Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat.
t.me/e_kutubxona
“Mana kim o‘g‘limga nima bo‘ganini menga aytib beradi?”- degan
nogahoniy o‘ydan o‘rnidan turib ketgan Amir Temurning vajohatini
ko‘rib nombardor hayot bilan vidolashish muddati etganini tushundi.
Ammo Sohibqiron unga yaqinlashib, yoqasidan ushlab dast ko‘tardi-
yu, qahrli ko‘zlarini tikib, baqirdi:
— CHolni huzurimga olib kiring!
Boyagina qo‘rquvdan qo‘l-oyog‘i bo‘shashgan nombardor hukmdor
yoqasini bo‘shatishi bilan shohchodirdan o‘qday otilib chiqdi. Zum
o‘tmay, qurchilar cholni olib kirdilar. CHol hozirgina arqon siquvidan
bo‘shagan qo‘llarini uqalab, qarshisida o‘tirgan Sohibqironga,
ko‘zlarini yashirmay, ochiqdan-ochiq razm soldi. Ular bir-biriga uzoq
tikildilar. Allaqachon o‘z o‘rinlarini egallagan nombardorlaru amirlar
“bu yog‘i nima bo‘larkin?” deganday voqealar davomini kutardilar.
— So‘yla, kimsan? – deb birinchi og‘iz ochdi nihoyat Amir Temur.
— Bandaman, — dedi chol unga tik boqqancha.
— Kimning bandasi? – deb so‘radi yana Amir Temur.
— Hukmdorimning, — dedi chol.
— Hukmdoring kim?
— Alloh taolo! – dedi chol.
Amir Temur cholning javobiga ichida tahsin o‘qidi.
Bir lahzalik bu
savol-javob uni ancha tinchlantirgan edi.
— Ey Alloh bandasi, — deya gap boshladi yana Amir Temur, —
mening kimligimni bilasanmi?
— Bilaman. Sen ham Alloh bandasisan! – dedi chol.
— Inshoollo, xudoning bandasi Amir Temurman, — dedi Sohibqiron.
— Amir Temurligingni yaxshi bilaman.
Atrofdagilarning
butun vujudi quloqqa aylanib, hukmdor bilan chol
musohabasini tinglashardi.