yoxud yana globallashuv, "demokratiya", axborot xuruji xususida Shunday bo'lishi zarurki, toki shu yurtda yashovchi har bir odam sodir bo'layotgan murakkab ijtimoiy jarayonlarni his qilib tursin, ularga nisbatan o'z fikri va mulohazasiga ega bo'lsin, nima haqiqat-u, nima yolg'on va bo'hton ekanligini tushunsin. Tevarak-atrofda sodir bo'layotgan jami voqealar xususida o'z fikri va pozitsiyasiga ega bo'lmay turib, bu dunyoda qanday yashash mumkin? Islom KARIMOV Globallashuvni butun yer yuzini qamrab olgan ulkan havo layneriga qiyos qilishadi. Bu ulkan havo kemasining bir qanoti tamaddunga, yana bir qanoti esa yagona axborot makoniga o'xshab ketadi.
Insoniyatning aql zakovati, teran hayotiy qadriyatlarining mustahkamligi tufayligina globallashuvning ijobiy jihatlari ustuvorligiga erishish mumkin. Aks holda globallashuvning salbiy ta`siri ro'yi zaminga xavf-xatar, tahdid solib turaveradi.
Aslida globallashuv dunyo davlatlarining taraqqiyot rishtasi bilan mustahkam bog'lanishidan kelib chiqadi. Ilmiy tilda izohlasak, yer kurrasini turg'un transport yo'nalishlari bilan birlashtirish, migratsiya oqimlarining kuchayishi, axborot texnologiyalarining taraqqiy etishi va boshqa jarayonlar globallashuvning bosqichlaridir.
Ammo, har qanday hodisa singari globallashuv ham o'ziga xos musbat va manfiy jihatlarga ega. Masalan, bugungi kunda "urf" bo'layotgan g'oyalar va madaniyatlar sohasidagi globallashuvga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Ayrim tadqiqotchilar dunyoviy demokratiya, siyosiy plyuralizm, ochiq jamiyat g'oyalari hozirgi davr globallashuvining negizidir deyishmoqda. Mayli, shunday bo'la qolsin. E`tirozimiz yo'q. Ammo, globallashuv bayrog'i ostida ayrimlar xohlayotgani kabi ko'r-ko'rona g'arbiylashtirish - "vesternizatsiya" siyosatini qabul qilolmaymiz. G'arb ijtimoiy andozalarini to'lig'icha, hech o'zgarishsiz tabiatimizga moslay olmaymiz, ruhiyatimizga singdirolmaymiz. Bu yo'lda "g'arb madaniyati"ning turli xil tazyiqlarini ham kuzatishimiz mumkin. "Globallashuv tarafdorlari"ning asl muddaosi - madaniy tanazzul ekanini bugun nafaqat ziyolilar, yurtimizdagi har bir fuqaro tushunib yetmog'i lozim.
Globallashuvning yana bir xavfli jihati: bugun dunyo yagona axborot maydoniga aylanmoqda. Shu jarayon bilan bog'liq xavfsizlik va barqarorlikka tahdid soluvchi yangi, misli ko'rilmagan xavf-xatar, tahdidlar ham paydo bo'layapti. Yagona axborot makonini yaratish, undan axborot tahdidi yo'lida foydalanish shu darajaga yetdiki, axborot makonidagi xuruj yadro poligonlaridan ko'ra xavfliroq bo'lib qoldi.
Ayrim gegemonlik vasvasasiga tushgan davlatlarning "global" geosiyosati negizida "demokratiyani faol ilgari surish prinsipi" yotibdi. "Universal va barchaga taalluqli" demokratiyani jahonga yoyishga urinishlar, bugungi kunda jadallashib ketganidan ko'z yumolmaymiz. Demokratiya har qanday jamiyatning tabiiy rivojlanishi asosida shakllanadigan va takomillashadigan uzluksiz, tadrijiy jarayondir. Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek: "Demokratiyani eksport qilish va uni chetdan turib zo'ravonlik bilan joriy qilishning o'zi aynan demokratiya tabiatiga zid narsa".
