2. Janubiy iqtisodiy rayonining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi Iqtisodiy rayon xo‘jaligi respublikada agrar–industrial o‘nalishda bo‘lib, mintaqaning geografik o‘rni, tabiiy sharoiti va resurslari, tarixiy rivojlanish xususiyatlariga tayangan holda iqtisodiyoti taraqqiy etmoqda. Sanoatida neftgaz, engil sanoat, asosan, paxta tozalash sanoati, kimyo, tog‘-kon, oziq-ovqat sanoatlari yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, Xodiza, SHarg‘un-Sariosiyo, Boysun, SHo‘rtangaz majmuasidagi konlar sanoat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishmoqda. SHu boisdan, ham iqtisodiy rayon respublikada ko‘mir va neft sanoati bo‘yicha etakchi hisoblandi. Toshg‘uzor – Boysun - Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining qurilishi, ko‘pgina yoqilg‘i resurslarini aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mintaqa sanoatining kelgusida yanada taraqqiy etishidan dalolat beradi. Elektr energiyasi bilan bilan To‘palang GES, Tollimarjon IES, Muborak issiqlik energetika markazlari ta’minlaydi.
Qurilish materiallari sanoatida SHerobodda mahalliy xom ashyo asosida yirik va umuman Janubiy O‘zbekistonda yagona sement zavodi qurilishi katta ahamiyatga ega. Qashqadaryo hissasiga O‘zbekistondagi neftning (gaz kondensati bilan birga) 95 foizi, tabiiy gazning 95,8 va oltingugurtning deyarli 100 foizi to‘g‘ri keladi. Sanoat tarmog‘ida to‘qimachilik korxonalari, SHahrisabzda ip-gazlama (“Oqsaroy - to‘qimachi” QK, ipak-chilik), paxta tozalash zavodlari, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “SHo‘rtan neft-gaz” sho‘‘ba korxonasi, "Surxondaryodonmahsulotlari" hamda “Hisor neft-gaz”, "Surxonteks", "Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash" kabi qator qo‘shma korxonalari ishlab turibdi.
Janubiy iqtisodiy rayon respublika qishloq xo‘jaligi mahsulotining 16,3 foizini beradi. Mintaqaning Surxondaryo viloyati o‘zining agroiqtisodiyoti rivojlanishiga ko‘ra Qashqadaryodan oldingi o‘rinlarda turadi. Surxondaryodagi Surxon-SHerobod cho‘lida yangi erlarni o‘zlashtirish natijasida, ingichka tolali paxtachilik, eksport yo‘nalishida subtropik mevachilik va ertagi sabzavot mahsulotlarini etishtirish, Qashqadaryoda paxtachilik, bog‘dorchilik va g‘allachilik, Quyi zonada, ya’ni Qarshi dashtida paxtachilik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, tog‘ va tog‘oldi hududlarda bog‘dorchilik va uzumchilik yaxshi rivojlangan. Tog‘ yonbag‘irlarida lalmikor dehqonchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik uchun sharoit qulay. CHo‘l mintaqasida esa g‘alla va chorvachilik yo‘lga qo‘yilgan. G‘allachilik qisman tog‘ etaklarida obikor erlarda lalmikor dehqonchilik asosida ham tashkil etilgan.
Umuman iqtisodiy rayonda turli xil mevalar, ayniqsa olma, xurmo, uzum, anjir, anor, bodom, pista, yong‘oq, sitrus mevalari ko‘plab etishtiriladi. Surxondaryo viloyatining Denov tumani subtropik bog‘dorchilik va sitrus mevalarini etishtirishga ixtisoslashgan bo‘lsa, viloyat markazlari, shahar atroflarida sabzavot va kartoshka, ko‘katlar etishtiriladi. Ayniqsa, Surxondaryoda yil bo‘yi sabzavot hosilini olish imkoni bor. Pillachilik paxtachilik tarmog‘i bilan birgalikda olib boriladi. Iqtisodiy rayon bo‘yicha paxta umummamlakat er maydonining 21,4 foiziga, donli ekinlar 21,9 foiziga ekiladi.
CHorvachiligida cho‘llarda qorako‘l qo‘ylari, adir-tog‘ etaklarida mashhur hisori qo‘ylari, adir-tog‘ mintaqasida jaydari qo‘y echki, qoramollar boqiladi. Iqtisodiy rayonda jami respublikadagi yirik shoxli qoramollarning 19,0 foizi, qo‘y va echkilarning 32,2 foizi to‘plangan. Aynan qo‘y va echkilar soni bo‘yicha Qashqadaryo (3233,5 ming bosh, 2010 y.) viloyati respublikada (15340,9 ming bosh, 2010 y.) birinchi o‘rinni egallaydi. SHu boisdan bo‘lsa, kerak ushbu viloyat mamlakatda go‘sht ishlab chiqarishda Samarqand va Toshkent viloyatidan keyin uchinchi o‘rinda, sut, jun ishlab chiqarishda esa birinchi o‘rinda turadi.
Transport. iqtisodiy rayonda temir yo‘l transporti katta ahamiyatga egadir. Bunda Toshkent-Termiz temir yo‘li alohida ahamiyatga ega. 1995 yil 17 avgustda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qashqadaryo va Surxondaryo oralig‘ida G‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurilishi boshlanib, 2007 yilda qurib ishga tushirilgan Toshg‘uzor – Boysun - Qumqo‘rg‘on temir yo‘li iqtisodiy rayon ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, temir yo‘l atrofidagi turli xil qazilma boyliklar, rekreatsiya va turistik imkoniyatlardan keng foydalanishda muhim imkoniyatlardan biriga aylandi. Bu temir yo‘l Surxondaryo bilan Toshkent orasidagi masofasini 120-130 km ga qisqartirishiga sabab bo‘ldi.
Janubiy rayon ichki aloqalarida Termiz-Qarshi, Termiz-Hayraton (Afg‘oniston), Termiz-Dushanbe, Termiz-Toshkent, Qarshi-Toshkent kabi avtomobil yo‘llarining roli yuqori. Quvur transporti, havo transportining viloyat ichki va tashqi aloqalarida ahamiyati oshib bormoqda.
Termiz, Qarshi shaharlarida yirik xalqaro aeroport bor. U iqtisodiy rayon tashqi aloqalarini amalga oshirishda xizmat qiladi.