Ijtimoiy fanlar fakulteti



Yüklə 130,17 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix02.12.2023
ölçüsü130,17 Kb.
#171388



OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI 
OLIY VA OʼRTA MAXSUS TA`LIM VAZIRLIGI 
MIRZO ULUGʼBEK NOMIDAGI 
OʼZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI 
IJTIMOIY FANLAR FAKULTETI 
FALSAFA TАRIXI 
FANIDAN 
 
 
 
MUSTAQIL ISH 
 
Mavzu:
 
Fridrix Nitshening “Zardusht tavallosi” 

 
 
 
 
Bajardi: Temirov Javohir
Tekshirdi: Toshov Xurshid 
 
 
 
 
 
 
 
Toshkent- 2021 yil 



Fridrix Nitshening “Zardusht tavallosi” 
XVIII asrga kelib Yevropada Zardushtiylik falsafasi keng tarqaldi. 
“Avesto” turli yirik ilmiy tadqiqot markazlarida, kutubxonalarda mutaxassislar 
tomonidan zoʻr qiziqish bilan oʻrgana boshlandi. Ushbu davr Yevropa falsafiy 
tafakkurida keskin burilish davri boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Yevropa falsafasida 
butunlay oʻzgacha yoʻldan kirib kelgan, insonshunoslik gʻoyasini qalb va ruhiyat 
orqali oʻrganish tamoyilini ilgari surgan Fridrix Nitshe oʻz falsafiy qarashlari bilan 
keng jamoatchilikka tez tanildi. Albatta, u oʻzidan oldingi yirik faylasuflar, 
jumladan, Shopengauer falsafasini chuqur oʻrgandi. Unga ergashdi, metafizik 
qarashlaridan foydalandi. Biroq, yosh olimning hech kimga oʻxshamagan 
xulosalari, hayot yoʻli, odam va olamga boʻlgan munosabati jahon falsafasida 
mutlaqo yangilik boʻldi. 
Nitshe falsafasida olamning bus-butunligi, insonning barkamol va yetukligi 
muammosi asosiy oʻrin tutadi. U yaxlit olamning barcha goʻzalliklari-yu jozibasi 
bilan birga salbiy jihatlarini bir butunligicha qamrab oladi. Natijada ideal inson va 
ideal hayot tarzini orzu qiladi. Ana shu ushalmas orzu uning bir umrlik falsafiy 
qarashlari mohiyatiga aylandi. 
Nitshening Zardusht falsafasiga butunlay berilishi va bu taʼlimot 
maqomidagi falsafani oʻrganishi, oʻrganibgina qolmay, uni oʻz qalbidan, 
ruhiyatidan oʻtkazib, real voqelikka aylantirish gʻoyasi tasodif emas. Nitshe 
protestant ruhoniysi oilasida tugʻildi. Uning murgʻak ongi taqvo va ibodat taʼsirida 
shakllandi, rivojlandi. Taqvodorlik muhiti uning ilk diniy tasavvurlarini boyitdi. 
Gimnaziyada ham diniy taʼlim oldi, cherkovlarga qatnadi. Qalban va ruhan 
ilohiyatga oʻta yaqinligi, jozibador va koʻrkam yigitcha boʻlganligi tufayli boʻlsa 
kerak, oʻrtoqlari uni “ibodatxonadagi 12 yoshli Iso” deyishardi. Bu esa shaxs 
sifatida yosh Nitshening surati va siyrati, shakli va mazmuni, zohiri va botini bir 
xilligidan dalolat beradi. 
Yosh Nitshening adabiyot, sanʼat, tarix va falsafaga qiziqishi juda baland 
edi. U, hatto, oʻn yoshidan sheʼrlar ham yoza boshlaydi. Ilohiy kitoblarni qiroat 
bilan oʻqishni yaxshi koʻrardi. Diniy qoʻshiqlarni meʼyoriga yetkazib ijro eta 



olardi. Qiroat, oyatlarni gʻoyat ohangdorlik bilan qoʻshiq qilib kuylash ishqi va 
mahorati uning diniy-mistik qarashlarini shakllantirdi. Bonn va Leypsig 
universitetlarida taʼlim oldi. Bazel universitetida professor boʻlib ishladi. Ana shu 
yillar olimning samarali ishlash, Gʻarb falsafasida betakror, oʻziga xos ilmiy 
kashfiyotlar qilish davri boʻldi. 
Nitshening sanʼat, tarix va adabiyotga qiziqishi falsafiy qarashlariga ham 
oʻziga xos taʼsir etdi. Boshqacha qilib aytganda, murakkab falsafiy tafakkurni 
jozibador badiiy soʻz hamda obrazli ifoda bilan uygʻunlashtirib, mutlaqo yangi 
shakl va mazmundagi falsafiy asarlarni dunyoga keltirdi. “Musiqa ruhidan 
fojianing tugʻilishi” (1872), “Quvnoq fan” (1882), “Zardusht tavallosi” (1883), 
“Hamma uchun va hech kim uchun” (1883–1892), “Hokimiyatga intilish” (1906) 
singari asarlari nomlanishining oʻziyoq kishining diqqatini tortadi, qiziqishini 
oshiradi. Bu asarlarning har biri muallifga koʻpdan-koʻp shuhrat keltirdi. 
Ogʻir kasallik tufayli jamoadan ajralib qolgan Nitshe ideal inson orzusi bilan 
yashadi va bu mavzuda qator asarlar yaratdi. 1872 yili “Musiqa ruhidan fojianing 
tugʻilishi” kitobi nashr etiladi. Ushbu asarda yashash zavqi va fojiaviylik tuygʻulari 
bilan mushohadalilik, mantiqiylik, katta intellektual salohiyat, aqliy ustuvorlik 
muammolari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar falsafiy talqin etiladi va 
inson ongidagi bunday azaliy ziddiyatlarning oʻziga xos talqini Nitshe falsafiy 
qarashlarining betakrorligidan dalolat beradi. U keng jamoatchilikda katta qiziqish 
uygʻotdi. 
Ikki qismdan iborat “Zardusht tavallosi” kitobining birinchi qismi 1883 yili, 
toʻliq nashri esa 1892 yili chop etiladi. Muallifga juda katta shuhrat olib kelgan 
ushbu kitob fikr bilan tuygʻu, aql bilan hissiyot, yuksak falsafiy mushohada bilan 
ehtirosli badiiyat qorishib, mutlaqo oʻziga xos nasriy doston sifatida yuzaga 
kelgan. Ushbu nodir asarni taniqli olim va yirik tarjimon Ibrohim Gʻafurov zoʻr 
mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirgan
[1]

