3. Metodologiya tushunchasi
Ilmiy tadqiqot bilan shug‘ulanadigan mutaxassis izlanish ob’ekti, predmeti, tadbiq qilinadigan usullar, uslubiy va konseptual vositalar to‘g‘risida mulohaza yuritadi. Bunday mulohaza metodologiya ilmi predmetini tashkil qiladi.
Metodologik mulohazalarga bo‘lgan ehtiyojni tadqiqotni ko‘p bosqichli va ko‘p tomonlama jarayonga ko‘p bosqichli aylanishi, izlanish ob’ekti, ob’ektni tushuntiradigan g‘oyalar va nazariyalarni tobora murakkablashib borishi, tadqiqot usulini roli va ahamiyatini ortib borishi taqozo etadi.
Metodologiyani o‘zini quyidagicha ta’riflash mumkin: metodologiya – insonning ilmiy va amaliy faoliyatini tashkil qilish, tadqiqot faoliyati samaradorligini ta’minlaydigan usullar, ularning bilishdagi roli va ahamiyati, izlanishda vujudga keladigan nazariy va uslubiy muammolarning xususiyati haqidagi ta’limotdir.
Tadqiqotda ma’lum mantiqiy qoidalar, tafakkur shakllari va usullaridan foydalaniladi. Bular orqali olingan ma’lumotlarni tahlil qilamiz, qayta ishlaymiz. U yoki bu usuldan foydalanish uslubiy faoliyatni bildiradi. Uslubiy faoliyat esa tadqiqot faoliyatini tarkibiy qismini tashkil qiladi.
Oldingi bo‘limda biz ilmiy tadqiqot va usul o‘rtasidagi bog‘lanish, usulni tadqiqotda amalga oshiradigan funksiyalari xususida mulohaza yuritdik. Aslida bunday mulohazalar metodologik mulohaza turiga kiradi.
Metodologiyaning mazmuni, predmeti va vazifalarini chuqur anglashga yordam beradigan fan falsafadir. Falsafa metodologiyaning metanazariy asosidir.
Ayniqsa, fan bir tarixiy tipdan boshqasiga, xususan, noklassik ilmiy bilish bosqichidan postnoklassik ilmiy bosqichga o‘tish davrida tadqiqot ob’ekti, predmeti, tafakkur tarzi va boshqa tarkibiy qismlarda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu o‘zgarishlarga talqin berish, ularning mohiyatini ochib berish falsafani vazifasidir. Bundan tashqari falsafa metodologiya masalalari mazmuni, istiqboli, paradigmal yangilanishini tahlil qilib beradi, yangi falsafiy -metodologik muammolarni o‘rtaga tashlaydi.
Shunday qilib, tadqiqot metodologiyasi ilmiy bilish jarayonida bevosita tatbiq qilinadigan umumilliy va sohaviy usullar, yondashuvlar, ilmiy faoliyatni tashkil qilish shakllari va modellari, tadqiqot tuzilishi va samaradorligi masalalari bilan shug‘ullanadi.
Tadqiqot metodologiyasiga oid nazariy va amaliy bilish usullari, modellari va dasturiy loyihalarni o‘rganish mutaxassislarni yangi ilmiy tamoyillar, ko‘rsatmalar va izlanish vositalari bilan qurollantiradi.
Dostları ilə paylaş: |