Matematik-statistik metod. Ushbu metod oila, oilaviy munosabatlar muammolarini tadqiq qilishga doir tajriba-sinov ishlarining, umumiy holda pedagogik tajribaning samaradorlik darajasini aniqlash maqsadida qo’llaniladi. Unga ko’ra muammo holatini ifodalovchi ko’rsatkichlar maxsus matematik formulalar yordamida qayta tahlil etiladi. Yakuniy qiymat tadqiqot samarasini ifodalovchi asosiy ko’rsatkich hisoblanadi. Zamonaviy sharoitda, pedagogik yo’nalishda, tadqiqotlar olib borishda Styudent, V.P.Bespalko, V.V.Grechixin metodlaridan keng foydalanilmoqda.
Oila, oilaviy munosabatlar masalalari bo’yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlarining quyidagi sxema asosida amalga oshirilishi kutilgan natijaga ega bo’lishni kafolatlaydi: muammoning dolzarbligi; o’rganilganlik darajasi; tadqiqotning maqsadi, ob’ekti, predmeti, vazifalari, ilmiy farazi, metodlari, metodologik asoslari, ilmiy yangiligi, nazariy ahamiyati, amaliy ahamiyati va tuzilishi.
Demak, oila – hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo’lib etishishiga bevosita ta’sir ko’rsatadigan tarbiya maskani sanaladi. Oilaning yosh avlod tarbiyasida tutgan muhim o’rni bu muhitda tashkil etiladigan tarbiya mohiyatini o’rganishni taqozo etadi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish joizki, oila tarbiyasini tashkil etishning samarali yo’llari, ustuvor tamoyillari, shakl, metod va vositalarini o’rganuvchi fan sifatida “Oila pedagogikasi”ning shakllanishi mustaqil hayotga qadam qo’yayotgan yoshlar, qolaversa, ota-onalarning pedagogik bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. O’z navbatida fan ijtimoiy, gumanitar, hatto, tabiiy fanlar bilan o’zaro bog’liqlik hamda aloqadorlikda rivojlanadi. “Oila pedagogikasi” fanining istiqboli bevosita oila, oila munosabatlariga oid masalalarda turkum ilmiy tadqiqotlarning amalga oshirilishiga bog’liq. Bu boradagi ilmiy tadqiqotlarning pedagogik nuqtai nazardan oqilona tashkil etilishi, kutilgan natijalarga erishish ilmiy-pedagogik metodlarning to’g’ri tanlanishiga bog’liq.