Nitshe faylasuf sifatida, aytish mumkinki, qarashlarida insoniyat 
imkoniyatlari chegarasidan chiqib ketgan ongni mujassamlashtirgan Zardusht bilan 
oʻzini tenglashtiradi. Yaʼni, kishilik tarixida ilk marta ilohiy gʻoyalarni ilgari 



surgan Zardusht bilan hamfikr boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu asarda 
chuqur psixologik holat bilan mantiqiy asos uygʻunlashgan. Qalb iztiroblarini, 
zarbalarini, titroqlarini, besaranjom, beoromu behalovat tuygʻularini ruhiy holat 
orqali ifoda etadi. 
Kitobda hayot falsafasi, inson tushunchasi, kishilik hayotining yorugʻ va 
qorongʻu tomonlari, ziddiyatlar va iztiroblar oʻz aksini topgan. “Avesto” 
gʻoyalarini chuqur oʻzlashtirgan, ayni paytda ana shu gʻoyalarda odam va olam 
mohiyatini koʻra bilgan, unda diniy va dunyoviy qarashlar uygʻunlashganini 
anglagan Nitshe oʻz falsafiy qarashlarini, ilmiy gʻoyalari va munosabatlarini 
Zardusht orqali ifodalashga erishadi. 
Asar uslubida Zardusht bilan Nitshening tengligi yaqqol koʻzga tashlanadi. 
Darhaqiqat, muallif ilohiy shaxs bilan oʻzini teng qoʻyadi, oʻzaro muloqotda 
boʻladi, koʻp hollarda Zardusht nomidan gapiradi, Zardusht gʻoyalarini oʻzining 
qalb kechinmalari bilan sintezlashtiradi. Garchi ular tugʻilgan makon turli 
mintaqalarda joylashgan, juda ulkan, mahobatli tarixiy davr ularni ajratib turgan 
boʻlsa-da (ular yashagan davr qariyb uch ming yillik masofa bilan farqlanadi), 
qarashlar uygʻunligi favqulodda hodisa sifatida, ayni paytda oʻta tabiiy holatda 
yuzaga keladi. Bu shu darajada tabiiy, shu darajada musaffo va goʻzalki, uni bir-
biridan ajratishga intilish yoki bir-biridan ayro holda tushunish jiddiy xatolikka 
olib keladi. Asarda muallif Zardusht bilan zamondoshday, yaqin doʻstday 
gaplashadi. Oʻzining gʻoyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri Zardusht orqali tushuntirishga 
harakat qiladi va bunga erishadi: 
“Qarang, men sizlarga aʼlo odam haqida taʼlimot berajakman”. 
Aʼlo odam – zaminning mazmuni. Sizning irodangiz aytsin: “Mayli, aʼlo 
odam zaminning mazmuni boʻlsin!” (6-bet). 
Aʼlo odam. Bu jamiyatning saralangan, tabiiy tanlangan qatlamiga, elitasiga 
daxldor odam. Nitshening aʼlo odamni koʻrgisi kelyapti. Maʼnaviy barkamol, 
intellektual jihatdan yuksak, qudratli, shijoatli, bagʻrikeng, toʻgʻrisoʻz, barkamol 
odamni sogʻinyapti. Hayotda shunday odamlar mavjud boʻlishini balkim orzu 
qilgandir. Balki shunday odamlar mavjudligiga ishongandir. Jamiyatda aʼlo, yaʼni 



barkamol odamlarga ehtiyoj hamma vaqt boʻlgan va bor, u bizga shuni yana bir 
bor eslatayotgandek. 
“Aʼlo odam zaminning mazmuni! Zotan, zamin hayot manbai, rizqu roʻz 
manbai, farovon va baxtli hayot maskani. Agar aʼlo odam unga egalik qilsagina! 
Va ilohiy imdod keladi: “Mayli, aʼlo odam zaminning mazmuni boʻlsin!” 
“Birodarlarim, men sizga iltijo qilib ayturman: zaminga sodiq boʻlingiz va yer uzra 
umid toʻgʻrisida sizga soʻzlayotganlarga ishonmangiz. Oʻzlari bilarlarmi-
bilmaslarmi, baribir, ular zaharlaguvchilardir. 
Ular hayotdan nafratlanurlar, ular oʻzlarini-oʻzlari zaharlamishlar va 
oʻlimlari sari yoʻl olmishlar, yer ulardan charchamishdir: oʻlim ularga!” (6-bet). 
Muallif qalbida oldin kuchli optimizm bor edi. U reallikka moyil edi. Biroq 
insonning ezgulik va yovuzlik olami ekanligidan seskanib ketadi. “Avesto”dagi 
daʼvatlar, nidolar, salovotlar va duolar qulogʻiga chalinadi. U hushyor tortib, real 
hayotga qaytadi. Jaholat, qabohat, nadomat, xusumat mavjud boʻlgan bir paytda, 
ideal hayot va ideal inson haqida oʻylash qanchalik iztirobli. Bu Nitshening jahon 
falsafasidagi oʻziga xos imdodi edi. 
Zardusht falsafasi yaxlit insoniyat tafakkurining majmuasi, qomusiy 
xarakterga ega boʻlgan ilohiy xayolot, diniy toat-ibodat va taqvo, real zaminda, 
konkret hayotda insoniyat qarashlari va tafakkur tarzini oʻzida mujassam etib, 
dunyoviy falsafa, dunyoviy tafakkur maqomiga ega boʻladi. Aslini olganda, 
Zardusht falsafasining hayotiyligi ham, mahobati ham, oʻlmasligi ham ana shunda. 
Nitshe “Bir kuni Zardusht ham barcha narigi dunyochilar kabi oʻz 
xayollarini odamning narigi dunyosiga qaratdi. Oʻshanda menga dunyo azob 
chekayotgan va abgor boʻlgan Xudoning aʼmoli boʻlib tuyuldi”, – deydi (24-bet). 
Endi muallif boqiy dunyodagi odamlar ahvolidan xabardor boʻladi, ularni koʻz 
oldiga keltiradi, azoblanayotganlaridan azoblanadi. Jannat gashtini 
surayotganlardan koʻngli taskin topadi. 
Afsuski, azobli, uqubatli dunyo kengroq tuyuladi unga va foniy dunyo uning 
koʻziga “azob chekayotgan va abgor boʻlgan Xudoning aʼmoli boʻlib tuyuladi”. 



Ideal odam falsafasi, barkamol insonni koʻrish orzusi, har tomonlama yetuk odam 
bilan muloqotda boʻlish istagi endi iztirobga aylanadi. 
“Yaxshilik va yomonlik, shodligu azob, menu sen – bari menga 
Yaratganning koʻz oʻngidagi rango-rang dud boʻlib koʻrinadi. Yaratgan oʻzidan 
oʻz nazirini evirishni istadi va oʻshanda u olamni bino qildi”(24-bet). 
Demak, yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, ishonch va 
ishonchsizlik, sadoqat va xiyonat, ezgulik va yovuzlik olamning ramzi, Yaratgan 
uning evrilishini xohlaydi. Oʻzi bino qilgan olamning benuqson va koʻrkam 
boʻlishini istaydi. Bu bevosita inson olamining qay darajadaligiga bogʻliq. Qalban 
goʻzal inson goʻzallik yaratadi. Ezgulik bilan yashaydigan kishi ezgulik hukmron 
boʻlgan turmush tarzini yoʻlga qoʻyadi. 
Nitshe inson, hayot, dunyo atrofida fikr yuritar ekan, ruhiy xayolot va 
fikratdan hayotiy xulosalarga oʻtadi, real voqelikka munosabat bildiradi va 
shunday deydi: “Mangu ziddiyatning aksi va notamom timsol, mangu notamom bu 
dunyo – uning notamom yaratuvchisi uchun mastona shodiyona, – bir mahallar 
dunyo menga shunday boʻlib tuyuldi” (26-bet). Ziddiyatlarga toʻla olam, 
nuqsonlardan xoli boʻlmagan timsol – odam. U mangu notamom, yetuk 
boʻlolmaydi, ideal insonga aylana olmaydi. Demak, zamin notamomlar maskani. 
Kishilik hayoti barkamol emas. Shunday edi, bundan keyin ham shunday boʻladi. 
Faqat kimlardir ayrim jihatlari, fazilatlari yo aqliy qobiliyati bilan oʻzgalardan 
ajralib turishi mumkin. Ayni ana shu insoniyat hayotining ideal darajada 
boʻlmasligi barkamol boʻlmagan odamlar uchun qaysidir maʼnoda shodiyonadir. 
Nitshe ham, Zardusht ham shunday oʻylaydi va cheksiz iztirob chekadi. 
Narigi dunyochilar zikrida davom etar ekan, Nitshe oʻzida kuchli optimistik 
ruhni his etadi, iroda quvvati oshadi, yuksak maʼnaviy kuch endi unga hayotga 
ragʻbat, kelajakka ishonch, yangidan-yangi umid kurtaklarini ochadi va “Nima 
boʻldi oʻzi, birodarlarim? Men azob chekayotgan oʻzligimni yengdim, men 
oʻzligimning xoki turobini toqqa olib chiqdim, oʻzimga ortiq nurafshonroq alanga 
topdim. Qarang endi! Sharpa mendan uzoqlashib ketdi!”, – deydi (24-25-betlar). 



