Nomoddiy aktivlarni foydalanish huquqini berish bilan bog’liq operatsiyalarni hisobga olish. Nomoddiy aktivlardan foydalanish huquqini berish bilan bog’liq operatsiyalar huquq egasi va foydalanuvchi o’rtasida tuzilgan, korxonaga nomoddiy aktivlardan foydalanish huquqini beradigan (masalan, huquq egasi tomonidan korxonaga tovar belgisidan muayyan muddat mobaynida, ma’lum hududda foydalanish huquqi, mahsulotlar ishlab chiqarish avtomatlashtirilgan boshqaruvining texnologik dasturidan foydalanish huquqi, sanoat namunalaridan foydalanish huquqi va boshqa huquqlarning berilishi) litsenziya shartnomalari (mutloq, nomutloq, ochiq litsenziya), mualliflik shartnomalari (fan, adabiyot va san’at asarlaridan foydalanish mutloq, nomutloq huquqini berish to’g’risidagi), tijorat kontsessiya shartnomalari va qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq tuzilgan boshqa shunga o’xshash shartnomalar asosida buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Huquqqa ega korxona tomonidan nomoddiy aktivlarga bo’lgan mutloq huquq saqlab qolingan holda, boshqa foydalanuvchi korxonaga foydalanishga berilgan nomoddiy aktivlar balansdan hisobdan chiqarilmaydi, balki huquqqa ega korxonaning buxgalteriya hisobida 7-son BHMS “Nomoddiy aktivlar”ning 3-paragrafi qoidalariga muvofiq bahoda aks ettiriladi.
Foydalanishga berilgan nomoddiy aktivlar bo’yicha amortizatsiyani hisoblash huquqqa ega korxona tomonidan amalga oshiriladi.
Foydalanishga olingan nomoddiy aktivlar foydalanuvchi korxona tomonidan shartnomaga kiritilgan bahoda balansdan tashqari hisobvaraqda hisobga olinadi.
Bunda taqdim etilgan nomoddiy aktivlar ob’ektlaridan foydalanish huquqi uchun shartnomada belgilangan tartib va muddatda hisoblab chiqariladigan va to’lanadigan mualliflik haqini qo’shgan holda, davriy to’lovlar ko’rinishida amalga oshiriladigan to’lovlar foydalanuvchi korxona tomonidan hisobot davri xarajatlariga kiritiladi, taqdim etilgan nomoddiy aktivlar ob’ektlaridan foydalanish huquqi uchun mualliflik haqini qo’shgan holda, qat’iy bir martalik to’lov ko’rinishida amalga oshiriladigan to’lovlar esa foydalanuvchi korxona tomonidan kelgusi davr xarajatlari sifatida buxgalteriya hisobida aks ettiriladi va shartnomaning amal qilish muddati mobaynida tegishli hisobot davri xarajatlariga (maqsadiga ko’ra) hisobdan chiqariladi.