Xo’jalik hisobi turlarining qiyosiy tavsifi. Buxgalteriya hisobining o’ziga xos xususiyatlaridan biri, unda barcha yozuvlar tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjatlar maxsus dalillovchi yuridik kuchga ega bo’lib, mulkning saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytiradi va korxona faoliyatini iqtisodiy tahlil qilishni ta’minlaydi.
Buxgalteriya hisobining yana bir xususiyati – uning uzluksizligi va xo’jalik muomalalarini yoppasiga qamrab olishidir. Buxgalteriya hisobi barcha xo’jalik muomalalarini yoppasiga qayd qilishni uzluksiz amalga oshira borib, korxonalarda sodir bo’layotgan xo’jalik jarayonlarini to’la tavsiflaydi.
Buxgalteriya hisobi natura va mehnat o’lchovlarini umumlashtirgan holda barcha xo’jalik mablag’larini va xo’jalik faoliyati jarayonidagi ularning doiraviy aylanishini pul ifodasida aks ettiradi. Bubuxgalteriya hisobini operativ va statistik hisobdan farq qildirib, undan xo’jalik faoliyatini so’m bilan nazorat qilish vositasi sifatida foydalanish imkoniyatini beradi va buxgalteriya hisobining o’ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Demak, buxgalteriya hisobi faqat pul ifodasida yuritiladi.
Buxgalteriya hisobi tadbirkorlikni rivojlantirishda va xodimlarning o’z mehnati natijalaridan moddiy manfaatdorligini kuchaytirishga har tomonlama yordam berishi kerak. Bu esa xo’jalik muomalalari va jarayonlarini pul o’lchovida yoppasiga va uzluksiz aks ettirish orqali amalga oshiriladi, sarflarni va sotishdan olingan daromadlarni pul o’lchovida taqqoslash, foydani aniqlash imkonini beradi.
Hisob axborotlarini shakllantirishning butun texnologiyasi va tashkil etilishi xo’jalik yurituvchi sub’ekt mulklarining baholanishi va harakatlanishi, uning majburiyatlari va ular bilan bog’liq xo’jalik muomalalariga qaratilgan. Ularning yig’indisi buxgalteriya hisobining ob’ektlarini tashkil etadi.
Xo’jalik hisobining alohida turlari ichida buxgalteriya hisobi markaziy o’rinni egallaydi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ustuvorligi, ularning foydaliligi mazkur axborotlarning ahamiyatliligi va ishonchliligi bilan belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ahamiyatliligi boshqaruv qarorlarini qo’llashning natijasiga ta’sir ko’rsatish imkoniyatida namoyon bo’ladi. Chunki ular:
- vaziyatlarni oldindan aytish va shu asosda eng yaxshi maqbul variantlarni tanlash;
- mazkur axborot manbasi bilan uzviy aloqada bo’lish;
- axborotlarni o’z vaqtida olishga imkon beradi.
Buxgalteriya hisobi axborotlarining ishonchliligi quyidagilarga asoslanadi:
- uning xo’jalik jarayoniga mos darajadagi haqqoniyligi va to’liqligi;
- sodir bo’lgan xo’jalik muomalalari faktini tasdiqlash imkonini beradigan shaffofligi;
- agar hisob axborotlarini olish, uning ayrim foydalanuvchilar manfaatini ko’zlagan holda ataylab chalkashtirish natijasi bo’lmasa, betarafligi.
Buxgalteriya hisobining yuqorida ko’rsatilgan afzalliklari uning o’ziga xos jihatlarida mujassamlashgan. Bular:
- xo’jalik yurituvchi sub’ektning mablag’lari va mablag’lar manbalarini hamda xo’jalik jarayonlarini yoppasiga kuzatish va o’lchash;
- xo’jalik muomalalarini ro’yxatga olishning uzluksizligi va ularning hujjatlashtirilishi;
- yuqorida keltirilgan afzalliklar amalga oshmagan vaziyatlarda maxsus usullarni qo’llash (masalan, inventarizatsiya);
- joriy buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini bir hisobot davridan ikkinchisigacha tegishli hisobot shakllari ko’rinishida to’ldirish yo’li bilan umumlashtirish.
Buxgalteriya hisobining bunday o’ziga xos xususiyatlari uzoq o’tmishda aniqlangan bo’lib, masalan, 1590-yilda ispan olimi Bartalameo de Salazano tomonidan quyidagicha ta’kidlangan: “Buxgalteriya hisobi barcha fan va san’atlardan yuqori turadi, chunki hamma unga ehtiyoj sezadi, u esa hech kimga nisbatan ehtiyoj sezmaydi. Buxgalteriya hisobisiz dunyo boshqaruvsiz qolgan va odamlar esa bir-birlarini tushuna olmagan bo’lar edilar”1. Buxgalteriya hisobining yuqorida bayon qilingan afzalliklarini amalda qo’llash xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliya-xo’jalik faoliyati to’g’risida ishonchli axborotlarni to’plash va taqdim etishga imkon beradi. Bunda hisob axborotlari boshqaruvning uchta funksiyasini: rejalashtirish, nazorat va baholashni amalga oshirishni ta’minlaydi.
