Harakatlar strategiyasidan, taraqqiyot strategiyasi sari


— 2026-YILLARGA MO‘LJALLANGAN YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI TO‘G‘RISIDA



Yüklə 42,76 Kb.
səhifə2/3
tarix29.01.2023
ölçüsü42,76 Kb.
#81543
1   2   3
Harakatlar strategiyasidan, taraqqiyot strategiyasi sari

2022 — 2026-YILLARGA MO‘LJALLANGAN YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida:
1. Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Taraqqiyot strategiyasi) va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.
2. Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxo‘jayev), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ijtimoiy sug‘urta tizimini yaratish, jumladan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish;
kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi — to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-yil 1-apreldan boshlab birinchi — to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, loyihada ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va korrupsiyaviy omillarning oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilsin;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutuvchi Qonun loyihasini kiritsin:
ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash.
3. Mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022-yilda:
mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilsin;
barcha darajadagi rahbarlar mahallaga tushib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilansin;
mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshirilsin;
mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilsin;
mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshirilsin;
mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko‘maklashish va o‘qitish markazlari, tadbirkorlik obyektlari kabi infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilsin;
mahallani joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilsin;
fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etilsin.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (M. Ubaydullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda keng jamoatchilik, shu jumladan mahalla tizimida ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlarni jalb qilgan holda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va yangilangan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) 1-apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 605 mlrd so‘m ajratilsin;
141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilsin va ularning soni 2026-yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish va maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha choralarni ko‘rib borsin.
5. Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda tegishli qurilish ishlarini 2022-yil yakuniga qadar yakunlash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat budjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘llashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmi joriy qilinishini ta’minlasin.
6. Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar:
2022-yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;
xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin hamda malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2022-yilda yillik inflatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023-yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflatsiya va Davlat budjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligi ta’minlab borilsin.
Bunda, davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarilsin.
Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov) Markaziy bank (M. Nurmuratov) bilan birgalikda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni doimiy ravishda ko‘rib borsin;
b) 2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushirilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘rilsin.
Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida quyidagi loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:
Energetika vazirligi (A. Sultanov), Qurilish vazirligi (B. Zakirov) 2022-yil 1-martga qadar — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B. Abdinazarov), Energetika vazirligi (A. Sultanov) 2022-yil 1-iyunga qadar — sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha qaror.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar sharoiti “og‘ir” bo‘lgan hududlarda 2025-yil 1-yanvargacha yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilsin hamda takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘liq ishga tushirilsin.
Adliya vazirligi (R. Davletov) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D. Qosimov) va Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ko‘rib chiqish va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha yagona reyestrga kiritish hamda ushbu reyestrni 2025-yilga qadar to‘liq ishga tushirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. 2022-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik subyektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtirilsin:
ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga bo‘lgan shartlarni bekor qilish;
faoliyat yo‘nalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan xodimlarga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish;
muayyan faoliyat bilan ko‘chma tartibda, shu jumladan avtotransport vositalaridan foydalangan holda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish;
xizmat ko‘rsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar bo‘yicha milliy standart va talablarni bekor qilish;
“bog‘lovchi-operator” sifatida masofaviy xizmatni ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish bo‘yicha talablarni bekor qilish.
Adliya vazirligi (R. Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlar talablarining mazkur bandga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
11. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilsin:
2022-yilda — 14 ta, shu jumladan sertifikatlashtirish xizmatlari;
2023 — 2025-yillarda — 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarda tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlari.
12. Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi o‘rnatilsin:
2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladi;
har chorak yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning o‘rinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi;
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan respublikaning hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar loyihalarini tasdiqlasin.
13. Davlat boshqaruvi organlarining “Davlat — inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida:
mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, e’lon qilib borilsin;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida muntazam e’lon qilib borish tizimi yaratilsin;
har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.
Mamlakatimizda mustaqillik yillaridayoq amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Xalqimizning mustaqillikga erishgan yillarida bunday buyuk islohotlar albatta, O‘zbekiston Respublikasining muhtaram birinchi prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan, Milliy g‘oyamiz va asosiy tamoyillar negizida rivojlana boshlangan va hozirgi kungacha qilinayotgan barcha salmoqli islohotlarning poydevori bo‘lib kelmoqda.