Ezgin xayollar, koʻngilga tahdid soluvchi qora sharpalar ortda qoldi! Nitshe 
oʻzida kuchli irodani his etdi, oʻzini-oʻzi yengdi. Orzu-umidlar togʻiga chiqdi, 
nurafshon hayotga yorqin nigoh bilan qaray boshladi. Bu muallifning ichki 
kechinmalarigina emas, dunyoda qancha odam boʻlsa, barchasining qalbida ana 
shunday his, ana shunday tuygʻu mavjud. Ichki iroda va oʻzini-oʻzi boshqarishga 
qodir boʻlgan ruh bor. Hamma gap uni qoʻzgʻata olishda, uygʻota bilishda, 
rivojlantira olishda, xolos. Umuman olganda, inson oʻzining tabiiy, biologik, 
fiziologik va maʼnaviy tuzilishi jihatidan murakkab tizim. Har bir odam alohida 
olam. U oʻzini-oʻzi boshqara olishi, yoʻnaltira bilishi, rivojlantirib, kamol toptirish 
ragʻbatiga ega boʻlishi lozim. Har kim oʻz inon-ixtiyorining hokimi oʻzi boʻlsin. 
Oʻzini-oʻzi ragʻbatlantirsin, ruhlantirsin, nojoʻya xatti-harakatlar qilganda oʻziga-
oʻzi tanbeh bera olsin, oʻzini-oʻzi jazolay va kechira olsin. 
Nitshening inson falsafasida qalb va ruhiyat kategoriyalari alohida mavqega 
ega. Qalb har bir insonning yaxlit va bir butun alohida olami. Yurak emas. Yurak 
odamning koʻplab aʼzolaridan bittasigina, xolos. U oʻzining biologik vazifasini 
oʻtaydi, – vujudni qon bilan taʼminlaydi, xolos. Qalb esa har bir individning 
betakror, faqat oʻzigagina xos boʻlgan, oʻzining “Men”iga ega boʻlgan yaxlit 
olami. Ruh esa uni boshqaradi, yoʻnaltiradi. Bu xulosa nafaqat Zardusht 
falsafasida, balki barcha dunyoviy dinlarda turli shakllarda oʻz ifodasini topgan. 
Zotan, taqvoning turi, ibodatning shakli xilma-xil boʻlsa-da, Alloh yagona! Nitshe 
falsafasi Zardusht orqali ana shunday maqomga ega. Boshqacha qilib aytganda, 
Zardusht salovoti, duolari, tavallosi Nitshe qalbi orqali nitsheyona munojot boʻlib 
yangraydi. Bu munojot oʻta jarangdor, oʻta fayzli, tarovatli, chuqur mazmunga va 
xulosalarga ega boʻlgan gʻoya. Ayni paytda biroz miskin, tushkun, gʻamgin 
falsafadir. Ana shu jihatdan qaraganda, uni ayrim faylasuflar tushkunlikka, 
pessimizmga berilganlikda ayblashadi. Aslida esa, ushbu tushkunlik, gʻamginlik 
tagida Nitshening kuchli, qudratli irodasi va yorqin ruhiyati aniq sezilib turadi. 
Zardusht va Nitshening ham ilohiy, ham hayotiy falsafasi bu! Zardusht 
bemorlarga shafqatli, mehribon, rahmdil. Biroq, inson har qanday sharoitda ham 
inson-da. Baʼzan mehru shafqatni bilib-bilmay suiisteʼmol qilishi, koʻrnamaklik 



qilishi mumkin. Ammo buyuklik – buyuklikdir. U faqat mehr, shafqat, 
bagʻrikenglik, cheksiz muruvvat sohibi. Koʻrnamaklik, munofiqlik, umuman 
barcha illatlardan ustun turadigan maʼvo. Nitshe bu yerda real hayot bilan diniy 
tafakkurni uygʻunlashtiradi, reallashtiradi, hayotiyligini va ulugʻvorligini 
isbotlaydi. 
Nitshening bayon uslubida, fikrni ifodalash shaklida yevropalik 
donishmandlar uslubidan koʻra keskin va yorqin oʻziga xoslik bor. Birinchidan, u 
har qanday ogʻir, zalvorli fikrni, aqlni ostin-ustun qilib yuboradigan gapni joʻshqin 
hissiyot va qaynoq ehtiros bilan yoʻgʻrilgan holda bayon etadi. Ikkinchidan, u 
bevosita va toʻgʻridan-toʻgʻri Sharq fenomeniga murojaat qilyapti, uning olamida 
yashayapti. Oʻzini oʻzi tanlagan, ixlos qoʻygan zardusht timsolida koʻrmoqda. 
Shuning uchun Nitshening uslubi “Avesto” matnlarining uslubiga juda oʻxshaydi, 
yaqin turadi. Nitshega “Avesto”ning taʼsiri shu darajada kuchli boʻlganki, hatto 
fikrni bayon etish uslublari ham bir-biriga oʻxshash. Yaʼni, har bir gap koʻpincha 
alohida satrdan boshlanadi. Har bir gap toʻliq, boʻliq, aniq fikrga yoʻnaltirilgan, 
aniq xulosani ifodalagan yaxlit tizim. Ikkinchi gap oʻz oʻrnida yangi satrdan 
boshlanadi. Albatta, bu gap ham oʻz yukiga, fikriy salmogʻiga, toʻliq magʻziga ega. 
Ular faqat bir-birini toʻldiradi, xolos. Har bir gap alohida urgʻu, alohida taʼkid va 
nihoyat, alohida taʼsir kuchiga ega. Jumlalar ogʻir va magʻizli, shijoatli va 
daʼvatkor, jozibali va taʼsirchan. Ayni paytda chuqur oʻylashga, fikrlashga, aqlning 
yangidan-yangi qirralarini ochishga majbur etadigan chaqiriq. Bu betakror uslub. 
“His nimani his qilar va aql nimani bilar – oʻzida hech qachon oʻz maqsadi 
boʻlmas, lekin his va aql seni ishontirmoqchi boʻlib, urinarlarki, ular hamma 
narsalarning maqsadi deb: ular shunchaki xudpisanddirlar” (28-bet). 
Aslini olganda, inson jonzot sifatida hissiyot va aql olami. Ayni ana shu 
jihatlari bilan ham boshqa jonzotlardan ustun turadi. Imom Gʻazzoliy oʻzining 
“Kimyoi saodat” kitobida taʼkidlashicha: “Inson farishta va hayvon orasidagi 
maxluqdir. Hayvon rivojlanmaydi, chunki uning kamolot quvvati yoʻq. Farishta 
ham rivojlanmaydi, chunki uning oʻzi pok, ilohiy nurdan iborat. Faqat insonda 
rivojlanish, ruhiy kamolot xislati mavjud”
[2]
. Demak, hayvonda shakllanishga, 



