HAMISHA SHUNDAY BO‘LAVERMAYDI
Bir kuni ko‘chada sayr qilib yurgan kishi yo‘l chetida o‘tirgan keksa odamni ko‘rib qoldi. U mo‘ysafidning qarshisiga kelib, murojaat qildi:
– Otaxon, ulug‘ yoshli inson ekansiz, anchagina uzoq hayot yo‘lini bosib o‘tgansiz. Shubhasiz, juda dono bo‘lsangiz kerak. Ayting-chi, mana, men kuchliman-u, ammo hech qayerdan ish topa olmayapman. O‘g‘lim giyohvandlikka berildi, qizimni ham yaxshi tarbiyalay olmayapman. Ayolim esa kun bo‘yi uyda o‘tirsa ham, hech qayerga qaramaydi. Xo‘sh, men bu vaziyatda qanday yo‘l tutishim kerak? Nima qilsam, bularning hammasini o‘zgartira olaman?
Qariya javob berdi:. – Eshiging ustiga kichkinagina taxtacha osib, unga “Hamisha shunday bo‘lavermaydi” deb yozib qo‘y.
– Shu xolosmi? – hayron bo‘ldi erkak.
– Shu xolos, – javob qildi keksa kishi.
U uyiga borib, qariya aytgandek qildi. Bir qancha vaqt o‘tgach, uning o‘g‘li giyohvandlikni tashladi. Qizi bir yaxshi yigit bilan oila qurdi. Ayoli ham o‘zgardi va risoladagidek bekaga aylandi. Erkakning o‘zi esa serdaromad ishga joylashdi va ko‘p o‘tmay mashina ham sotib oldi.
Kunlarning birida u tanish ko‘chadan o‘tib borayotib, ikki yilcha oldin keksa mo‘ysafidni uchratgan joyida to‘xtadi. Qariya hali ham shu yerda o‘tirgandi. Erkak uning oldiga yaqinlasharkan, mashinadan tushmagan holda, uning oynasini ochib, so‘z qotdi:
– Ha, boboy, haliyam o‘tiribsizmi? Mana, men, ko‘rib turganingizdek, ancha narsaga erishdim. O‘g‘lim giyohvandlikni tashladi, qizimni turmushga berdim. Ayolim ham yaxshi rafiqaga aylandi. O‘zim ishga joylashdim va endi martabali boshliqman. Siz esa haliyam o‘shandek o‘tiribsiz, no‘noq chol! Xo‘sh, endi menga nima deb maslahat berasiz?
Bu gaplardan qariyaning chehrasi o‘zgarmadi, aksincha, u suhbatdoshiga xotirjam tikilgancha dedi:
– Haligi taxtacha bor edi-ku, shuni olib tashlamagin…
(Ruschadan Muhabbat Sharifova tarjimasi)
Topshiriqlar:
1. Matnga reja tuzing.
2. O‘z fikr-mulohazalaringizni qo‘shib bayon yozing
OQ QOG‘OZ VA QORA DOG‘
Professor darsxonaga kirib kelishi bilanoq talabalaridan ajoyib bir testga tayyorgarlik ko‘rishlarini so‘radi. Talabalar biroz tashvishga tushgan holda test boshlanishini kutishar edi. Muallim har doimgidek test qog‘ozini orqa o‘girib tarqatib chiqdi. Talabalar test savollarini o‘qish maqsadida qog‘ozni o‘girishdi. Qog‘oz o‘rtasida bitta qora nuqtadan boshqa hech qanday topshiriq yo‘q edi. Bundan ajablangan talabalar bir-birlariga hayron qarab qolishdi.
Professor talabalarning yuzida ajablanishni ko‘rishi bilan ularga: “Men qog‘ozda nimani ko‘rayotgan bo‘lsangiz, shu haqda yozishingizni so‘rayman”, – dedi. Talabalar ikkilanish bilan tushunarsiz shartni bajarishni boshladilar. Darsning oxiriga kelib, professor barchadan qog‘ozlarni yig‘ib olib, har bir talabaninng yozgan javobini ular oldida ovoz chiqarib o‘qiy boshladi. Talabalarning barchasi faqatgina qora nuqta haqida, uning qog‘oz o‘rtasida joylashgani haqida yozgan, o‘z fikrini bayon qilgan edi.
