Davlat tili tushunchasi. O‘zbek tili va davlat qonunlari: Til - millatning ma’naviy boyligidir. Til - davlat timsoli,
mulki. Tilni asrash, rivojlantirish - millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat
tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i,
Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Bundan 31 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea
bo‘lgan edi. Chunki, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek,
Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni etishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk
qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga
qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz - o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu
mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul
qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.
Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish
yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz
taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi
qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish
borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Yaqinda butun mamlakat bo‘ylab Prezidentimiz “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston
Respublikasi Qonunini imzolagani haqida xabar tarqaldi. Bu xabarni nafaqat yurtimiz, balki butun dunyodagi 50
milliondan oshiq o‘zbeklar va ona tilimiz ixlosmandlari quvonib qarshi oldilar.
O‘tgan yilning 21-oktyabr kuni poytaxtdagi muhtasham majlislar saroyida Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat
Miromonovich o‘zbek tili haqida yoniq so‘zlarini aytganida barcha tik oyoqqa turib, davomli qarsaklar bilan olqishlagan
edi. Chunki, yangilanayotgan O‘zbekistonning rivojlanish tamoyillari belgilab qo‘yilgan har bir sohasi o‘z taraqqiyotida
shiddat bilan davom etar ekan, ayni til sohasi e’tiborga muhtoj bo‘lib turgan, vaqt-soati kelib bu borada ham tub
islohotlar amalga oshiriladi degan umid bo‘lsa ham, ayni o‘sha kuni Prezident o‘z xalqiga bunday xushxabarni aytishini
ko‘pchilik kutmagan edi. Mamlakat rahbari o‘zbek tilining davlat va jamiyat
hayotidagi mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida“gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib
takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatdi va “O‘zbek tilining davlat tili
sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qilganini, unga binoan, 21-
oktyabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanganini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng bu boradagi ishlarning ijrosi tizimli ravishda davom etdi:
Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi
va uning tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar
Mahkamasining 2020-yil 20- yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari,
vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar
samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya
etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.
Shu yilning 9-mart kuni “Geografik ob’yektlarning nomlarini, shuningdek,
jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning
qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari hamda joylarda
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorining ijrosi
haqida” bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aynan shu masalaga e’tibor qaratildi va
davlat tilini rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosiga oid qat’iy talablar
belgilandi.
Shuncha ishlar ortidan mana, millat fidoyisi Abdulla Qodiriy bobomizning
tavallud kunlarida “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Unga ko‘ra, har yilning 21-
oktyabr kuni O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Endilikda u Mustaqillik
bayrami kabi zalvorli, nodir va jonbaxsh, xalqning va davlatning qonuniy
bayramiga aylandi. O‘zbekistonning barcha hududlarida uning keng
ko‘lamda, tantanali nishonlanishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Buni ona tilimizning haqqoniy tantanasi, davlatchilik an’analarimizning
yuksak tarannumi desak arziydi.
|