rivojlanishga, oʻzini-oʻzi boyitishga, oʻzini qadriyatga aylantirishga daʼvat 
etadigan ruh, ichki quvvat yoʻq. Farishta esa azalu abad pok boʻlganligi uchun 
uning shakllanishi va rivojlanishiga ehtiyoj yoʻq. U shundoq ham toza, shundoq 
ham pokiza, nur yangligʻ bezavol. Faqat insondagina ruhiy kamolotga intilish 
tuygʻusi mavjud va uning komillikka intilishida, yetuklik sari harakat qilishida 
hayoti mazmunini boyitishga, shu asnoda yaxlit kishilik jamiyatining goʻzal va 
koʻrkam boʻlishiga daʼvat bor. Ruhiy kamolot tuygʻusi inson fenomenining 
tayanchi, uni qadriyatga aylantirguvchi buyuk moʻjiza. 
Gʻazzoliy fikrini ancha keyin atoqli nemis faylasufi K. Yaspers boshqacha 
talqin etadi: “His-tuygʻu mohiyati sifatida u (inson – N. J.) hayvondan yuqori, 
maʼnaviy-ruhiy jihatdan farishtadan pastda turadi. Oʻz mohiyatining ana shu ikki 
tomoni bilan ularga qavmdosh boʻlsa-da, hayvon ham emas, farishta ham emas. 
Ularning har ikkovidan ham ustun tomonlari bor. Bu bevosita Alloh tomonidan 
yaralganligi bilan belgilanadi”
[3]

Nitshe falsafasida his va aql tushunchasi ustuvorlik qiladi, biroq uni 
rivojlantirishga, kamolotga yetkazishga ehtiyoj hamisha katta boʻladi. Maqsad, 
orzu, umid tuygʻulari insonni asraydigan, istiqbolga daʼvat etadigan, ertangi kunga 
ishonch tuygʻularini oshiradigan voqelik. Inson hissiyot orqali his etadi, aql orqali 
maqsadlarini amalga oshiradi. Ruh va iroda xatti-harakatga aylanib, orzular va 
umidlar roʻyobini taʼminlaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Nitshe ularni 
xudpisandlikda ayblaydi. Zotan, aniq xatti-harakat, intilish, maqsadni roʻyobga 
chiqarishga qodir boʻlgan iroda, bu yoʻldagi toʻsiq va gʻovlarni yenga oladigan 
sabot boʻlmasa, aqlning oʻzi uni roʻyobga chiqara olmaydi. Havasu ishtiyoqni aniq 
amaliy faoliyatga aylantirolmaydi. Ehtimolki, Nitshe inson ruhiyatidagi ana 
shunday murakkab holatni nazarda tutgandir. 
Yuqoridagi fikrni davom ettirib, alloma “Birodarim, sening fikrating va 
hissiyotlaring uzra yanada qudratliroq hukmdor, nomaʼlum bir hakim qad rostlab 
turadi – uning ismi oʻzidir. U sening tanangda yashaydi; u aynan sening 
vujudingdir”, – deydi (28-bet). Bu fikrni ikki xil talqin qilish mumkin. Aslida ham 
shunday. Birinchisi, har bir kishining fikrati va hissiyotidan ustun keladigan, unga 


10 
buyruq berib turadigan hukmdor, koʻzga koʻrinmaydigan, hamisha hushyor qarab 
turadigan hakim “Uning oʻzi” – Alloh: Alloh xohlamasa, buyurmasa bandasi hech 
narsa qilolmaydi. Bu barcha dunyoviy dinlar aqidasi, qatʼiy xulosasi. Ikkinchi 
tomondan, dunyoviy taʼlimotda inson va uning mohiyati bevosita feʼl-atvor, ruhiy 
va maʼnaviy yetuklik orqali ochiladi. Vujud oʻzingniki, demak, uni oʻzing 
boshqarasan, yoʻnaltirasan, faqat aqling doirasida, his-tuygʻularing taʼsirida. 
Ruhiyat va iroda boshqaruvchi kuch, xolos. Nitshening ideal inson borasidagi 
armoni ana shu yerda yana dolzarblik kasb etadi. 
Nitshe falsafasida ong, insonning oʻzini-oʻzi anglashi masalasi alohida 
mavqega ega. Uning inson falsafasi inson mohiyatini tushunish, mavjudot 
sifatidagi qadriyatini belgilash va bu qadriyatni har bir individning oʻzi qadriyatga 
aylantira olish yo olmasligi masalasini chuqur tahlil qiladi. Zardusht tavallosi 
orqali Nitshening ichki nidosi, qalb hayqirigʻi ayni ana shu ziddiyatli, murakkab, 
rang-barang olam fenomenini yaratishga qaratilgan. Bu esa insonshunoslikda 
oʻziga xos ilmiy-falsafiy, badiiy-mantiqiy, ilohiy-dunyoviy qarashlar sintezi 
sifatida yuzaga keldi. Bir qaraganda, mazkur kitob sof ilmiy fundamental 
tadqiqotga oʻxshaydi. Ikkinchi tomondan, uni oʻqiganingiz sari chuqur falsafiy va 
mantiqiy fikrlarga asoslangan badiiy asarga guvoh boʻlasiz. Har qanday holatda 
ham alloma Zardusht timsoli orqali oʻzining ichki kechinmalarini, ilmiy-nazariy 
xulosalarini, insonshunoslik borasidagi fundamental konsepsiyasini yaratadi. 
Asarda ilmiy betakrorlik va badiiy moʻjizakorlik uygʻunlashib ketgan. 
“Sening vujudingdagi ong sening oliy hikmatingdan koʻra kattaroqdir. Va 
yana kim bilsin, sening vujudingga sening oliy hikmating nimaga ham kerak?” Bir-
biriga zid, bir-birini inkor qiladigan fikr ilgari surilyapti. Aslida esa, falsafaning 
mohiyati fikrlar qarama-qarshiligidan, gʻoyalar zidligidan, bir-birini inkor 
qilishdan iborat. Aks holda, hamma faylasuflar bir xil fikrlagan boʻlishardi. Nitshe 
esa mazkur gʻoyasi bilan inson mohiyatining yangi qirrasini ochyapti. Ong 
boʻlmasa inson hech narsa emas. Insonni inson qilib turgan narsa ong degan 
gʻoyani ilgari suryapti. Yana oʻzini-oʻzi inkor qilib, oliy hikmat, muruvvat va 
himmat ong boʻlmasa, kerak boʻlarmikin degan savolni ham oʻrtaga tashlaydi. Bu 


