Hayot faoliyati xavfsizligi fanidan 1-amaliy mashg‘ulot
Mavzu: O‘zbekiston Respublikasining hayot faoliyati xavfsizligiga oid huquqiy hujjatlari
Davlatimizning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatida sanoatni texnik jihatdan qayta qurollantirish, og‘ir va murakkab jarayonlarni kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, og‘ir qo‘l mehnatini muntazam qisqartirib borish, korxonalarni zamonaviy mehnat muhofazasi vositalari bilan jihozlash masalalariga katta ahamiyat berilmoqda. Unda ishlovchilarning, ayniqsa ayollar va balog‘at yoshiga yetmaganlarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilashga alohida o‘rin berilgan. Mehnatkashlarning hayotini va sog‘ligini muhofaza qilish, xavfsiz ish sharoitlarini yaratish O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini belgilaydi. Bularning huquqiy asoslari esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi va mehnat muhofazasi haqidagi qonunlardir. Ushbu hujjatlarning asosiy mazmuni va ularda ko‘rsatilgan nizomlar korxona rahbarlari va mehnat muhofazasi bo‘limi xodimlari vazifalarining asosiy va ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun bu masalalarni chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish temir yo‘l va temir yo‘l sanoat korxonalari mutaxassis bakalavrlari ish faoliyatida katta ahamiyat kasb etadi.
Ishdan maqsad- Hayot faoliyati xavfsizligi bo‘yicha huquqiy asoslarini tashkil qiluvchi hujjatlarning asosiy mazmunini o‘rganish va ulardan amalda foydalana bilish.
O‘zbekiston Respublikasida mehnat muhofazasining huquqiy asoslarini belgilovchi hujjatlarning mazmuni.
O‘zbek xalqi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, 1992 yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Unda inson huquqlari meyorlariga, hozirgi va kelgusi avlodlar oldida yuksak javobgarlikni his qilgan holda, davlat suveriniteti prinsiplariga amal qilish tantanali ravishda talqin qilinadi.
O‘zbek davlatchiligi tarixiy tajribasiga tayangan holda, ijtimoiy adolat va demokratiya ideallariga sodiqlik, xalqaro huquq meyorlarini topib, konstitutsiya respublika fuqarolarining munosib hayotiy sharoitlar bilan ta’minlashga qaratilgan huquqiy demokratik davlat tuzimini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Konstitutsiyada aniq qilib insonning va har bir fuqaroning ozodligi asosiy huquqlari va vazifalari yozib qo‘yilgan. Ha bir fuqaroning ozodligi, siyosiy huquqlari bilan bir qatorda, uning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari, shu jumladan mehnat muhofazasi borasidagi huquqlari ham yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida: “Har bir fuqaro ishlash huquqiga, erkin kasb tanlash huquqiga, adolatli ish sharoitlariga va qonunda belgilangan asosiy ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir” (37-modda)
“Har bir fuqaro qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda boquvchisidan ajralganda va boshqa qonunda ko‘rsatilgan hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga egadir”. (39-modda).
O‘zbekistonda mehnat huquqlari qonun bilan himoyalangan. 1995-yil 21 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksini tasdiqlash haqida qonun qabul qilingan.