Hamkorlikda o’qitish texnologiyasida o’quvchilarni hamkorlikda o’qitishni tashkil etishning bir necha metodlari mavjud:
1. Komandada o’qitish (R.Slavin) da o’quvchilar teng sonli ikki komandaga ajratiladi. Har ikkala komanda bir xil topshiriqni bajaradi. Komanda a`zolari o’quv topshiriqlarini hamkorlikda bajarib, har bir o’quvchi mavzudan ko’zda tutilgan bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirishga e`tiborni qaratadi.
Hamkorlikda o’qitish texnologiyasi mualliflaridan biri bo’lgan R.Slavinning ta`kidlashicha, o’quvchilarga topshiriqlarni hamkorlikda bajarish uchun ko’rsatma berilishi etarli emas. O’quvchilar tom ma`nodagi hamkorlik, har bir o’quvchining qo’lga kiritgan muvafaqqiyatidan quvonish, bir-biriga sidqidildan yordam berish hissi, qulay ijtimoiy-psixologik muhit vujudga kelishi zarur. Mazkur texnologiyada o’quvchilarning bilimlarni o’zlashtirish sifatini aniqlashda ularni bir-biri bilan emas, balki har bir o’quvchining kundalik natijasi avval qo’lga kiritilgan natija bilan taqqoslanadi. SHundagina o’quvchilar o’zining dars davomida erishgan natijasi komandaga foyda keltirishini anglagan holda mas`uliyatni his qilib, ko’proq izlanishga, bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirishga intiladi.
2. Kichik guruhlarda hamkorlikda hamkorlikda o’qitish (R.Slavin, 1986).
Bu yondashuvda kichik guruhlar 4 ta o’quvchidan tashkil topadi. O’qituvchi avval mavzuni tushuntiradi, so’ngra o’quvchilarning mustaqil ishlari tashkil etiladi. O’quvchilarga berilgan o’quv topshiriqlari 4 qismga ajratilib, har bir o’quvchi topshiriqning ma`lum qismini bajaradi. Topshiriq yakunida har bir o’quvchi o’zi bajargan qism yuzasidan fikr yuritib, o’rtoqlarini o’qitadi, so’ngra guruh a`zolari tomonidan topshiriq yuzasidan umumiy xulosa chiqariladi.
O’qituvchi har bir kichik guruh axborotini tinglaydi va test savollari yordamida bilimlarni nazorat qilib baholaydi.
O’quvchilarning kichik guruhlardagi o’quv faoliyati o’yin (turnir, musobaqa) shaklida, individual tarzda ham tashkil etilishi mumkin.