11 
esa oʻz-oʻzidan barcha fazilatlaring, barcha imkoniyatlaring ong orqali namoyon 
boʻladi, ong orqali oʻzingning qudratingni koʻrsatasan. Ong boʻlmagan taqdirda bu 
fazilatlaring hech narsaga yaramaydi, demoqchi. 
Bu yerda insonning ichki olamidagi ziddiyatlar yuqoridagiday oʻzini oʻzi 
inkor qilish holatlarida koʻzga tashlanadi. Hayotdan nolib yashaydigan, kamchilik 
izlaydigan, birovlarning nuqsonini topishdan huzur qiladiganlar haqida gap 
boryapti. Yaratguvchi nafratni yaratdi, shodlik va gʻamni yaratdi. Ayni paytda, 
irodadan ustun turadigan barcha ezguliklarni amalga oshirishga, yaxshilik va 
saxovatni himoya qilishga qodir boʻlgan ruhni ham berdi. Ana shu ruh, aytish 
mumkinki, insonning barcha balo-ofatlardan, yomonliklardan, hasad va 
gʻarazlardan hatto, tajovuzlardan asraguvchi ilohiy qudrat. Bu gʻoya tasavvuf 
falsafasida ham alohida mavqega ega. Islom aqidalariga koʻra insonni ruh 
boshqaradi. Aql ruhning quroli. 
Alisher Navoiy oʻz asarlarida “suvaydo” soʻzini ishlatadi. Hazratning 
fikrlariga koʻra, suvaydo inson yuragining qoq oʻrtasida joylashgan kuyuk nuqta, 
tuynuk emish. U kimdadir yaxshilik, ezgulik, mehr-shafqat, yorugʻ orzular 
tuynugi. Kimdadir gʻaraz, koʻrolmaslik, hasad, yomonlik tuynugi. Inson ana shu 
tuynuk orqali olamga qarar ekan, koʻz orqali koʻrib, aql orqali idrok etib, qalbi-ruhi 
buyurganicha xulosaga kelarmish. Demak, qalbning buyruq beruvchi kuchi bu – 
ruh. Shuning uchun ham mutasavvuflar ruhi sogʻlom odam kuchli boʻladi, ruhi 
tetik odam har qanday toʻsiqlarni yenga oladi, ziddiyatlarda sinib qolmaydi, oʻzini-
oʻzi himoya qila oladi, asray biladi, degan fikrni ilgari surishadi. Nitshe “Ruh 
yaratdi misoli irodasining dastidarozi kabi” deganida ana shularni nazarda tutgan 
boʻlsa, ajab emas. 
“U oʻzi baridan koʻproq istagan narsani qilishdan ojiz, – oʻzini bundan 
buyon yaratishdan ojiz. 
U buni baridan ortiq istar, uning butun hirsu ehtirosi xuddi mana 
shundan”(29-bet). Har bir insonning biologik, fiziologik, intellektual va maʼnaviy 
yetukligidan kelib chiqadigan bunyodkorlik imkoniyati boʻladi. Jismonan zaifroq 
odam pahlavonlik daʼvo qilolmaydi. Afsuski, inson baʼzan oʻz imkoniyatidan 


12 
ortiqroq narsalarga erishishni xohlaydi. Biroq imkoniyat doirasidan tashqari 
boʻlgan har qanday ehtiyoj hech qachon qondirilmaydi. Ortiqcha taʼma rizqni 
qirqadi, degan naql ham bor xalqimizda. Koʻp narsani xohlash mumkin, unga katta 
hirsu ehtiros bilan daʼvo qilish mumkin, lekin imkoniyat azalul-abad cheklangan. 
Tan, vujud – moddiyat. Ruh, ong, tasavvur – ilohiyat. Imkoniyatidan 
koʻproq soʻragan, taʼmagirlik va koʻp narsaga erishish ishtiyoqi odamni ruhan 
oʻldiradi. Koʻzlaganiga erisholmagan odam hayotdan, zaminu osmondan norozi 
boʻladi. Norozilik nafratga aylanadi. Uning “gʻilay nigohiday, ongsiz hasad 
gʻildillab turadi”. Hasad esa insonning kushandasi. Hasad ochkoʻz qurt, odamni 
ichidan kemiradigan. Lekin u oʻzi yashayotgan vujudni abgor qilgunga qadar, 
oʻzgalar qonini ichadi, “aʼlo odam”lar umriga zomin boʻladi. Yaxshilarning, 
yaxshilikning, ezgulikning iztirobidan rohatlanadi. Zardusht undan nafratlanadi. 
Nitshe falsafasida aʼlo odam gʻoyasi ana shu tarzda ustuvorlik qiladi. U 
Zardusht qarashlari orqali kishilik hayotiga nazar soladi. Inson mohiyatini tahlil 
etadi. Falsafiy-mantiqiy izlanishlar orqali oʻzining ezgu idealini yaratishga harakat 
qiladi. Hasad, fisqu fasod, koʻrolmaslik, xudbinlik ildiz otgan, chirkin hayotdan bir 
zum uzoqlashib, ideallaridan ezgulikka yoʻgʻrilgan nurday pokiza xayolotidan, 
orzularidan najot izlaydi. 
Albatta, Nitshe ham boshqa buyuk faylasuflar qatori ideal inson 
boʻlmasligiga qatʼiy ishonadi. Chunki inson qancha yashamasin, doimiy ravishda 
tarbiyaga ehtiyoj sezadi. U kamolot sari intilishga mahkum etilgan jonzot. Agar 
inson mukammallikka erishsa, farishtaga aylanmogʻi lozim. U yerda yashamaydi. 
Osmonning yettinchi qavatida – Arshi Aʼloning atrofida yashaydi (Imom 
Gʻazzoliyning yuqorida keltirilgan fikrini eslang). Buni Nitshe yaxshi tushunadi. 
Biroq ideal inson falsafasi, aʼlo odam tushunchasi uning oʻzining ideali. U ilmiy-
falsafiy ideal sifatida allomani asraydi, himoya qiladi, ragʻbatlantiradi, buyuk 
kashfiyotlar qilishga daʼvat etadi. 
Nitshe osmon bilan yer, ilohiyot bilan jamiyat, inson bilan Alloh oʻrtasidagi 
masofani yaqinlashtiradi. Ilohiy gʻoyalarni reallik bilan uygʻunlashtiradi. Natijada 
asotiriy-diniy qarashlar asosidagi gʻoyalarni ilgari surganday boʻlib, inson va 


13 
insoniyat taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan, uning istiqbolini belgilashga xizmat 
qiladigan kuchli, qudratli, taʼsirchan va moʻjizaviy gʻoyalarni ilgari suradi. 
Yaxshilik, ezgulik faqat insongagina xos. Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal 
(pindori nek, guftori nek, kirdori nek) – inson mohiyatini oʻzida toʻla mujassam 
etgan maʼnaviy-falsafiy formula. Ushbu formulaning yechimi “aʼlo odam” uchun 
juda oson: oʻylaring, gapirayotgan gaping, qilayotgan ishing bir boʻlsin. Zardusht 
qarashlarida ham, Islom va tasavvuf falsafasida ham, Nitshe gʻoyalarida ham bu 
uch unsur uygʻunligi bosh Nizom hisoblanadi. 
Har bir odam alohida olam. Olam esa turfa va rang-barangdir. Ana shu rang-
baranglik inson olamining butun dramatizmini taʼminlaydi. Har bir insonning oʻz 
“Men”i boʻladi. U individning feʼl-atvori, orzu-oʻylari, xatti-harakati va 
munosabatini oʻzida mujassam etadi. Biroq har bir “Men”ning ichida bir necha 
“men”chalar yashaydiki, ular doimiy ravishda, bir umr bir-biri bilan olishib, 
kurashib, bir-birini mahv etib yashaydi. Ezgulik bilan yovuzlik, muhabbat bilan 
nafrat, saxiylik bilan baxillik… va hokazo… ularning turi koʻp. Barchasi doimiy 
ravishda oʻzaro kurashda. Bu inson qalbidagi uzundan-uzoq, bir umrlik juda katta 
ruhiy qudratni, irodani, aqlni, sabr-toqatni, bagʻrikenglikni taqozo etadigan 
dramalar turkumidir. Zotan, bizning har bir kunimiz soni nomaʼlum boʻlgan 
serialning bitta qismi, xolos. 
Nitshe yuqoridagi parchada ana shu hayot dramasini tahlil qilganday, goʻyo. 
Unga munosabat bildirayapti, falsafiy mushohada yurityapti, Zardusht nomidan 
aniq, ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan, real voqelikdan kelib chiqqan maʼnaviy-
axloqiy xulosani ilgari suryapti. Bu Nitshe falsafasining oʻziga xos koʻrinishidir. 
Shijoat, gʻayrat tuygʻusi Nitshe falsafasida alohida oʻrin tutadi. Xuddi 
shunday zardushtiylik qarashlarida ham ezgulik gʻoyasi bevosita inson feʼl-atvori, 
xatti-harakati va intilishlari orqali ilgari suriladiki, bunda inson qalbidagi gʻayrat, 
shijoat tuygʻusi asosiy rol oʻynaydi. “Kimki tubsiz qaʼrga burgut koʻzi bilan 
qarasa, kimki tubsiz qaʼrga burgut changali bilan chang ursa – faqat shu 
kimsadagina matonat bor”, – deydi Nitshe (285-bet). 


