1.5. Moliyaviy tahlilning boshqa fanlar bilan o‘zaro aloqadorligi «Moliyaviy tahlil» fani iqtisodiy fan bo‘lib boshqa fanlardagi umumiy qonuniyatlar va tartiblarga amal qiladi. Ya’ni ko‘pgina fanlar bilan o‘zaro bog‘liqlikda bo‘ladi. Jumladan, «Moliyaviy tahlil» fani bevosita «Iqtisodiyot nazariyasi» fani bilan bog‘liq. Iqtisodiyot nazariyasi jamiyatda sodir bo‘layotgan 38 iqtisodiy jarayonlarning ma’lum qonuniyatlarini, ularning xarakterlanish va amal qilish yo‘llarini o‘rgatadi. Moliyaviy tahlil esa shu qonunlarning korxona, firma, birlashma va shu kabilar doirasida sodir bo‘lish va amal qilish jarayonini o‘rganadi. Bunda «Iqtisodiyot nazariyasi» fanining ilmiy-metodologik jihatlaridan foydalaniladi. Moliyaviy tahlil o‘z navbatida iqtisodiyotda sodir bo‘layotgan jarayonlarni chuqur o‘rganish bilan «Iqtisodiyot nazariyasi» fanining rivojlanishi uchun ham asos yaratib beradi. Shu bois, bu fanlar bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda deb hisoblaymiz. Moliyaviy tahlil fani «Moliyaviy hisob» fani bilan ham uzviy bog‘liq. Bu fanlar mazmun va mohiyati jixatidan aniq amaliy fanlar guruhiga kiradi. Tahlil moliyaviy hisobning navbatdagi bosqichi sifatida uning mantiqiy davomi bo‘lib hisoblanadi. Moliyaviy hisobning vazifasi moliyaviy hisobotni tuzish, axborotlarini umumlashtirish bilan tugaydi. Shu hisobotlar va boshqa axborotlar asosida sodir bo‘lgan va bo‘ladigan iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish bilan moliyaviy tahlil shug‘ullanadi. Tahlilda moliya-xo‘jalik faoliyatining haqiqiy natijasi rejadagi, me’yorlardagi, o‘tgan davrlardagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirilib, o‘zgarishlar aniqlanadi va unga ta’sir etuvchi omillarning ta’sir darajalari hisoblanadi hamda tahlil natijalaridan kelib chiqib to‘g‘ri xulosalar shakllantiriladi va foydalanilmayotgan mavjud ichki imkoniyatlar aniqlash orqali tahlil o‘z vazifasini bajaradi.
Bizga ma’lumki, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilib va shu tahlil ma’lumotlariga asosan tegishli boshqaruv qarorlari qabul qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, moliyaviy tahlil «Boshqaruv hisobi» fani bilan ham o‘zaro aloqador. Moliyaviy tahlil «Statistika» fani bilan ham bevosita bog‘liq. Statistikada iqtisodiy ko‘rsatkichlarni aniqlash usullari o‘rgatilsa moliyaviy tahlilda shu ko‘rsatkichlardan tahlil qilish uchun foydalaniladi. Statistik hisob va hisobot ma’lumotlari ham moliyaviy tahlil uchun axborot manbai bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, moliyaviy tahlil jarayonida ham statistik usulardan foydalaniladi. 39 Statistika ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni asosan makro darajada talqin qilsa, tahlil ularni mikro darajada o‘rganadi. Ya’ni statistika yirik bir to‘plamlar, guruhlarni o‘rgansa, tahlil asosan bitta xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini o‘rganish bilan cheklanadi. Demak, «Statistika» va «Moliyaviy tahlil» fanlari o‘zaro uzviy aloqada bo‘lishi bilan birga, ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega hisoblanadi. Moliyaviy tahlil «Pul va banklar» fani bilan ham uzviy bog‘liqlikda o‘rganiladi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda sodir bo‘layotgan iqtisodiy jarayonlarni moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash, agarda o‘z mablag‘lari yetarli bo‘lmasa qancha kredit olish va unga qancha foiz to‘lash kabi pul munosabatlari bilan «Pul va banklar» fani shug‘ullanadi. O‘z mablag‘lari va qarz mablag‘laridan samarali foydalanganlik kabi muhim jihatlari bilan moliyaviy tahlil fani shug‘ullanadi. Bu yerda ikki fanning ham o‘rganish obyekti (moliyaviy mablag‘lar) bir xil. Ammo birinchisida ushbu kategoriyaning mavjudligi va ta’minoti o‘rganilsa, ikkinchisida undan foydalanish samaradorligi o‘rganiladi.