Xo’jalik muomalalari ta’sirida balansda ro’y beradigan o’zgarishlar va ularning tavsifi. Xo’jalik faoliyati jarayonida sodir bo’ladigan muomalalar ta’sirida korxona mablag’larining tarkibida va ularning tashkil topish manbalarida, ayrim hollarda ularning ikkalasida ham o’zgarishlar yuzaga keladi. Xo’jalik mablag’lari va ularning tashkil topish manbalaridagi ro’y bergan o’zgarishlar balansda ham tegishli o’zgarishlarga olib keladi. Mablag’lar qiymati o’zgarmagan holda doiraviy aylanish jarayonida ularning buyum shakli o’zgaradi, mablag’lar tashkil topish manbalarining ham shakli o’zgaradi, xo’jalik mablag’lari ko’payadi yoki kamayadi. Lekin balansning asosiy xususiyati - xo’jalik muomalalarini hisobvaraqlarda ikkiyoqlama aks ettirish ta’sirida balans moddalari summasi o’zgarganda aktiv va passiv tengligining o’zgarmasligi doimo saqlanadi.
1-muomala. Qiymati 1 000 000 so’mlik material ombordan asosiy ishlab chiqarishga berildi va sarflandi. Bu muomala natijasida ombordagi materiallar 1 000 000 so’mga kamayadi. Shu vaqtning o’zida asosiy ishlab chiqarish xarajatlari 1 000 000 so’mga ko’payadi. Bu muomaladan so’ng balansning jami summasi o’zgarmaydi, faqat balans aktividagi moddalar orasida o’zgarish sodir bo’ladi.
Bu operatsiya balansning I tip o’zgarishiga taalluqli. Birinchi tip balans o’zgarishining, ya’ni faqat aktivdagi moddalar orasida sodir bo’lgan o’zgarishning matematik modelida ko’rsatish mumkin.
Agar balans aktivi summalarining jami A, balans passivi summalarining jamini P, balans aktivi moddalarining summasini -a deb qabul qilsak, quyidagi matematik model paydo bo’ladi,
∑A + a – a = ∑P, (1)
Ushbu model quyidagicha o’qiladi: balans aktivining bir moddasi ko’payadi, boshqasi (u bilan bog’liq bo’lgan) xuddi shu summaga kamayadi; natijada aktiv va passiv summalar yig’indisi o’zgarmaydi, ularning o’zaro tengligi saqlanib qoladi.
2-muomala. Xodimlarga hisoblangan ish haqi summasidan 1 020 000 so’m daromad solig’i ushlandi. Bu muomaladan so’ng hisoblangan ish haqi summasi 1 020 000 so’mga kamayadi va bir vaqtning o’zida balans passivida 1 020 000 so’mga «Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz» degan yangi modda paydo bo’ladi va uni summasi shu mablag’ga ko’payadi.
Shunday qilib, bu muomala natijasida faqat balans passividagi moddalar orasida o’zgarishlar ro’y bergan va yig’indisi o’zgarmaydi.
Bu operatsiya balansning II tip o’zgarishiga taalluqli. Endi ikkinchi tip o’zgarish, ya’ni faqat passivdagi moddalarda sodir bo’ladigan, o’zgarishlar matematik modelini ko’rsatish mumkin. Bunda avvalgi shartli belgilardan foydalanamiz va balans passivi moddalarining summasini - r harfi bilan belgilaymiz. Bunda matematik model quyidagicha bo’ladi:
∑A = ∑P + p - p, (2)
Ushbu model balans passividagi bir modda ko’payganda boshqasi (u bilan bog’liq bo’lgan) xuddi shu summaga kamayadi deb o’qiladi. Bu vaqtda har bir aktiv va passivning alohida jami summasi o’zgarmaydi va ularning o’zaro tengligi buzilmaydi.