Bu fikr ko'p ta`kidlanmoqda. Ammo, "demokratiya" "daho"lari buni eshitib, eshitmaganga olmoqda. Chunki, ularning maqsadi demokratiya emas...
Axborot xuruji avj olayotgan, qaysidir kuch-qudratli mamlakatlarning manfaatlari yo'lida yolg'on targ'ibotga zo'r berishi oqibatida dunyo tahlikali jarlik yoqasiga yaqinlashib bormoqda. Buning natijasida terrorizm ham globallashayapti. Bu esa insoniyatga jiddiy xavf tug'dirmoqda. Bundan 15-20 yil ilgari terrorizm tahdidini Yaqin Sharq yoki Shimoliy Irlandiyada kuzatgan bo'lsak, bugun bu ofat dunyo bo'ylab "tomir otdi". Shu o'rinda terrorizmning kuchayib borayotganiga kim yoki nima sababchi degan savol tug'ilishi tabiiy...
Ma`lumotlarga qaraganda, birgina 2005 yilda Afg'oniston va Iroqdagi harbiy harakatlar uchun AQSh 300 milliard dollar mablag' sarflagan. Afg'onistondagi 18 ming harbiyga 100 milliard dollar ajratilgan. Shundan atigi 0,8 foizi esa giyohvandlik savdosiga qarshi yo'naltirilgan. Lekin keyingi yillarda dunyoni larzaga solayotgan giyohvandlik savdosi 10 barobarga oshdi. Hozirgi kunda 2 millionga yaqin kishi Afg'onistonda ochiq-oydin giyohvand moddalar yetishtirish bilan shug'ullanadi. Yevropa shaharlarida giyohvand moddalar bahosi o'ta "baland". Negadir "Biz dunyoga osoyishtalik istaymiz" deya hayqirayotgan janoblar narkobiznes vabosiga panja orasidan qarashayapti. Axir, narkobiznes terrorizm va diniy ekstremizm bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor-ku! Ularni mablag' bilan ta`minlaydi-ku...
Yolg'on axborotlar xurujini avj oldirgan "demokrat"larning boshqa masalalarda ham misi chiqib qolayapti. AQShning Iroqdagi ishlarga aralashuvi mazkur mamlakatning o'zida ham norizoliklar keltirib chiqarayapti. Iroqdagi urush xalqaro terrorizmni kuchaytirdi, degan fikrlar baralla aytilayotgani ham bejiz emas.
Amerikalik olim, siyosatshunos Z.Bjezinskiy ham "Los-Anjeles tayms" gazetasida demokratiya "shovvozlarining" xatti-harakatlarini fosh etadi. Uning yozishicha, AQSh mutaxassislari maxsus maqola va xabarlar tayyorlab, Iroq ommaviy axborot vositalarida iroqliklar nomidan chop ettirishgan. Demak, AQSh manfaati ifodalangan axborotlar iroqliklar imzosi bilan tarqatilgan va bundan ko'zlangan muddaoni sharhlab o'tirishga hojat yo'q ...
Axborot qurolining yolg'on-yashiq targ'iboti ta`sirini yaxshi anglagan "demokratiya peshqadamlari" bu sohaga jiddiy e`tibor berishadi. Masalan, AQShning har qanday qo'shin turida axborot urushini paydo qiladigan markaz mavjud. Axborot urushi dunyoga xavf solishi, dunyoni larzaga keltirishi mumkin bo'lgan ta`sirchan qurol ekanini XXI asrning tahlikali jarayonlari allaqachon isbotlab berdi.
Binobarin, manfaatlar to'qnashuvida yolg'onlar, bo'htonlar, turli xil safsatalarni "suv qilib ichib yuborgan" siyosatdonlar uchun axborot urushi dunyoga ta`sir o'tkazishning yagona usuliga aylanib qoldi.
Qo'chqor NORQOBIL 2007 yil 8 iyun № 23 (36)