Javoblar o‘qib bo‘lingach, oraga sukunat cho‘mdi va biroz o‘tib professor talabalarga: “Men bu javoblarga baho qo‘ymoqchi emasman. Sizlarni mulohazaga chorlamoqchiman, xolos. Hech kim o‘z javobida qog‘ozning oq qismi haqida hech narsa yozmabdi. Barcha diqqat-e’tiborni qora nuqtaga qaratibdi. Afsuski, xuddi shu holat bizning hayotimizda ham mavjud. Biz har doim insonlarning yomon odatlariga e’tibor beramiz, xuddi qog‘ozdagi qora nuqta kabi. Aslida, qog‘ozning oq joyi qora nuqtaga qaraganda ancha ko‘p. Tiriklik – bir-birimizga yordam berish, qayg‘urish uchun berilgan sovg‘a. Hayotimiz xursandchiliklarga, yaxshiliklarga, yaxshi insonlarga to‘ladir. To‘g‘ri, o‘sha qora nuqtaga ham e’tibor qaratishimiz, uni to‘g‘rilashga yordam berishimiz kerak. Lekin bu oq joylarni unutmagan holda bo‘lishi kerak. Qora nuqta esa oq joylarga nisbatan juda ham kichkina, ko‘rinmasdir”, – dedi.
(Mirnosir Hasanov tarjimasi)
Topshiriqlar:
1. Matnga reja tuzing.
2. O‘z fikr-mulohazalaringizni qo‘shib to‘liq bayon yozing
VAQT QADRI
Rum shahriga bir yosh savdogar tashrif buyurdi. Bu shaharda mashhur bir tikuvchi bor edi. Yosh savdogar shu chevarda kiyim tiktirishni xohladi. Yo‘lovchi mo‘ysafiddan chevarning do‘koni qayerdaligini so‘radi. Mo‘ysafid unga chevarning do‘koni manzilini aytdi va ogohlantirdi:
– Bolam, u mashhur chevar bo‘lgani bilan qo‘li egri. Ehtiyot bo‘l. Manaman deganlarning matolaridan o‘zlariga bildirmay qirqib oladi.
– Eh otaxon, men savdogarlikni bekorga qilib yuribmanmi? O‘g‘ridan ko‘pini ko‘ribmanmi? Hali mening matolarimni o‘g‘irlaydigan o‘g‘ri tug‘ilmagan!
– Bolam, u juda mohir o‘g‘ri-da!
– Otaxon, mendan hech narsa ololmaydi. Manzilni ko‘rsatganingiz uchun rahmat!
Otaxonga shu javobni aytib, savdogar chevarning do‘koni tomon ravona bo‘ldi. Do‘konni qidirib topdi. Ichidan chevar chiqib keldi. Chevar shunday mulozamat qildiki, savdogarni xuddi ming yillik tanishlardek kutib oldi. Savdogar chevarning oldiga o‘zi bilan olib kelgan qimmatbaho matoni yoydi. Chevar savdogarning o‘lchamlarini olib matoni qaychi bilan qirqa boshladi. O‘z ishini bajarayotib Rumning go‘zal qizlari haqida gapirardi, turli xil latifalar aytardi.
Latifalarning qiziqligidan savdogar boshini tepaga qilib, qah-qah otib kulardi. Chevar bu onda tezlik bilan matoning bir tomonini qirqib olar va berkitar edi.
Hikoyadagi savdogar bu – siz, men, barcha insonlar. Mo‘ysafid bizga nasihat qilguvchidir. U otamiz, ustozimiz, hikoya, ibratli voqea va hokazolardir. Chevar bu dunyodir. Uning qirqib olayotgan qimmatbaho matosi esa insonning qimmatli vaqtidir. Dunyo shunday: sizga kulgili, ko‘ngilochar narsalarni ko‘rsatib, vaqtingizni o‘zining o‘tkir qaychisi bilan qirqib olaveradi. Buni payqamay qolasiz. Ba’zan payqaganingizda kiyimingiz tor kelib qolgan bo‘ladi. Ya’ni vaqtimiz juda oz qolgan bo‘ladi. Vaqtni bekor sarflamaslikni bugun sizga va o‘zimga nasihat qildim.
Topshiriqlar:
1. Matnga reja tuzing.
2. O‘z fikr-mulohazalaringiz va matn mazmuni asosida bayon yozing