Hozirgi davr haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun XX asr boshigacha jahon tarixi asosan mustaqil rivojlangan va bir-biriga jiddiy ta’sir ko’rsatmagan sivilizatsiyalardan iborat bo’lganini nazarda tutish muhimdir. Hozirgi zamonda dunyo so’nggi yuz yillik ichida yuz bergan jamiyat hayoti barcha jabhalarining faol integratsiyalashuvi natijasida sezilarli darajada o’zgardi va yaxlit bir butun organizmga aylandi. Buning oqibati o’laroq, ayrim xalqlar va butun insoniyatning ijtimoiy ongida global jarayonlar va ularning ta’sirida yuzaga
kelgan umumiy (dunyo miqyosidagi) muammolar bilan belgilangan jiddiy o’zgarishlar yuz bera boshladi. Jahon hamjamiyati o’z rivojlanishining Yangi bosqichiga qadam qo’ygani, u avvalgi bosqichlardan nafaqat o’zgarishlar miqyosi, balki faollik darajasi va universal xususiyati bilan ham farq qilishi ayon bo’ldi.
Bu o’zgarishlarning butun majmui, shuningdek ularning sabablari 1990-yillarda globallashuv (lot. globus – er kurrasi) deb nomlandi. Globallashuv jamiyat hayotining turli jabhalarida butun Er sayyorasi uchun yagona bo’lgan tuzilmalar, aloqalar va munosabatlarning shakllanishi, universallashuv jarayonidir. SHuningdek globallashuv global makonning tutashligi, yagona jahon xo’jaligi, umumiy ekologik o’zaro aloqadorlik, global kommunikatsiyalar va shu kabilar bilan tavsiflanadi.
Globalistika. Jahon rivojlanishining eng Yangi tendentsiyalarini anglab yetish borasidagi ko’p sonli sa’y-harakatlar globallashuv jarayonlarining mohiyati, tendentsiyalari va sabablarini, ular ta’sirida yuzaga kelayotgan global muammolarni aniqlash va bu jarayonlarning oqibatlarini anglab yetishga qaratilgan fanlararo ilmiy tadqiqotlar sohasi – globalistika paydo bo’lishiga olib keldi. Kengroq ma’noda «globalistika» atamasi globallashuvning turli jihatlari va global muammolarga oid ilmiy, falsafiy, madaniy va amaliy tadqiqotlarni, jumladan ularning natijalarini, shuningdek ularni ayrim davlatlar darajasida ham, xalqaro miqyosda ham iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jabhalarda amalga joriy yetish borasidagi amaliy faoliyatni ifodalash uchun qo’llaniladi.
Globalistika mustaqil ilmiy yo’nalish va ijtimoiy amaliyot sohasi sifatida 1960-yillarning oxirlarida shakllana boshladi, lekin uning paydo bo’lishi uchun ob’ektiv asoslar ancha oldin yuzaga kelgan edi.
Global jarayonlarning shakllanish tarixi. Hozirgi globallashuv jarayonlarining ilk nishonalariga XV asr oxirlaridan boshlab duch kelish mumkin, XIX asr boshiga kelib esa u amalda real shakl-shamoyil kasb etdi. Bu pirovardida yagona
geografik, ma’lum darajada iqtisodiy va siyosiy jahon maydoni shakllanishiga olib kelgan Buyuk geografik kashfiyotlar yuz bergan davr edi. Ayni shu davrda dunyoni tushunishga nisbatan geotsentrik yondashuvlar geliotsentrik yondashuvlarga o’rin bo’shatdi, insoniyat esa, nihoyat, kun va tunning almashishini to’g’ri talqin qilishga muvaffaq bo’ldi. Fan falsafadan ajralib chiqib, bilimlar to’planishi va texnikaning rivojlanishiga kuchli turtki berdi, fan-texnika taraqqiyoti va sanoat inqilobi yuz berishiga sabab bo’ldi. So’nggi zikr etilgan voqealar pirovard natijada insonning tabiatni o’zgartiruvchi imkoniyatlari va uning atrof muhit bilan munosabatini butunlay o’zgartirdi.
Er kurrasi shar (globus) ko’rinishida ekanligini nazariy va amaliy jihatdan isbotlab insoniyat o’z tarixida birinchi bo’lib savdo-sotiq sohasida dunyo darajasiga chiqdi va dunyo miqyosida xalqaro munosabatlarga asos soldi. Ayni shu davrda ilk transmilliy savdo kompaniyalari vujudga keldi. Tez orada ularning faoliyati sof savdo chegarasidan tashqariga chiqdi va ular qullarni qo’lga kiritish va ularni ekspluatatsiya qilish, bosib olingan hududlarda plantatsiyalar va manzilgohlar barpo yetish jarayonida ishtirok eta boshladi, nihoyat, o’z davlatlari amalga oshirayotgan mustamlakachilik siyosatining asosiy ijrochisiga aylandi.
Fundamental globallashuv dunyo miqyosidagi aloqalar, tuzilmalar va munosabatlar yuzaga kelishi bilan bog’liq. Mazkur jarayonlar natijasida dunyo o’zining deyarli barcha jihatlarida yaxlit bir butun
organizm sifatida uzil-kesil shakllandi. Fundamental deb nomlanuvchi bunday globallashuvning ilk alomatlari XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo’ldi, XX asr o’rtalariga kelib esa u to’la darajada borliqqa aylandi.
Ayni shu davrda dunyoni iqtisodiy bo’lib olish yakunlandi va buning natijasida turli mamlakatlar va xalqlarning kuchayib borayotgan o’zaro bog’liqligidan kelib chiqadigan mutlaqo Yangicha tusdagi keskin xalqaro muammolar yuzaga keldi. Bu jarayonlar nafaqat iqtisodiyot, siyosat va ijtimoiy hayotni, balki aloqa va kommunikatsiya vositalarini, shuningdek ma’naviy jabha – madaniyat, fan va falsafani ham qamrab oldi. Turli-tuman xalqaro tashkilotlar, forumlar, s’ezdlar, kongresslar vujudga kela boshladiki, bunga o’sha davrda aloqa va ommaviy kommunikatsiya vositalarining faol rivojlanishi ham imkoniyat yaratdi.