Rejalashtirish ma’lum maqsadni qo’yishni o’z ichiga olgan ishlar tartibini shakllantirish va kamxarajat qilgan holda unga erishish variantlarini topish jarayonini nazarda tutadi.
Nazorat rejalashtirilgan ishlarning haqiqatan amalga oshirilishini kuzatib borish bo’yicha ishlar majmuini o’z ichiga oladi. Bunday vaziyatda buxgalterdan haqiqiy xarajatlar va daromadlarni reja ko’rsatkichlari bilan solishtirishni o’z ichiga olgan axborotlar talab qilinadi.
Baholash boshqaruv qarorlari qabul qilishning butun tizimini o’rganish jarayonidir. Bozor sharoitida baholashni to’g’ri tanlash birinchi navbatda uzviy aloqa orqali amalga oshirilib, qo’yilgan maqsadga erishilganlikni ob’ektiv baholashga imkon beradi. Agar mazkur maqsadga erishilmagan bo’lsa, sabab nimada ekanligini aniqlash muhimdir. Bunda asosiy sabablar quyidagilar bo’lishi mumkin:
- taqdim etilgan hisob axborotlariga asosan xo’jalik faoliyatiga oid ma’lumotlarni noto’g’ri talqin qilish oqibatida rejalashtirishda yo’l qo’yilgan kamchiliklar;
- tekshiruvchilarning layoqatsizligi, ularga tazyiq o’tkazilishi, tekshiruv jarayonida ogohlantiruvchi tadbirlarning o’z vaqtida amalga oshirilmaganligi va hokazolar oqibatida nazorat tizimida vujudga kelgan kamchiliklar;
- avvaldan maqsadning noto’g’ri tanlanganligi.
Hozirgi sharoitda buxgalteriya hisobining o’rni va ahamiyati yanada kuchaymoqda. Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va bozor munosabatlarining rivojlanishi buxgalteriya hisobining qo’llanilish chegarasini yanada kengaytirmoqda. Chunki yangi hisob ob’ektlari, uning natijasi sifatida hisob axborotlaridan foydalanuvchilarning yangi turlari paydo bo’lmoqda. Buxgalteriya hisobini ilmiy nazariya va metodologiya hamda boshqaruv sohasidagi zamonaviy talablar negizida tashkil etish samarali qarorlarini qabul qilish uchun manfaatdor foydalanuvchilarga zarur axborotlarni taqdim etish imkonini yaratadi.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobi – boshqaruvning muhim quyi tizimlaridan biri hisoblanadi. Chunki u xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliya-xo’jalik faoliyati jarayonida haqiqatda sodir bo’lgan xo’jalik operatsiyalari to’g’risida ishonchli axborotlar bilan ta’minlaydi.
Buxgalteriya hisobining o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, u korxonaning mulklari, majburiyatlari va xo’jalik operatsiyalari to’g’risidagi barcha axborotlarga asoslanadi. Shuning uchun ham buxgalteriya hisobi yoppasiga va uzluksiz yuritilishi lozim bo’lib, bu xususiyat operativ va statistik hisobga xos emas.
Buxgalteriya hisobida ob’ektlar miqdor va pul ifodasida aks ettiriladi, hisobning boshqa turlarida esa – pul o’lchovi qo’llanilmasligi mumkin.
Buxgalteriya hisobi korxonaning xo’jalik faoliyatini va qaror qabul qiluvchi shaxslarni bog’lovchi bo’g’in hisoblanadi. Xo’jalik faoliyatiga doir ma’lumotlar buxgalteriya hisobi tizimiga kirish, qaror qabul qiluvchi shaxslar uchun zarur axborotlar esa undan chiqish hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, mamlakat hududidagi barcha yuridik shaxslar buxgalteriya hisobini yuritishlari shart.
Shu bilan birga, operativ, statistik va buxgalteriya hisobi boshqaruvda bir xil funktsiyalarni – axborot va nazorat funktsiyalarini bajaradi. Hisobning ushbu turlari bir-birlarini o’zaro to’ldirib, ko’p hollarda bir xil axborotlardan foydalanadi.
Shuning uchun xo’jalik hisobining uchala turi axborotlaridan yaxlit tizim sifatida foydalanish korxonalarga xo’jalik faoliyatini samaraliroq boshqarish, xaridorlar va buyurtmachilarning talablarini qondirish va korxonaning bozordagi ahvolini baholashga imkon yaratadi.
Buxgalteriya hisobining oldiga qo’yiladigan bozor talablari qat’iy va ularning ro’yxati rejali iqtisodiyot sharoitiga qaraganda ancha keng. Bu avvalo, boshqaruv maqsadi korxona faoliyatining yakuniy natijasi - foyda olishga qaratilganligi bilan bog’liq.