4. Jamoatchilik nazoratining shakllari Fuqarolik jamiyati shakllanishida fuqarolik jamiyati barcha institutlarining o’zaro aloqadorlikda ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik nazoratining maqsadi davlat hokimiyati organlarining aholi oldidagi barcha majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini nazorat qilishdan iborat. Mamlakatni modernizatsiyalash, korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilayotgan hozirgi sharoitdajamoatchilik nazoratining roli beqiyos darajada ortadi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mamlakatda qonunchilikni ta‘minlashning kafolati vazifasini bajaradi. Davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati turli ko’rinish, shakl va usullar yordamida o’tkaziladi. Jamoatchilik nazorati turlari va shakllarini to’la va chuqur anglash uchun quyidagi holat va hodisalar haqida aniq tasavvurlar hosil qilish lozim: - davlat hokimiyat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tushunchasining mazmun va mohiyatini tahlil qilish:- jamoatchilik nazoratini tartibga solib turuvchi hujjatlarni tahlil qilish: - fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazorati olib borishdagi amaliy faoliyatlarini tahlil qilish. Jamoatchilik nazorati muayyan shakllarda olib boriladi. Jamoatchilik nazorati shakllari xilma xil bo’lib ularning asosiylari quyidagilar: - jamoatchilik ekspertizasi; - jamoatchilik monitoringi; - jamoatchilik tinglovi; - jamoatchilik surishtiruvi; - jamoatchilik muhokamasi; - jamoatchilik kuzatuvi. Jamoatchilik nazoratining hozirgi sharoitda bizning mamlakatimizda eng ko’p qo’llanayotgan shakllaridan biri jamoatchilik tinglovidir. Mazkur shakl ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan u yoki bu muammoni hal qilishda turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini o’zaro kelishtirishga xizmat qiladi. Jamoatchilik tinglovi quyidagi maqsadlarni ko’zlab o’tkaziladi: - ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan muammolarni aniqlash va muhokama qilish; - mazkur muammoni hal qilishdan manfaatdor bo’lgan tomonlarni aniqlash; - manfaatdor tomonlarning mazkur muammo bo’yicha mavqeini qayd qilish va barcha tomonlar uchun maqbul bo’ladigan qaror variantini ishlab chiqish. Jamoatchilik tinglovi ishtirok etayotgan barcha tomonlarning o’z fikr va dalillarini bayon qilishini ko’zda tutadi. Bunda ular muhokama qilinayotgan masalaga aloqador bo’lgan hujjatlar bilan tanishib chiqadi. Jamoatchilik tinglovining ishtirokchilari quyidagilar bo’lishi mumkin: - mazkur muammoni kun tartibiga qo’yishda tashabbus ko’rsatgan tomon (investor, tayyorlangan loyiha mualliflari); - mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarining, ma‘muriyat, davlat nazorat idoralarining vakillari; - muhokama qilinayotgan masaladan manfaatdor bo’lgan jamoatchilik, shu jumladan, jamoat tashkilotlarining vakillari. Jamoatchilik tinglovini tashkil etish va o’tkazishga mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari va birlashmalarining vakillari jalb etilishi lozim. Jamoatchilik tinglovining ob‘ekti jamiyatda vujudga kelgan muammoni hal qilish bo’yicha tayyorlangan loyiha bo’lishi mumkin. Mabodo, loyiha tarkibida yopiq ma‘lumotlar mavjud bo’lsa, loyiha mualliflari jamoat tinglovi uchun alohida ma‘ruza tayyorlashadi. SHu bilan birga, muammoni hal qilish bo’yicha tayyorlangan hujjatning qisqacha mazmuni ko’pchilik uchun tushunarli bo’lgan sodda tilda tayyorlangan bo’lishi zarur. Mamlakatimizda jamoatchilik nazoratining eng ko’p tarqalgan ko’rinishlaridan biri tuman va shaharlarda mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, xususan hokimlarning hudud aholisi oldida muayyan davr (chorak, yarim yil yoki yil) davomida rejalarning qanday bajarilayotgani to’g’risida axborot berishidir. Bunda hokimdan tashqari hududdagi aholiga xizmat ko’rsatadigan barcha tashkilot va muassasalarning rahbarlari hozir bo’lishadi. Tinglov davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo’l qo’yilgan kamchiliklar, rejadan orqada qolish, ko’rsatilayotgan xizmatlarning to’laligi va sifati singari masalalar ham muhokama qilinadi. Bunday tinglovlar mamlakatimizdagi barcha hududlarda an‘ana tusini oldi. Jamoatchilik tinglovi yakunlari bo’yicha tashkilotchiquyidagi vazifalarni bajarishi zarur: - qaror loyihasi bo’yicha tayyorlangan hujjatga tinglov jarayonida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli o’zgarishlar kiritish; - jamoatchilik tinglovi natijalarini hujjatlashtirish. Jamoat tinglovining asosiy hujjatlari quyidagilar: muhokama qilinayotgan loyiha, berilgan savollar hamda takliflar, ularga berilgan javoblar; jamoatchilik tinglovining bayonnomasi; tomonlarning kelishmovchiligi qayd etilgan yakuniy hujjat; loyihaga tinglov natijasida kiritilgan o’zgarishlar ro’yxati. Jamoat tinglovining yakunlovchi hujjatini ommaviy axborot vositalarida e‘lon qilish tavsiya etiladi Jamoatchilik tinglovi muammoga ekspertlarni jalb qilish, tinglov haqida ommaviy axborot vositalarida e‘lon berish, jamoatchilik tinglovini o’tkazadigan joyni ijaraga olish kabi moliyaviy mablag’larni talab etadigan masalalar bilan bog’liq. Odatda, tegishli moliyaviy mablag’ bu muammoni hal qilishdan manfaatdor tomon va hal qilish uchun buyurtma bergan buyurtmachi yoki investor tomonidan qoplanadi. SHuningdek, qo’shimcha mablag’lar (xayriya mablag’lari, jamoat tashkilotlari a‘zolaridan tushgan badallar) ham jalb qilinishi mumkin.