Har bir davrning o‘z taraqqiyot bosqichlari bo‘lgani kabi, 2016-yil xalqimizning yana bir yangi taraqqiyot yo‘li eshiklari ochildi.2016-yil 4-dekabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘ib o‘tdi. Yuksak saviyada bo‘lib o‘tgan saylovda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilar umumiy sonining 88,61% ovozini olib g‘olib bo‘ldi. Demokratik talablarga to‘liq mos tarzda, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar doirasida ochiq va oshkoralik bilan saylov bo‘lib o‘tdi. Aynan shu saylovda butun o‘zbekiston xalqi o‘zining buyuk siyosiy irodasi, huquqiy madaniyatini namoyon etib, mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyoti, xalqimizning yorug‘ kelajagi, farovon hayoti uchun ongli ravishda ovoz berdi.
2016-yil 14-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishi tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. O‘z nutqida davlatimiz rahbari yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimiz oldida turgan eng muhim va dolzarb vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.Prezidentimiz o‘z nutqida “ Bizning vazifamiz – to‘plangan tajriba va ilg‘or xalqaro amaliyotga suyangan holda, o‘zimizning taraqqiyot va yangilanish modelimizni qat’iy amalga oshirishdan iborat. Shu borada yaqin va o‘rta muddatga belgilangan marralarga erishish uchun qat’iyat bilan harakat qilishimiz zarur. Shu maqsadda 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqish yaqin kunlarda yakunlanadi”.1 Prezidentimizning bevosita rahbarligi ostida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini ham o‘z ichiga oladigan mazkur keng ko‘lamli dasturiy hujjat har tomonlama puxta ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yich harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi 2017-yil 7-fevralda imzolangan Farmoniga muvofiq, uni hayotga joriy etish bo‘yicha qonuniy tamoyil va mexanizmlar tasdiqlandi.
“ Strategiya “- biron-bir yutuq maqsadga erishish yo‘lida tuzilgan va u asosida harakat qilinadigan reja va qoidalar to‘plamidir, shuningdek, dunyo miqiyosida va davlat ichki hayotida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamda boshqa sohalarda vujudga kelgan inqiroziy vaziyatlarni pragnozlashtirish va bartaraf etishga qaratilgan boshqaruvchilik tashkil etish masalalariga doir tushunchalarni qamrab oladi.2
Mamlakatimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasining asl mohiyatida, xalqimizning orzu-umidlari yog‘irilgan g‘oyalardan tashkil topgan milliy mafkuraning ifodasi yotadi.
Taraqqiyot va yuksak rivojlanishga erishgan davlatlar tajribasiga ko‘ra, har bir xalq o‘z oldiga ulug‘ va istiqbol maqsadlarni qo‘yishi hamda uni amalga oshirish salohiyatlari bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallaydi. Bugun O‘zbekiston ham o‘z tarixining ana shunday mas’uliyatli chorrahasida turibdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar starategiyasi istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini ifodalovchi milliy g‘oyaga aylanmoqda.
Strategiyani amalga oshirish eng mas’uliyatli jarayon. Agar u real vaziyatni to‘liq qamrab olgan yaxlit va bir butun reja bo‘lsa, uning muvaffaqiyati ta’minlanadi. Davlatimiz strategik rejalari aniq va o‘zgarmas tamoyillarga bo‘ysundirilishi muhim. Ular islohotlarning bir maromda, izchil yo‘nalishini ta’minlashga xizmat qiladi. Jumladan, rahbar o‘z vazifalarini amalga oshirishida turli ilmiy sohalardagi ma’lumotlar va xulosalar bilan qurollanmog‘i, bundan tashqari, qo‘yilgan vazifalar yechimini topishda individual va kreativ yondashuvlarni tashkil etishi lozim. Mazkur tamoyillar oldin qabul qilingan qarorni o‘zgartirish ehtimoli yoki o‘zgaruvchan vaziyatdan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini berishi zarur.