14 
Nitshe baʼzan insonga shubha bilan qaraydi. Ana shu shubha insonning 
nomukammal jonzot ekanligidan dalolat beradi. Baʼzi holatlarda insonda ayrim 
illatlarning saqlanib qolishi tarafdori boʻladi. Balki insonning insonligini anglash 
uchun ayni illatlar ham fazilatlar bilan parallel ravishda yashamogʻi lozimdir. 
Yaxshini yomondan, oqilni ahmoqdan ajratish uchun ayni ana shu fazilat va 
illatlarning mavjudligi ularning darajasini hisobga olish, baholash imkonini beradi. 
Jahon falsafasidagi inkorni inkor etish formulasi ana shu yerda oʻz yechimini 
topadi. Boshqacha qilib aytganda, bu yovuzlikka nisbatan yovuz boʻlish, 
yomonlikka qaqshatqich zarba berish, butun choralar bilan ezgulikka intilish 
gʻoyasining oʻzginasidir. 
Oʻta murakkab dramatik holat, ruhiy qiynoq va maʼnaviy iztirob namunasi 
bu. Insonning yaxshi va ayni paytda yovuz boʻlishi bu balki ezgulik yoʻlida irodani 
charxlash, eʼtiqodni sinovdan oʻtkazish, iymon darajasini baholash, matonat 
tuygʻusini namoyon qilish imkoniyatidir. Shunday boʻlishi ham kerak. Zotan, 
nafrati kuchli odamning muhabbati ham kuchli boʻladi. Intellektual salohiyati 
yuqori boʻlgan, hissiyotdan koʻra aql bilan ish tutadigan, oʻta qatʼiyatli, intizomni 
yaxshi koʻradigan, faqat aniq xulosalarga suyanib ish tutadigan odamlar baʼzan 
kimlargadir shafqatsiz, yovuz boʻlib koʻrinishi mumkin. 
“Kuchingiz yetmagan ishlarni qilmang, imkoniyatingizdan tashqaridagi 
narsalarni orzu qilmang. Taʼma qilmang. Oʻz aqlingiz doirasida hayotingizni 
quring. Aks holda, bemaʼni aldam-qaldamlar girdobiga tushib qolasiz”. Bu hayot 
tajribasi, ming yillar mobaynida inson koʻpdan-koʻp marta koʻrgan va isbot talab 
etmaydigan haqiqat. Ana shundan kelib chiqib, Nitshe: “Bunda ayniqsa, ehtiyot 
boʻlingiz, o, oliy odamlar! Zero, bugun men uchun haqgoʻylikdan qimmatroq va 
noyobroq narsa yoʻq. 
“Bugun” deganimiz olomonga tegishli emasmikin? Ammo olomon bilmas 
nima ulugʻ, nima kichik, nima toʻgʻri va nima haqqoniy: olomon soddaligi bois 
koʻngli egri, u doim yolgʻon gapiradi” (287-bet). 
Inson psixologiyasi shunday. Qayerda ojizlik boʻlsa, yolgʻon oʻsha yerda 
boʻladi. Qayerda soddalik, maʼrifatsizlik boʻlsa, oʻsha yerda munofiqlik yuz 


15 
beradi. Insonni ulugʻlaydigan, sharaflaydigan oʻlchov, mezon – maʼrifatdir. 
Donishmandlarning “Maʼrifatli kishi shijoatli boʻlur”, degan fikri ana shu yerda 
oʻz isbotini topadi. 
Umuman olganda, Nitshe falsafasida baʼzan insonga nisbatan nafrat tuygʻusi 
koʻzga tashlanadi. Inson fenomenini oʻrgangan ayrim donishmandlar uning salbiy 
jihatlarini alohida boʻrttirib koʻrsatishgan. Amerikalik buyuk yozuvchi Jek 
London: “Inson bebaho maxluqlarning eng oxirgisidir”, degan edi. Mashhur rus 
faylasufi V. Klyuchevskiy esa: “Inson – dunyodagi eng buyuk hayvondir”, degan. 
Biroq, ularda nafrat tuygʻusi yoʻq. Insonning mavjudot sifatidagi mohiyatidan 
kelib chiqqan xulosalar, xolos, bu. 
Aʼlo odam jamiyat mohiyatini, hayot mazmunini, chuqur tushunadi. Uning 
qarashlari esa, jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasini oʻzida mujassam etadi. Biroq 
u ham nuqsonlardan xoli emas. Aʼlo odam ham eng avvalo odam! Unga butun 
fazilatlariyu nuqsonlari bilan birga, yaxlit holda qarash kerak boʻladi. Nitshe 
nazdidagi aʼlo odam obrazi esa benuqson, mukammal. Balki u oʻz gʻoyalarini 
yetarli darajada yetkazish uchungina timsol sifatida aʼlo odamni idellashtirgandir. 
Yana kim biladi? 
Nitshe falsafasida hokimiyat tushunchasi ustuvorlik qiladi. Undagi “oliy 
odam” obrazi “kuchli shaxs timsoli”, u taʼsir oʻtkazuvchi, boʻysundiruvchi va 
safarbar etuvchi kuch. Nitshe hayot tushunchasini sharhlar ekan, daraxt va 
oʻsimliklarni misol keltiradi va “Oʻrmonning dastlabki daraxtlari nima uchun bir-
birlari bilan kurashadilar?… hokimiyat uchun!” deydi Nitshe. U “iroda va kuch 
uygʻunligida hayot mohiyati”ni koʻradi
[4]
. Uning falsafasida hokimiyatga yuqori 
darajada intilish tuygʻusi ustuvorlik qiladi. Buni “Hokimiyatga intilish” kitobi 
misolida yaqqol koʻrish mumkin. Oliy odam (sverxchelovek) boshqaruvchi, 
yoʻnaltiruvchi, jamoaga oʻzining taʼsirini oʻtkazuvchi shaxs. U mahalla yo qishloq 
boʻladimi, shahar yo tuman boʻladimi, tashkilot yo muassasa, uning ahamiyati 
yoʻq. Uning boshqaruvchisi oʻz hududida oliy odam toifasiga kiradi. 
Ulugʻ alloma ruhiyat kishisi. U qalb va tuygʻu orqali hayot falsafasini 
yaratadi. Umuman olganda, Nitshe jahon falsafiy tafakkuriga hayot falsafasi 


16 
tushunchasini olib kirgan va uni mumtoz ilmiy-nazariy asoslarini yaratgan. Nitshe 
hayot falsafasini tushunishda sanʼatning roli va mavqei baland, deydi. Shuning 
uchun u estetik tafakkur, olamni badiiy-estetik oʻrganish, insonning intuitiv 
imkoniyatlari hayotni anglash tayanchi ekanini alohida taʼkidlaydi. 
Nitshening yana bir gʻayritabiiy gʻoyalaridan biri Xudosizlik. Toʻgʻridan-
toʻgʻri “Xudo oʻldi”, deydi. Bu dahriy, dinsiz, eʼtiqodsiz odamning gapi. Nitsheni 
bu toifaga kiritish ham hozircha munozarali. Albatta, bunda oʻzini oqlaydigan 
jihatlar ham bor. Ibtidoiy odamlar turli narsalarga topinishgan. Tabiat hodisalariga, 
quyoshga, hayvonlarga, daraxtlar va boshqa jismlarga sigʻinishgan. Uni Xudo deb 
bilishgan va tan olishgan. Balki Nitshe ana shu eʼtiqodlar va taqvolar xilma-
xilligiga barham berib, zardushtiylikning yakkaxudolik gʻoyasini qoʻllab-
quvvatlagandir. 
Nitshe “Xudo oʻldi” iborasini birinchi marta “Zardusht tavallosi”ni 
yozmasidan oldin, 1882 yili nashr etilgan “Quvnoq fan” asarida ishlatdi. Kitob 
uslubi, inson va hayot muammolarining falsafiy yechimlari jihatidan alohida 
ajralib turadi. U beshta kitobdan va 383 parchadan iborat. Unda Nitshe 
yovuzlikning mohiyati, sanʼat va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlik, mantiq qonuniyatlari 
asosida olamni tartibga solib turadigan, uning muvozanatini saqlaydigan Ilohiy 
kuch toʻgʻrisidagi oʻta jiddiy gʻoyalarini ilgari suradi va oʻzining mashhur, ayni 
paytda munozarali iborasini ishlatadi. 
Nitshening “Xudo oʻldi” iborasi dunyo faylasuflari tomonidan katta qiziqish 
bilan oʻrganilmoqda. Biroq hali hamon uning toʻliq yechimi topilgan emas. Ushbu 
ibora haqida fikr yuritar ekanmiz, allomaning “Quvnoq fan” kitobining “Telba” 
nomli 125 qismiga eʼtibor berishga toʻgʻri keladi. Telba kunning oʻrtasida qoʻlida 
yonib turgan chiroqni koʻtarib, koʻchada bor ovozi bilan: “Xudoni qidiryapman! 
Xudoni qidiryapman!” deb baqirib yuradi. Maydonda bir guruh odamlar 
suhbatlashib turganini koʻrib, ularning oldiga boradi. Telbaning gaplarini 
eshitganlardan biri: “Nima, U yoʻqoldimi?” deydi. “Butazorga yashirindi”, deydi 
boshqasi. Yana biri: “Balki bizdan qoʻrqqandir”, desa, boshqasi: “Suvga choʻkib 
ketdi”, deb telbani mazax qilishadi. Shunda telba shiddat bilan ularning orasiga 


17 
kirib, koʻzlarini chaqchaytirib, “Qayoqqa yoʻqoldi Xudo?! Hozir men sizlarga 
aytaman! Biz Uni oʻldirdik – siz va men! Biz hammamiz Xudoning qotilimiz! Ana 
shunaqa, biz uning qotilimiz!” deydi. Xoxolab turgan odamlar birdaniga esankirab 
qolishadi. Shu topda ular telbaning esi pastligiga ham, oʻta aqlliligiga ham 
ishonishmasdi. Oʻzlarini yoʻqotib qoʻygan, qandaydir mavhum, iztirobli holatga 
tushgan odamlar hayrat bilan qarashardi. U esa soʻzini davom ettirib: “Ha, Uni biz 
oʻldirdik! Butun olam, biz hammamiz pichogʻimizdan sachragan qonlarga 
boʻyaldik. Bu qonni kim artadi? Uni qanday suv bilan yuvamiz?” deb tinmay 
gapirardi. Gʻazab bilan qoʻlidagi chiroqni yerga uradi. Chiroq chil-chil sinib, olovi 
oʻchadi va xoʻrsiniq, mungli ovozda: “Men dunyoga ancha vaqtli keldim. Hali 
mening davrim kelmagan. Hayratli va havas qilgulik voqealar hamon yoʻlda. U 
hali insoniyatga yetib kelmagan!..” deydi. 
Bu bilan Nitshe, birinchidan, insoniyat hali barkamol emas. U hali tarbiyaga 
ehtiyoj sezmoqda. Odamlarda Eʼtiqod, Adolat, Haqiqat tuygʻulari zaif. Aksincha, 
razolat, qabohat, munofiqlik va eʼtiqodsizlik inson qonida koʻpirmoqda, demoqchi. 
Ikkinchidan, telba voqeasi Nitshe falsafasidagi oliy odam tushunchasining oʻziga 
xos, betakror ifodasi. Bu gʻoyatda ogʻir, iztirobli ruhiy holat. Kishini chuqur 
oʻylashga, fikrlashga daʼvat etadigan, inson haqidagi tasavvurlarni ostin-ustun 
qiladigan, qalbingni larzaga solib, hissiy boʻhronlar va ruhiy toʻfonlar 
uygʻotadigan dramatizm. Balki fojeadir! 
“Xudo oʻldi!” deyishning oʻzi qanchalar ogʻir. Biroq Xudo bilan bandasi, 
Oliy xilqat bilan insoniyat oʻrtasidagi masofa odamlarning cheklangan 
dunyoqarashi, murakkab feʼl-atvori, sust eʼtiqodi, notoʻkis axloqiy va maʼnaviy 
darajasi tufayli ancha uzoqlashib ketmayaptimikan? Umuman olganda, telba 
qanday odam? U Nitshe tasavvurida rostdan ham aqli zaif odammi? Balki bunday 
emasdir. Chunki u jamiyatdan, atrofdagi odamlardan nafratlanyapti. Oliy haqiqatni 
izlayapti. Uni yoʻqotib, aniqrogʻi, uni unutib qoʻyishdan iztirob chekyapti. Buning 
uchun hammamizni aybdor deb hisoblayapti. 
Aslini olganda, Nitshening Xudoga munosabati uning eʼtiqodsizligi, 
xudosizligi yoki dinsizligidan emas. Uning uchun ilohiyot va ayni Xudo olamni 


18 
oliy darajada idrok etish, inson tasavvuridan tashqaridagi va fantastik xayolotdagi 
butkul mukammal, barkamol inson va mutlaq adolatli, kishilik jamiyati haqidagi 
orzu-armonining timsolidir. Ayni paytda bu ideal jamiyat, ideal shaxs haqidagi 
yunon, arab, xitoy va, umuman, Sharq falsafasining nitsheyona ifodasi deyishimiz 
mumkin. 
Oliy Haqiqat, olam sarvari – Alloh Nitshening nazarida barcha ezguliklar va 
fazilatlarning ramzi, himoyachisi va ifodasi. Telba esa bandalarining iymon-
eʼtiqod, burch va masʼuliyat, yaratuvchanlik va baxtli hayot orzusining timsoli. U 
oʻz eʼtiqodidan, bilganidan qaytmaydi, nimani oʻylasa, shuni gapiradi. Uni isbot 
qilib ham oʻtirmaydi. Unga buning qizigʻi ham, ahamiyati ham yoʻq. U oʻylaganini 
aytdi-qoʻydi. Uning fikri esa inson va jamiyat mohiyatini oʻzida mujassam etadi. 
Natijada oliy odam va ideal jamiyat gʻoyasi bilan singib ketadi. 
Nitshe falsafiy tafakkuridagi “Xudo” atoqli olim Martin Xaydegger 
xulosalariga koʻra yaxlit olamni, inson tasavvuriga sigʻmaydigan, uning aql-
idrokidan tashqaridagi cheksizlikni tushuntiradigan vosita. Xudo – eng oliy 
gʻoyalar, ideallar timsoli, barkamol obrazi
[5]

Xulosa qilib aytish mumkinki, Nitshe Sharq falsafasining katta bilimdoni. 
Sharq tafakkur tarzini chuqur oʻrgangan, unga eʼtiqod bilan qaragan va keng 
targʻib etgan dunyoviy allomalardan biri. Uning har bir asari oʻz davrida ham, 
hozir ham hayratomuz gʻoyalari, keskin farq qiluvchi yondashuvlari va betakror 
ifoda usuli bilan jahon jamoatchiligi diqqatini oʻziga tortmoqda. “Zardusht 
tavallosi” kitobi esa, ana shu hayratomuz ilmiy-ijodiy faoliyatning choʻqqisi 
hisoblanadi. 
Ta’riflanganidek, bu dinamit fikrlar shiddat bilan portlab, yana o’z ichidan 
go’zal va harakatchan — inkor qiluvchi va tasdiqlovchi fikrlarni yaratadi. Nitsshe 
falsafasining markazida inson turadi. Bu — axloq falsafasi degani. Nitsshe bu 
borada ilgarilab ketadi: illatlarni fazilat tarzida, fazilatlarni illat tarzida taqdim 
qiladi. Chunki uning nazdida inson shu darajada «axloqiylashib» ketganki, u 
ezguliksiz yashay olmaydi. Ammo gap shundaki, inson ezgulikni ko’proq niqob 
sifatida ishlatadi, natijada hamma yoqni soxta ezgulik, soxta fazilat bosib ketgan, 


19 
inson rosmana qadam tashlab yashashi uchun joy yo’q. Kishilarning o’zligini 
namoyon qila olmaganidan, chekiga tushgan vazifani bajarmaganidan, ko’tarilishi 
mumkin bo’lgan yuksaklikka ko’tarilmaganidan – maydalashib ketgan 
buyuklikdan g’azablanadi, alam bilan, jahl bilan fikrlaydi. Nitsshening «Zardo’sht 
tavallosi» asari faylasufning boshqa asarlaridan butunlay farq qiladi. Bu asarda 
Sharq falsafiy qarashlari ta’siri sezilib turadi. Uzoq olmon yurtida yashab, ijod 
qilgan muallifning bundan ikki yarim ming yil muqaddam bizning zaminda 
yashagan tarixiy shaxs – Zardo’shtni o’z asariga qahramon qilib olishi har qanday 
o’quvchi e’tiborini tortmasdan qolmaydi. «Zardo’sht tavallosi» – kuchli insonni 
tarbiyalashga qaratilgan asar. Sharq mumtoz adabiyotida «komil inson», ruslarda 
«sverxchelovek» deyiladi. Asarda «alo odam» ko’rinishida keladi. Asar to’lig’icha 
ramziy, timsollar asosida yaratilgan. O’qiyotganda buni albatta e’tiborga olish 
kerak. Chunki Nitsshe dunyo tan olgan mutlaq haqiqatlarning oyog’ini osmondan 
qilib tashlaydi, favqulodda shiddat o’quvchini batamom shoshirib qo’yadi. 
Mamlakatimiz rahbari asarlaridan birida yoshlarimiz xabardor bo’lishi kerak 
bo’lgan, dunyo tan olgan ko’p ulug’ faylasuflarni tilga olarkan, ular qatorida 
Fridrix Nitssheni ham sanab o’tgani bejiz emas. Siz ham buyuk nemis 
faylasufining «Zardo’sht tavallosi» deb atalgan g’aroyib asarini o’qib chiqing. 
Shunda yuqoridagi uzundan-uzoq kirish so’z behuda emasligini tushunib 
yetishingiz aniq. Asarni o’zbek tiliga taniqli mutarjim va olim Ibrohim G’afurov 
tarjima qilgan. 
Men uxlab qolibman, bir qo’y kelib boshimdagi chirmovuqdan to’qilgan 
chambarni yeb qo’yibdi, yana buning ustiga yeb turib: «Zardo’sht endi olim 
emas», debdi. U shunday deb kekkayib tumshug’ini ko’targancha bir chekkaga 
o’tib ketibdi. Menga buni bir bola aytib berdi. 
Men bolalar o’ynab yuradigan shu yerda, qulab yotgan devor etagida, 
qushqo’nmas va lolaqizg’aldoqlar o’sib yotgan joyda yotishni yaxshi ko’raman. 
Men hali ham bolalar uchun va shuningdek, qushqo’nmas va lolaqizg’aldoqlar 
uchun olimman. Ular hatto achchiqlanganlarida ham ma’sum begunohdirlar. 


20 
Ammo qo’ylar uchun men endi olim sanalmay qo’ydim: peshonam shunday ekan – 
mayli, qutlug’ bo’lsin! 
*** 
…odam bu – loyqa seldir. Bu loyqa selni o’ziga yutib yana toza qilmoq uchun 
faqat dengiz bo’lmoqlik kerakdir. 
*** 
Odam bu – hayvon bilan alo odam o’rtasida tortilmish arqon, — u tubsiz choh uzra 
osilib turadi. O’tmoq xatarli, yarim yo’lda qolmoq xatarli, orqaga o’girilib 
qaramoq xatarli, qo’rqish va to’xtash xatarli. 
*** 
Men sizlarga alo odam to’g’risida ta’limot keltirdim. Odam shunday bir 
xilqatdirki, undan oshib o’tmoq kerak. Siz undan o’tmoq uchun nima qildingiz? 
Shu damgacha barcha xilqatlar o’zidan yuqoriroq nedir bir narsa yaratdi. Siz shu 
ulug’ to’lqindan sachragan ko’pik bo’lib o’tirdingizmi? Odamdan o’tish o’rniga, 
tezroq, boz yana vahshiy hayvon tusiga kirishga oshiqdingizmi? 
*** 
Tabiat… birovlarni kuchli ruh, boshqalarni kuchli mushaklar va ehtiros bilan 
ajratadi, uchinchilari esa na unisiga, na bunisiga ega – o’rtamiyona odamlar… 
Zero, faqat ma’naviy jihatdan yuksak qobiliyat sohiblarigina chiroylilikka, 
go’zallikka doxil bo’lish huquqiga egadirlar; faqat ularga xos ezgulikkina zaiflik 
emas… Ular qiyinchiliklarni o’zlari uchun ne’mat deb biladilar, o’zgalarni ezib 
tashlaydigan og’irliklar bilan o’ynashadilar, bu ular uchun orom hisoblanadi. 
*** 
Vahshiylarga qaraganda odamlar orasida bo’lish xatarliroq ekan. 
*** 
…men aql bovar qilmas ishni istayman: men o’z g’ururimning o’z donoligim bilan 
birga bo’lishini istayman doim! 
*** 
Bola – ma’sumlik va unutishdir, yangi ish, yangi o’yin, o’z-o’zidan g’ildirab 
boruvchi g’ildirak, ilk harakat, tasdiqning muqaddas so’zi. 

Yüklə 130,17 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin