GLOSSARIY Adir – tog‘larga yaqin, tog‘ etaklaridagi alohida tepalik yerlar.
Agrar – (lot. «agrarius» – yerga, dalaga oid) yer-suv, yerga egalik va yer-suvdan foydalanishga oid.
Ekologik siyosat – bu subyekt (individ, guruh, partiya, davlat va boshqa)larning atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, tashkiliy-huquqiy tusdagi chora-tadbirlari majmui.
Ekologik tahdid – insonning tabiatga ko‘rsatayotgan ta’siri bilan
bog‘liq holda tabiatning insonga aks ta’siri, ya’ni uning iqtisodiyotiga,
hayotida xo‘jalik ahamiyatiga molik bo‘lgan jarayonlar, tabiiy hodisalar
bilan bog‘liq (stixiyali talofatlar, iqlimning o‘zgarishi, hayvonlarning yalpi
ko‘chib ketishi va boshqalar) har qanday hodisa.
Ekologik tizim – bu birgalikda yashovchi har xil turdagi organizmlar va ular yashashining shart-sharoitlaridir.
Ekologik inqiroz – bu ekologik tizimda modda va energiya almashinuvining tabiiy holatda kechishi buzilishi yoki modda va energiyaning kichik va katta aylanish jarayonlarining ma’lum bir bosqichdagi uzilishidir. Masalan, dehqonchilik madaniyatining fan talablari darajasida bo‘lmasligi, tuproq unumdorligining pasayishi va undagi mikroorganizmlarning qirilib ketishi oqibatida yerga tushadigan organik moddalarning o‘simlik dunyosi uchun ozuqa bo‘lgan mineral moddalarga aylanmasligi sodir bo‘ladi. Natijada tuproq ekologiyasi buziladi va inqirozli holat yuzaga keladi. Orol dengizining qurib borishi natijasida Orolbo‘yi hududlarida iqlim resurslari, tuproq unumdorligi, atmosfera havosi, yer osti va yer usti suvlari, o‘simlik va hayvonot olamida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va salbiy jarayonlar ekologik inqirozga misol bo‘la oladi. Ekologik inqirozli hududlarning ekologik tizimlarida modda va energiya almashuvining ekologik xavfsiz darajada tiklash juda murakkab va o‘ta ko‘p chiqimli tadbirdir. Shuning uchun ham ekologik xavfning oldini olish chora-tadbirlari birlamchi, unga qarshi kurash esa ikkilamchi ahamiyat kasb etishi darkor.