Strategik dastur va rejaning uyg‘unligi hamda turli darajadagi qarorlarning mustahkam bog‘liqligi strategik muvaffaqiyatning kafolati. Mazkur birlik davlat organlarning strukturaviy bo‘g‘inlarida strategik harakatlarni birlashtirish, barcha funksional bo‘lim rejalarining kelishuvi bilan ta’minlanadi. Ayni paytda strategiyani amalga oshirish imkoniyatlarini tug‘diradi. Strategik boshqaruv jarayonida dastur va rejani amalga oshirish uchun tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratilishi lozim. Mazkur tamoyillar hokimiyat organlari faoliyatidagi ijro intizomining past sur’atlariga, shaxsiy mas’ulyatsizligiga barham beradi. Kadrlar layoqati darajasini oshirishni talab qiladi, murakkab va chigal ish tartiblarini soda hamda tezkor yondashuvlar bilan o‘zgartirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, strategik yo‘nalishlarni aniq va puxta ishlab chiqishni belgilab beradi.
Mamlakatimiz strategiyasi nafaqat ichki va tashqi siyosatdagi islohotlar sari tashlangan qadamda, balki, eng avvalo, davlatning xalqqa, xalqning davlatga bo‘lgan munosabatini o‘zgarayotganligida namoyon bo‘lmoqda. Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qat’I nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi bo‘lib yashashi davlatning bosh maqsadi sifatida strategik yo‘nalishlar belgilanmoqda. Ular , avvalo, rivojlantirilayotgan ijtimoiy sohalarda o‘z ifodasini topmoqda. Yoshlarga munosib ta’lim berish, zamonaviy kasb-hunarlar bilan qurollantirish, aholining salomatligini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-dekabri kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida o‘z tasdig‘ini topdi.3
XXI asrda inson va insoniyat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan global muammolardan kelib chiqib rivojlantirishni davrning o‘zi taqazo etmoqda. Bu, bevosita jamiyatning barcha sohasi va yo‘nalishlarini qamrab olgan yalpi yangilanishlarni talab qilayotgan hayotiy ehtiyojdir. Prezident SH.M.Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bugungi kunda mamlakatimiz oldida turgan buyuk maqsadlarga yetish, ulkan vazifalarni hal etishda dasturulamal vazifasini bajarmoqda.
Xalqimizning o‘ziga xos jihati shundaki, u adolatga, murosaga, ochiqko‘ngillik va samimiy munosabatga moyil xalqdir. U faol va ongli boshqarish orqali yangidan-yangi imkoniyatlarni namoyon qila oladigan, o‘zining yuksak ma’naviy-ahloqiy, ma’rifiy-ruhiy va intellektualsalohiyatini ko‘rsata oladigan bunyodkor xalq. Ayni ana shu kayfiyat, xalq fe’l-atvori, milliy ruhiyat ochiq jamiyat qurilayotganini, xalq bilan davlat o‘rtasidagi munosabatni sog‘lom va o‘zaro ishonchli, aniq maqsad va umummilliy manfaat asosida qurilayotganini katta mamnuniyat bilan qabul qilishi lozim.
Ana shunday ijobiy hayotbaxsh ma’naviy-ruhiy vaziyat tobora chuqurlashib borayotgani sayin jamiyatda ulkan taraqqiyotga, sifat jihatidan yangilanishlarga va O‘zbekistonning buyuk kelajagini yaratishga qaratilgan amaliy harakatlarimiz ham kuchayib borishi yo‘lida Harakatlar strategiyamizning ustuvor yo‘nishlari va bu yo‘nalishda qo‘yilgan maqsad sari vazifalarni to‘la ado etishga qaratilgan.
Xalqimiz va jamiyatimizda ijtimoiy ongning o‘zgarishi bilan ijtimoiy munosabatlar orqali mamlakatimizda barcha sohalar ham rivojlanib boradi. Fuqarolar qanday ezgu amallar ma’rifati bilan qurollangan bo‘lsa, ana shu ruhiy qudrat istaklarining hosilasini oladi. Bu jarayon Ulkan to‘lqin sifatida millatning mushtarak maqsadlarida namoyon bo‘ladi.


Yüklə 42,76 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin