2.6. Bankdagi maxsus hisob raqamlardagi pul mablag’larining hisobi
O’zR hududi va chet mamlakatlardagi akkreditivlar, chek daftarchalari, boshqa to’lov hujjatlaridagi (veksellardan tashqari) pul mablag’larining mavjudligi va harakati to’g’risida, shuningdek maqsadli moliyalashtirish (tushumlar) pul mablag’larining alohida saqlanadigan qismining harakati to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
5510 “Akkreditivlar”;
5520 “Chek daftarchalari”;
5530 “Boshqa maxsus hisobvaraqlar”.
Akkreditiv bo’yicha hisob-kitoblar. Akkreditiv bo’yicha hisob-kitob qilinganida mijozning (mablag’larni to’lovchining) topshirig’i bilan va uning ko’rsatmalariga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bank-emitent) mablag’larni oluvchi yoki u ko’rsatgan shaxs hujjatlarni taqdim etgan va akkreditivda nazarda tutilgan boshqa shartlarni bajargan taqdirda to’lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.
Akkreditivning amal qilish muddati va u bo’yicha hisob-kitob qilish tartibi mablag’larni to’lovchi bilan mablag’larni oluvchi o’rtasidagi shartnomada belgilab qo’yiladi.
Shartnomada yana quyidagilar bo’lishi kerak:
- mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankning nomi;
- akkreditivning turi va uni bajarish usuli;
- akkreditiv ochilganligi haqida mablag’larni oluvchini xabardor qilish usuli;
- akkreditiv bo’yicha mablag’lar olish uchun mablag’larni oluvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning to’liq ro’yxati va aniq tavsifi;
- tovarlar jo’natilganidan (xizmatlar ko’rsatilgan, ishlar bajarilganidan) keyin hujjatlarni taqdim etish muddatlari, ularni rasmiylashtirishga qo’yiladigan talablar.
Akkreditiv quyidagi turlarga bo’linadi:
- qoplangan (deponentlangan) akkreditiv;
- qoplanmagan akkreditiv.
Qoplangan akkreditiv ochilgan taqdirda, mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank uni ochish vaqtida mijozning o’z mablag’larini yoki unga berilgan kreditni mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankning majburiyatlari amal qilib turadigan butun muddatga mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank ixtiyoriga o’tkazishi shart.
Qoplanmagan akkreditiv ochilgan taqdirda, mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankka akkreditivning butun summasini mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankning mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankda yuritilayotgan hisobvarag’idan o’chirish huquqini beradi.
Qoplangan va qoplanmagan akkreditivlar chaqirib olinadigan va chaqirib olinmaydigan shaklda bo’lishi mumkin. Akkreditivda uning chaqirib olinmasligi nazarda tutilmagan bo’lsa, bunday akkreditiv chaqirib olinadigan akkreditiv hisoblanadi.
Akkreditivlar banklar tomonidan ko’zda tutilmagan holatlar bo’yicha alohida balans hisobvaraqlarida va “Mijozlarning akkreditivlar bo’yicha depozitlari” 22602 balans hisobvarag’ida hisobga olinadi. Mablag’larni oluvchi uchun unga xizmat ko’rsatuvchi bankda akkreditivlar bo’yicha alohida depozit hisobvaraqlar ochiladi.
Chaqirib olinadigan akkreditiv mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan mablag’larni oluvchi bilan oldindan kelishilmasdan o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Akkreditivning chaqirib olinishi mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank uchun hech qanday majburiyatni vujudga keltirmaydi.
Chaqirib olinadigan akkreditiv shartlarini o’zgartirish yoki bekor qilish bo’yicha mablag’larni to’lovchining topshiriqlari mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank orqali beriladi va mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankka, mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan esa - mablag’larni oluvchiga xabar beriladi.
Mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank akkreditivni o’zgartirish yoki bekor qilish bo’yicha xabarnoma olmagan taqdirda, chaqirib olinadigan akkreditiv bo’yicha barcha operatsiyalarni amalga oshirishga majbur.
Chaqirib olinmaydigan akkreditiv mablag’larni oluvchining roziligisiz o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas. Mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank chaqirib olinmaydigan akkreditivni mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank bilan tuzilgan shartnoma asosida tasdiqlashi mumkin. Bunda chaqirib olinmaydigan akkreditiv tasdiqlangan akkreditiv hisoblanadi. Tasdiqlangan akkreditivlarda mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank to’lovni amalga oshirish bo’yicha qo’shimcha majburiyatlar oladi. Tasdiqlangan akkreditiv mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankning roziligisiz o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.
Akkreditivlar bo’yicha hisob-kitoblar, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilab qo’yilgan bo’lmasa, naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi.
Akkreditivni boshqa shaxslar nomiga qayta rasmiylashtirish ta’qiqlanadi.
Mablag’larni to’lovchi akkreditiv ochish uchun unga xizmat ko’rsatuvchi bankka shartnomani ilova qilgan holda ikki nusxada akkreditivga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda arizaning:
- birinchi nusxasi - to’lovlar amalga oshirilgandan so’ng bankning kunlik hujjatlar yig’majildiga tikib qo’yiladi;
- ikkinchi nusxasi - mablag’larni to’lovchining shaxsiy hisobvarag’idan ko’chirmaga ilova qilinadi.
Akkreditiv summasi bir vaqtning o’zida ko’zda tutilmagan holatlar balans hisobvarag’iga kirim qilinadi.
Akkreditiv bo’yicha shartnomada mazkur “O’zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to’g’risidagi NIZOM”ning 75-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlar bo’lmagan taqdirda, mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan akkreditiv ochilmaydi.
Akkreditivda nazarda tutilgan summa elektron to’lovlar tizimi orqali mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankning hisobvarag’iga mijozning arizasiga asosan o’tkaziladi. Bunda bank akkreditivda nazarda tutilgan summa mablag’larni oluvchining hisobvarag’iga kelib tushganligi haqida uni xabardor qiladi.
Elektron to’lovlar tizimi orqali kelib tushgan akkreditivga arizalar bank tomonidan ikki nusxada chop etilib, uning bir nusxasi bankning kunlik hujjatlar yig’majildiga tikib qo’yiladi, ikkinchi nusxasi “To’lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari” (1-kartoteka) 90962 balans hisobvarag’iga joylashtiriladi.
Akkreditivning muddati tugaguniga qadar mablag’larni oluvchi va mablag’larni to’lovchi o’rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan va mablag’larni oluvchi tomonidan akkreditiv shartlari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ikki nusxada taqdim qilingan taqdirda, tegishli summa uning hisobvarag’iga o’tkazib beriladi. Bunda bank tomonidan mablag’larni oluvchining akkreditiv shartlariga rioya qilganligi hamda ularning bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni to’g’ri rasmiylashtirganligi tekshirilishi shart.
Mablag’larni to’lovchi va mablag’larni oluvchi o’rtasida tuzilgan akkreditiv bo’yicha shartnomada belgilangan shartlarning bittasi bajarilmagan taqdirda ham akkreditiv bo’yicha to’lovlar amalga oshirilmaydi.
Mablag’larni oluvchining hisobvarag’iga mablag’larni o’tkazishda bank tomonidan to’rt nusxada memorial order rasmiylashtirilib, uning “To’lov maqsadi” grafasida to’lov qaysi shartnoma asosida amalga oshirilayotgan bo’lsa, shu shartnomaning tartib raqami va sanasi ko’rsatiladi. Bunda memorial orderning:
- birinchi nusxasi - tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi bilan birga bankning kunlik hujjatlari yig’majildiga tikib qo’yiladi;
- ikkinchi va uchinchi nusxalari - ularga tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi ilova qilingan holda mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankka yuboriladi;
- to’rtinchi nusxasi - shaxsiy hisobvarag’idan ko’chirma bilan birga mablag’larni oluvchiga beriladi hamda akkreditiv bo’yicha to’langan summa “To’lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari” (1-kartoteka) 90962 balans hisobvarag’idan hisobdan chiqariladi.
Mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan akkreditivning ijro etilganligi to’g’risidagi hujjat mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankdan olinganidan so’ng, akkreditiv summasi ko’zda tutilmagan hollar hisobvarag’idan memorial orderga asosan hisobdan chiqariladi va memorial orderning bir nusxasi tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda mablag’larni to’lovchiga beriladi.
Akkreditiv mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bankda:
- akkreditiv muddati tamom bo’lgach;
- mablag’larni oluvchining akkreditivning amal qilish muddati tamom bo’lgunga qadar undan foydalanishdan voz kechishi haqidagi arizasiga ko’ra, agar bunday voz kechish mumkinligi akkreditiv shartlarida nazarda tutilgan bo’lsa;
- mablag’larni to’lovchining akkreditivni butunlay yoki qisman chaqirib olish haqidagi talabiga muvofiq, agar bunday chaqirib olishga akkreditiv shartlari bo’yicha yo’l qo’yilsa, yopiladi.
Akkreditiv yopilganligi haqida mablag’larni oluvchiga xizmat ko’rsatuvchi bank mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankni xabardor qilishi kerak.
Akkreditiv mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank tomonidan xabarnoma olingan kunda “Mijozlarning akkreditivlar bo’yicha depozitlari” 22602 balans hisobvarag’idagi summadan kam bo’lmagan summaga kamaytiriladi yoki yopiladi.
Qoplangan akkreditivning foydalanilmagan summasi akkreditiv yopilishi bilan bir vaqtda mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankka qaytarib berilishi kerak. Mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank qaytarib berilgan summalarni mablag’larni to’lovchining mablag’lar deponentlangan hisobvarag’iga kiritib qo’yishi shart.
Akkreditivdan to’liq foydalanilmaganligi sababli, mablag’lar to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bankka qaytarilgan taqdirda, bank tomonidan ochilgan ko’zda tutilmagan holatlar balans hisobvarag’i ham yopiladi.
Akkreditiv bo’yicha qisman to’lovlar amalga oshirilgan taqdirda, mablag’larni to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank amalga oshirilgan qisman to’lovlarni ko’zda tutilmagan holatlar balans hisobvarag’idan hisobdan chiqarib boradi.
21-sonli BHMSga muvofiq 5510 “Akkreditivlar” hisobvarag’ida akkreditivdagi pul mablag’lari hisobga olinadi. Akkreditivga pul mablag’larini o’tkazish 5510 “Akkreditivlar” hisobvarag’ining debetida va 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i”, 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari”, 5220 “Chet eldagi valyuta hisobvaraqlari” va boshqa hisobvaraqlarning kreditida aks ettiriladi.
5510 “Akkreditivlar” hisobvarag’i bo’yicha akkreditivga hisobga olingan pul mablag’lari ularning ishlatilishi bo’yicha (bank ko’chirmalariga asosan), 6010 “Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan hisobvaraqlar”ning debetiga hisobdan chiqariladi. Akkreditivdagi ishlatilmagan mablag’lar, bank tomonidan ular qaysi hisobvaraqdan o’tkazilgan bo’lsa, shu hisobvaraqlarga qayta tiklanganda 5510 “Akkreditivlar” hisobvarag’ining krediti, 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i”, 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari”, 5220 “Chet eldagi valyuta hisobvaraqlari” va boshqa hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
5510 “Akkreditivlar”hisobvarag’i bo’yicha analitik hisob korxona tomonidan qo’yilgan har bir akkreditiv bo’yicha alohida yuritiladi.