos “ma’nolar kompleksi”ni ommalashtirishga, ularga “umuminsoniylik” maqomini berishga harakat qiladi. Shu tariqa ularni qonunlashtirib, globallashuv jarayoni bilan voqyea-hodisalarni baholovchi universal o’lchovga aylantiradi. Tadqiqotchi N.Umarova bu haqda shunday yozadi: “Axborot urushini boshlaganlar nafaqat milliy turmush tarzini, balki uning yaxshilik va yomonlik, oq va qora, savob va gunoh, rost va yolg’on haqidagi tasavvurini o’zgartirishga harakat qiladi”1. Xullas, global hokimiyat global ramzlashtirish orqali amalga oshiriladi.


  1. Yüklə 80,43 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin